O'zbekistondan xabarlar 64-qism

Kecha, 4-aprel kuni Eron tashqi ishlar vaziri Muhammad Javod Zarif boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekistonga tashrif buyurdi.

1614996
O'zbekistondan xabarlar 64-qism

 

5-aprel kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston-Eron muzokaralarida siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-logistika va boshqa sohalardagi O‘zbekiston-Eron aloqalarining hozirgi holati va rivojlanish istiqbollarini muhokama qilish rejalashtirilgan.

Shuningdek, tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik masalalar yuzasidan ham fikr almashiladi.

Tashrif dasturiga binoan Eron Tashqi ishlar vazirligi rahbarining “Hazrati Imom” majmuasi va Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurishi, Toshkentning diqqatga sazovor joylari bilan tanishishi kutilmoqda.

Muhammad Javod Zarif 5−8 aprel kunlari Markaziy Osiyo bo‘ylab safari doirasida Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Turkmanistonga ham tashrif buyuradi.

10 fevral kuni Iran Aseman Airlines aviakompaniyasi O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida mart oyidan boshlab Toshkent-Tehron va Tehron-Buxoro yo‘nalishlari bo‘yicha parvozlarni boshlash istagini bildirgandi. Hozircha gap charter reyslari haqida ketmoqda. Biroq kelgusida muntazam reyslarni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.

Noyabr oyi boshida Eronning O‘zbekistondagi elchisi Hamid Nayrabodi ikki mamlakat fuqarolari uchun vizalarni bekor qilish va bojxona to‘lovlarini pasaytirishi tarafdori ekanligini ma’lum qilgandi.

Shu bilan birga, u ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmini oshiradigan Savdo imtiyozlari to‘g‘risidagi Bitim loyihasi ustida ishlarning yakunlanganliginini ta’kidlagandi.

 

Turkiya kompaniyasi Toshkent viloyatida umumiy quvvati 470 Mvt bo‘lgan 2 ta issiqlik elektr stansiyasi qurmoqda.

O’zbekistonning Toshkent viloyatida Turkiyaning “Aksa Enerji” kompaniyasi bilan hamkorlikda quvvati 240 MVt bo‘lgan bug‘-gaz elektr stansiyasi va quvvati 230 MVt bo‘lgan gaz-porshenli elektr stansiyasini qurish investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Stansiya Qibray tumani  hududidagi 7 gektar yer maydonida barpo etilmoqda.

Loyihaning umumiy qiymati 300 million dollarni tashkil qiladi. U “Aksa Enerji” kompaniyasi tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hisobiga to‘liq moliyalashtiriladi. Stansiyalar joriy yilning to‘rtinchi choragida ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Natijada yiliga 3,9 milliard kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Ushbu loyihani amalga oshirish hisobiga yiliga 550 million kubometr tabiiy gaz tejab qolinadi.

Mazkur loyiha O’zbekiston prezidentining 2020 yil 13 avgustdagi “Toshkent viloyatida quvvati 240 MVt bo‘lgan issiqlik elektr stansiyasi qurilishini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi va joriy yil 4 martdagi “Toshkent viloyatida quvvati 240 MVt bo‘lgan bug‘-gaz elektr stansiyasi va quvvati 230 MVt bo‘lgan gaz-porshenli elektr stansiyasini qurish” hamda “Buxoro viloyatida quvvati 270 MVt bo‘lgan gaz-porshenli elektr stansiyasini qurish” investitsiya loyihalarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlari doirasida amalga oshirilmoqda.

Ayni paytda quvvati 240 MVt bo‘lgan bug‘-gaz elektr stansiyasida va 230 MVt bo‘lgan gaz-porshenli elektr stansiyasida qurilish ishlari boshlab yuborilgan. Shuningdek, Buxoro viloyatida umumiy quvvati 270 MVt bo‘lgan gaz-porshenli elektr stansiyasida qurilish ishlarini boshlash uchun yer maydonida o‘rganish ishlari olib borilmoqda.

Ushbu ob’yektlarning qurilishi davomida 900 nafar xodim ish bilan taʼminlanadi. Stansiyalar to‘liq ishga tushgach  esa 220 nafar yangi ish o‘rni yaratiladi.

