O'zbekistondan xabarlar 65-qism

O‘zbekiston va Qozog‘iston Bosh vazirlari “Markaziy Osiyo” xalqaro savdo-iqtisodiy hamkorlik markazi qurilishiga tamal toshi qo‘ydi.

1619381
O'zbekistondan xabarlar 65-qism

 

Kecha, 11-aprel kuni O‘zbekiston va Qozog‘iston davlatlarini bog‘lovchi chegara hududda (“G‘ishtko‘prik” – “Jіbek joli”) “Markaziy Osiyo” xalqaro savdo-iqtisodiy hamkorlik markaziga tamal toshi qo‘yish marosimi o‘tkazildi.

O’zbekiston hukumati rahbarining matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, tadbirda O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov va Qozog‘iston Bosh vaziri Askar Mamin ishtirok etdi.

So‘nggi yillarda ikki mamlakat rahbarlarining o‘zaro ishonch va do‘stlikka asoslangan samimiy, iliq munosabatlari tufayli O’zbekiston va Qozog’iston o‘rtasida yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik aloqalari yanada mustahkamlanib borayotgani, Prezidentlarning tashabbuslari va siyosiy irodalari tufayli ko‘p qirrali hamkorlik aloqalari yangi bosqichga ko‘tarilib, o‘zaro manfaatli loyihalar bilan boyitilayotgani ta’kidlandi.

“Markaziy Osiyo” xalqaro savdo-iqtisodiy hamkorlik markazi ushbu loyihalarning amaldagi ifodasidir.

Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan ushbu loyiha nafaqat ikki tomon uchun samarali bo‘ladi, balki mintaqada savdo-iqtisodiy aloqalar rivojiga ham qo‘shimcha turtki beradi.

Qozog‘istonga tashrif doirasida oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish yuzasidan o‘zaro fikr almashish va ikki tomonlama hamkorlikning keyingi bosqichlarini muhokama qilish maqsadida ikki mamlakat hukumatlari delegatsiyalari ishtirokida ishchi yig‘ilishi ham o‘tkazildi.

Yig‘ilishda qardosh xalqlar manfaatlari yo‘lida savdo-iqtisodiy, transport-logistika, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalarda erishilgan kelishuvlarni izchil amalga oshirishning maqbul yo‘llari atroflicha muhokama qilindi.

 

O‘zbekiston va Qatar tashqi ishlar vazirliklari rahbarlari o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish va uni ko‘p qirrali jihatga yo‘naltirishdan manfaatdorlik bildirdi

Kecha, 11-aprel kuni Qatar poytaxti Doha shahrida O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov va Qatar Bosh vaziri o‘rinbosari, tashqi ishlar vaziri Shayx Muhammad bin Abdulrahmon bin Josim Ol Soniy uchrashuvi bo’lib o’tdi.

O’zbekiston Tashqi ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, muloqot davomida siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, turizm, madaniy-gumanitar sohalardagi ikki tomonlama munosabatlarning holati va istiqbollari, tomonlarning xalqaro tuzilmalar doirasidagi o‘zaro aloqalari muhokama qilindi.

Tomonlar O‘zbekiston-Qatar hamkorligini yanada rivojlantirishdan manfaatdor ekanligini va uni ko‘p qirrali jihatga yo‘naltirishga xayrixohligini bildirdi.

Vazirlar yaqinda ikki mamlakat tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan siyosiy maslahatlashuvlarning samarali natijalarini mamnuniyat bilan qayd etdi va barcha darajalarda konstruktiv muloqotni davom ettirish zarurligini ta’kidladi.

Qatar Bosh vaziri o‘rinbosari, Tashqi ishlar vaziri barcha sohalarda aniq natijalarga erishishga qaratilgan ikki tomonlama hamkorlikning hozirgi darajasini yuqori baholadi. Vazirning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish bo‘yicha hamkorlik Qatar tashqi siyosatida ustuvor o‘rinlardan birini egallaydi.

Madaniy-gumanitar va turizm sohalarida o‘zaro aloqalarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.

Suhbat davomida tomonlar mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik boshqa masalalarni ham ko‘rib chiqdi.

 

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Dohada Qatar Amiri bilan uchrashdi

Amaliy tashrif bilan Doha shahriga kelgan O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov kecha, 11-aprel kuni Qatar Amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy tomonidan qabul qilindi.

O’zbekiston Tashqi ishlar vazirligining ma’lumotiga ko‘ra, vazir O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qatar Amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniyga yo‘llagan maktubini yetkazdi.

Suhbat davomida O‘zbekiston-Qatar munosabatlarining hozirgi holati va rivojlanish istiqbollari muhokama qilindi, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasidagi o‘zaro aloqalarning dolzarb jihatlari to‘g‘risida fikr almashildi.

O‘zbekiston va Qatar ko‘p qirrali ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun muhim salohiyatga ega ekanligi ta’kidlandi.

Tomonlar o‘zaro siyosiy muloqotni faollashtirish, shuningdek, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sohalarda hamkorlikni sezilarli darajada oshirish zarurligini ta’kidladi.

Afg‘onistonda uzoq muddatli tinchlikka erishish va xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha afg‘onlararo muzokaralarni ilgari surishning muhimligi ta’kidlandi.

Qatar tomoni O‘zbekistonning Afg‘onistondagi tinchlik jarayonini qo‘llab-quvvatlash borasidagi sa’y-harakatlarini yuqori baholadi.

Muzokaralarda ikki tomon kun tartibidagi boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi.

 

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri va Qatar savdo-sanoat vaziri savdo aloqalarini rivojlantirish, sanoat kooperatsiyasi loyihalarini amalga oshirish hamda qo‘shma iqtisodiy tadbirlarni o‘tkazish masalalarini muhokama qildi.

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Dohada Qatar savdo va sanoat vaziri Ali bin Ahmad al-Kuvariy bilan uchrashdi.

O’zbekiston Tashqi ishlar vazirligining ma’lumotiga ko‘ra, uchrashuvda tomonlar savdo aloqalarini rivojlantirish, sanoat kooperatsiyasi loyihalarini amalga oshirish, shuningdek, qo‘shma iqtisodiy tadbirlarni o‘tkazish masalalarini muhokama qildi.

Suhbat davomida Qatar tomoniga O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli iqtisodiy islohotlar, investitsiya faoliyati, jumladan, erkin iqtisodiy zonalarda qulay shart-sharoitlar yaratish va davlat korxonalarini xususiylashtirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berildi.

Hamkorlikni rivojlantirish uchun tomonlarda ishga solinmagan ulkan salohiyat mavjudligini tasdiqlar ekan, Qatar savdo va sanoat vaziri iqtisodiyotning tomonlarni qiziqtirgan barcha sohalarida savdo va investitsiyaviy aloqalarni faollashtirish zarurligini ta’kidladi.

Qatar tomoni, avvalambor, oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha qo‘shma investitsiya loyihalarini ishlab chiqishga, O‘zbekistonning turizm infratuzilmasini rivojlantirishda ishtirok etishga qiziqish bildirdi.

Uchrashuv davomida Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo qo‘shma komissiya yig‘ilishiga tayyorgarlik ko‘rish, ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni faollashtirish to‘g‘risida kelishuvlarga erishildi.

 

 

 


Tanlangan kalimalar: #Abdulaziz Komilov , #Qatar , #O'zbekiston

Aloqador xabarlar