O'zbekistondan xabarlar 60-qism

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘anni tavallud kuni bilan telefon orqali tabrikladi.

1594287
O'zbekistondan xabarlar 60-qism

 

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘anning telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Prezidenti Matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, davlat rahbari suhbat avvalida Turkiya Prezidentini tavallud kuni bilan samimiy tabriklab, unga mustahkam sog‘lik va katta muvaffaqiyatlar hamda birodar Turk xalqiga tinchlik, farovonlik va ravnaq tiladi. Prezident Erdog‘anning zamonaviy Turkiyaning barqaror taraqqiyotini taʼminlash, xalqaro maydonda mamlakat nufuzini oshirishdagi roli alohida qayd etildi.

Suhbatda ikki tomonlama va mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalar muhokama qilindi.

Ikki mamlakat yetakchilari oliy darajadagi muntazam muloqotlar pandemiyaning murakkab sharoitlarida ko‘p qirrali O‘zbekiston-Turkiya hamkorligining yuqori surʼatini saqlab qolishga xizmat qilayotganini taʼkidladilar.

O‘zbekiston Prezidenti Turkiya hukumati tomonidan mamlakatda koronavirus infeksiyasi taraqalishiga qarshi kurashishda ko‘rsatilayotgan yordam va amaliy ko‘mak uchun  o‘z hamkasbiga yana bir bor minnatdorlik bildirdi.

Savdo, sanoat, energetika, infratuzilma, transport, qishloq xo‘jaligi sohalaridagi qo‘shma loyihalar, taʼlim va madaniy-gumanitar almashinuv dasturlarining amalga oshirilishi ham ko‘rib chiqildi.

O‘zaro tovar ayirboshlash va investitsiyalarni ko‘paytirish uchun qulay shart-sharoitlarni shakllantirish, shu jumladan, Preferensial savdo to‘g‘risidagi bitimni tez fursatda tayyorlash va qabul qilish muhimligi qayd etildi. Investitsiya muhitini takomillashtirish, hududlarni jadal industrial rivojlantirish, maxsus iqtisodiy zonalar faoliyatini samarali tashkil etish masalalarida Turkiyaning ilg‘or tajribasini o‘rganish va joriy etishdagi hamkorlik faollashmoqda.

Davlat rahbarlari taʼlim, kinematografiya, madaniyat va turizm sohalarida qator ahamiyatli loyihalarni amalga oshirish muhim ekanini taʼkidladilar.

Shuningdek, bo‘lajak oliy va yuqori darajadagi ikki va ko‘p tomonlama tadbir va muloqotlar rejasi muhokama qilindi, jumladan, Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining bo‘lajak sammitiga tayyorgarlikning borishi ko‘rib chiqildi.

O‘zbekiston va Turkiya Prezidentlarining suhbati har doimgidek ochiq, do‘stona va o‘zaro ishonch ruhida o‘tdi.

 

Turkiyadan munosabat: Xalqaro miqyosda o‘z milliy munosabatini baland ovozda va baralla shaklda O‘zbek tilida aytish - bu O‘zbekiston rahbariga xos bo‘lgan jihat.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning  BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining  (IHK) 46-sessiyasidagi nutqi Turkiya siyosiy, jamoat va ilm-fan doiralari vakillari tomonidan  faol tahlil etilmoqda. Jumladan, Istanbul tijorat universiteti rektori, huquqiy fanlar doktori Yujel Ogurlu “Dunyo” AAga bergan intervyusida davlat rahbari tomonidan BMT minbarida ilgari surilgan takliflarning ahamiyatini eʼtirof etdi.

- O‘zbekiston deganda muhtasham moziyning buyuk nasimi, ildizlari chuqur madaniyatning rang-barang dunyosi, Turkiy madaniyatning beshigi ko‘z o‘ngimda namoyon bo‘ladi. Boshqalarda ham xuddi shunday tasavvur uyg‘onishiga aminman, - dedi Yujel Ogurlu. Qardosh O‘zbekistonda so‘nggi yillarda sodir bo‘layotgan yangiliklar, o‘zgarishlar va islohatlarni diqqat bilan kuzatib boraman. Amalga oshirilayotgan ishlarni ko‘rib esa xursand bo‘laman. O‘zbeklar tarixiga yarashadigan kelajak barpo etilmoqda. Ajdodlardan meros qolgan madaniyat qayta jonlanmoqda. Har tomonlama dunyoga bag‘rini ochgan qardosh O‘zbekiston tez surʼatlarda rivojlanib bormoqda, qo‘lga kiritayotgan muvaffaqiyatlari – salmoqli darajada. Xususan Turkiya va O‘zbekistonning bir-biriga uzatgan birodarlik qo‘llari tarix uchun yangi sahifalarni ochdi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 46-sessiyasida IHT aʼzosi sifatida birinchi marta qatnashib, o‘z nutqini O‘zbek tilida ifoda etdi. Bu juda muhim nuqta. Xalqaro miqyosda o‘z milliy munosabatini baland ovozda va baralla shaklda O‘zbek tilida aytish - bu O‘zbekiston rahbariga xos bo‘lgan jihat.

