Yevroosiyo kun tartibi 67 - qism

Dasturimizning bugungi sonida 31 - mart kuni bo‘lib o‘tgan Turk kengashining norasmiy sammiti haqida so‘z qilamiz.

1617277
Yevroosiyo kun tartibi 67 - qism

2021 - yilning 31 - marti kuni Turk kengashining sammiti bo‘lib o‘tdi. Ushbu sammit Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim Jo‘mart To‘qayev raisligida “Turkiston: Turk dunyosining ma’naviy poytaxtlaridan biri" deb nomlandi. Unda Ozarbayjon, Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Turkiya, Turkmaniston va Vengriya prezidentlari; Turk kengashi, Turk akademiyasi kabi Turk dunyosining xalqaro tashkilotlari raislari, Turk Kengashining faxriy raisi Nursulton Nazarboyev ishtirok etdilar.

Sammitda Turk dunyosining kelajagi bilan bog‘liq muhim masalalar hal qilindi. Sammit yakunida Turkiston deklaratsiyasi qabul qilindi. Shunday ekan keling, biz deklaratsiyada aks etgan asosiy qarorlarga to‘xtalib o‘taylik:

Qozog‘istonning Turkiston shahri Turk dunyosining ma’naviy poytaxtlaridan biri deb e’lon qilindi. Ushbu masala turk tsivilizatsiyasini tanitish va o‘rganish, yosh avlodni turk ongi bilan voyaga yetkazish kabi jihatlardan alohida o‘ringa ega.

Turk tilida so‘zlashuvchi davlatlar hamkorlik kengashining nomini, Turkiyada kuz mavsumida uyushtirilishi rejalashtirilgan sakkizinchi sammitda o‘zgartirilishi haqida ko‘rsatmalar berildi. Oxir oqibat, tashkilot o‘z nomiga ega bo‘ladi va bundan buyon u to‘laqonli xalqaro tashkilot sifatida yanada samarali faoliyat olib boradi.

“Turk nigohi - 2040” konseptual hujjatining navbatdagi sammitda imzolanishi uchun tayyorgarlikni yakunlash to‘g‘risida buyruq berildi. “Turk nigohi - 2040” konseptual hujjati Turk tilida so‘zlashuvchi respublikalar va Turk kengashining kelajagini belgilaydigan mazmunli hujjatdir. Turk tilida so‘zlashuvchi respublikalar o‘rtasidagi integratsiyaning rejalashtirilgan va dasturlashtirilgan tarzda amalga oshirilishi quvonarli.

Sammitda Qorabog‘ muammosining hal etilishidan tuyilgan hursandchilik bildirilib, Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasidagi munosabatlarning normallashishining qo‘llab-quvvatlangani ifoda etildi. Ma’lum bo‘lganidek, 2020 - yilning 10 - noyabrida Turk dunyosi o‘rtasida quruqlik aloqalari qayta tiklandi. Shunday ekan Turk tilida so‘zlashuvchi respublika fuqarolari bundan buyon uchinchi davlatlar hududiga kirmay, bir - birlariga qatnashlari mumkin. Shu nuqtai nazardan, 2021 - yilning 1 - aprelida Ozarbayjon bilan Turkiya o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan vizasiz rejim, qolgan Turk respublikalarida ham kuchga kirsa nur ustiga nur bo‘lardi.

Sammitda shuningdek, Turk dunyosining adabiyot, san’at, ilm - fan va madaniyati sohalarida muvaffaqiyatga erishganlarga topshirish maqsadida Turk kengashining, Xalqaro Alishe’r Navoiy nomidagi mukofoti ta’sis etildi. 2021 - yili Yusuf Xos Hojib,  Nizomiy Ganjaviy, Yunus Emre, Mir Alishe’r Navoiy, Jambil Jabayev, Alixan Bo‘keyhan va Husayin Qarasayevning yubiley tadbirlarini tashkilotga a’zo davlatlarda muvofiqlashtirgan holda tashkil etishga qaror qilindi.

Onlayn tarzda o‘tkazilgan sammitda rahbarlar, Turk kengashi  tarkibida qo‘shma investitsiya jamg‘armasi va qo‘shma bank tashkil etilishini taklif qildilar. Ta’kidlash kerakki, keyingi sammitlarda bu borada konkret, aniq qadamlar tashlanishi mumkin. Chunki bu sohadagi hamkorlikni maksimal darajada olib chiqish vaqti keldi.

Turk kengashi jamoasi Covid - 19 jarayonida muvaffaqiyatli koordinatsiyani namoyish etdi. Dunyoda birinchi marotaba pandemiya sammitini tashkil etish orqali ular pandemiya yuzasidan yetkazilgan zararni minimallashtirishga, tashkilotga a’zo davlatlar o‘rtasidagi munosabatlarning uzilishining oldini olishga va birdamlikni ta’minlashga katta hissa qo‘shdilar. Namoyish etilgan ushbu muvaffaqiyat, tashkilotning bundan buyon yana - da samarali faoliyat olib borishni davom etishining ko‘rsatkichidir.


Tanlangan kalimalar: #Turkiston , #Turk kengashi

Aloqador xabarlar