 

O‘zbekiston va Afg‘oniston tibbiyot turizmi sohasida aloqalarni kengaytiradi

O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari - turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov Afg‘onistonning O’zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Ahmad Xolid Elmiy va afg‘on tadbirkorlari bilan uchrashdi.

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi maʼlumotiga ko‘ra, mehmonlar O‘zbekistonda turizm sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, yangi yo‘nalishlar va turistik mahsulotlar, “Uzbekistan SafeTravel GUARANTEED” sanitariya-epidemiologiya xavfsizligi tizimi bilan tanishdi.

O’zbekistonda sayyohlik yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish bo‘yicha qabul qilingan chora-tadbirlar muhokama qilindi.  Shuningdek, tomonlar O‘zbekistonda tibbiyot turizmini rivojlantirish uchun yaratilgan shart-sharoitlar va o‘ziga xos xususiyatlar haqida atroflicha fikr almashdi.

 

Rossiyalik haykaltaroshlar Jaloliddin Manguberdi haykali ustida ish olib bormoqda

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 22 martdagi farmoyishiga binoan Xorazm viloyatining Urganch shahrida Jaloliddin Manguberdi haykalini o‘rnatish belgilangan.

Ushbu munosabat bilan hozirgi kunda rossiyalik haykaltaroshlar Aleksandr Ustenko va Vitaliy Kazanskiy tomonidan Jaloliddin Manguberdi haykali  ustida ish olib borilmoqda.

Ayni paytda O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi Akmal Nur rahbarligida O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi a'zolari, haykaltarosh Jasvant Annazarov va Bahrom Norboev Rossiya Federatsiyasida xizmat safarida bo‘lib turibdi.

Ijodkorlar bu borada bajarilayotgan ishlarni yaqindan o‘rganish bilan birga haykal yaratilayotgan Moskva viloyatining Jukovskiy shahridagi “Lit-Art” haykaltaroshlik kombinatida rossiyalik ijodkorlarga ijodiy fikr-mulohazalarini bildirib, haykaldagi qahramon obrazini munosib aks ettirishda amaliy yordam bermoqda.

 

Yevropa parlamenti delegatsiyasi Buxoro viloyatiga tashrif buyurdi

Yevropa parlamentining Markaziy Osiyo mamlakatlari va Mo‘g‘uliston bilan aloqalar bo‘yicha delegatsiyasi raisi Fulvio Martushello Buxoro viloyatiga tashrif buyurdi.

Yevropa parlamenti delegatsiya a’zolari viloyat hokimi Botir Zaripov bilan uchrashdi.

Yevropa Ittifoqi bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlik kengayib borayotgani ta’kidlandi. Shuningdek, O’zbekistonda xorijiy investorlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar haqida ma’lumot berildi.

Ayni paytda viloyatda xorijiy investitsiya ishtirokidagi 300 dan ortiq korxona faoliyat ko‘rsatmoqda.

Fulvio Martushello Yevropa Ittifoqining O‘zbekiston bilan yaqin hamkorligidan foydalanib, yevropalik investorlarni viloyatga jalb qilish imkoniyati kengligini ta’kidladi. Bunda Buxoroda xalqaro aeroport mavjudligi muhim logistika qo‘rg‘oni vazifasini o‘taydi.

Yevropa davlatlarida viloyatning investitsion va turistik salohiyati haqidagi axborotlarni ko‘paytirish zarur. Chunonchi birgina Italiyaning o‘zida 50 dan ortiq kompaniya nomiga Buxoro so‘zi qo‘shilgan. Ushbu davlatlardagi kompaniyalar bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik yo‘lga qo‘yilsa, viloyatda yangi-yangi loyihalarni ishga tushirish imkoni paydo bo‘ladi.

Muloqot yakunida viloyatning investitsion salohiyatiga oid videorolik namoyish qilindi. Yuqori martabali mehmon qadimiy Buxoroning diqqatga sazovor joylari bilan yaqindan tanishdi.

 


Tanlangan kalimalar: #Turkiya , #Eron , #Shavkat Mirziyoyev , #O'zbekiston

Aloqador xabarlar