O‘tgan yili BMT Bosh Assambleyasi 75-sessiyasida qatnashgan Shavkat Mirziyoyev BMT minbaridan turib O‘zbek tilida so‘zlagan nutqi jamoatchilikning eʼtiborini qozongan edi. Mintaqada yuritayotgan tinchlikparvar siyosati, qo‘shni davlatlar bilan olib borayotgan do‘stona va birodarlik munosabatlari bilan tez-tez dunyo jamoatchiligi tiliga tushgan O‘zbekiston rahbari yuksak xalqaro minbarda o‘z ona tilida so‘zlab, jamiki O‘zbeklar ko‘ksini faxrga to‘ldirgan edi. Ishoning, o‘sha paytda bizning ham boshimiz osmonga yetgan edi. Chunki O‘zbek xalqini faxrlantirgan, g‘ururlantirgan har qanday ulug‘ ish biz Turk xalqining ham faxrimiz va iftixorimizdir. Ushbu voqealar Markaziy Osiyo taqdiriga taʼsir ko‘rsatib, O‘zbekiston va qo‘shni qardosh davlatlar manfaatlariga xizmat qilayotgan o‘zgarishlardan darak beradi.

Markaziy Osiyo davlatlari orasida aholi soni bilan yetakchi bo‘lgan O‘zbekiston o‘zining buyuk tarixi kabi buguni va kelajagida ham yangi islohotlari bilan mintaqaning ilg‘or davlati bo‘lishiga ishonchim komil. Prezident Shakat Mirziyoyev BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashida «Demokratik islohotlarimiz yangi O‘zbekistonni bunyod etishga qaratilgan bo‘lib, bu o‘zgarishlar ortga qaytmaydigan tus oldi» deganida, uning qanchalik haq ekaniga va ko‘zlagan maqsadlari yo‘lida muvaffaqiyatli odimlashiga yana bir karra amin bo‘ldim.

 

Turkmaniston Prezidenti O‘zbekiston Prezidentiga maktub yo‘lladi

O‘zbekiston Prezidentining rasmiy veb-saytida Turkmaniston Prezidentining Shavkat Mirziyoyevga yo‘llagan maktubi nashr etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

 Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Muhtaram Shavkat Miromonovich!

Aziz qardoshim!

Mening nomimga yo‘llangan, Turkmaniston va O‘zbekiston o‘rtasidagi anʼanaviy qardoshlik aloqalari chuqur tahlil qilinib, mamlakatlarimiz hamkorligini mustahkamlash uchun keng imkoniyatlar mavjudligi qayd etilgan maktubingiz uchun Sizga chuqur minnatdorlik bildirish sharafiga muyassarman.

Sizning ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollari haqidagi fikrlaringizni to‘liq qo‘llab-quvvatlar ekanman, men Turkmaniston va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasidagi munosabatlar strategik sheriklik xarakteriga ega ekanligini alohida taʼkidlamoqchiman.

Xalqlarimiz o‘rtasida yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro hurmat va qo‘llab-quvvatlash tamoyillariga muvofiq ko‘p yillardan buyon jadal rivojlanib kelayotgan do‘stlik va qardoshlik aloqalari bugungi kunda yangi mazmun kasb etganini katta mamnuniyat bilan qayd etmoqchiman.

Oliy va yuqori darajadagi doimiy muloqotlar ikki tomonlama hamkorlikning yuksak darajasini taʼminlashda muhim o‘rin tutmoqda. Siz bilan Ashxobod va Toshkentda bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarimizni, ularda Turkmaniston-O‘zbekiston munosabatlarining turli jihatlarini muhokama qilganimiz, ko‘plab muhim madaniyat maskanlarining ochilishida qatnashganimizni alohida yorqin taassurotlar bilan eslayman.

Toshkent shahrida Turkman shoiri va faylasufi, mumtoz va adabiyotimiz namoyandasi Maxtumquli sharafiga nomlangan ko‘cha hamda uning siymosi tasvirlangan yodgorlik, “Ashxobod” madaniyat va istirohat bog‘i, shuningdek, Xorazm viloyatida O‘zbekiston-Turkmaniston do‘stlik uyi va «Ulli hovli» madaniy majmuasining ochilishi xalqlarimizning abadiy do‘stligi va birodarligining yorqin ramzi bo‘lib xizmat qilmoqda.

O‘z navbatida, Turkmaniston poytaxtidagi “Ilhom” markaziy xiyobonida Sharqning buyuk shoiri va mutafakkiri Alisher Navoiyning ulkan yodgorlik o‘rnatildi va Ashxabodning bevosita Prezident saroyiga yaqin markaziy ko‘chalaridan biriga ulug‘ shoirning nomi berildi.

Bundan tashqari, 2017 yilda Sizning Turkmanistonga davlat tashrifingiz doirasida Turkmanobod shahrida O‘zbek xalqining buyuk o‘g‘loni, atoqli davlat va siyosat arbobi, O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimov haykali ochildi, uning nomi Lebap viloyatining maʼmuriy markazi ko‘chalaridan biriga berildi.

Hurmatli Shavkat Miromonovich!

Ayni vaqtda Sizga shuni ham maʼlum qilmoqchimanki, kuni kecha Ashxobod markazida O‘zbekiston poytaxti sharafiga zamonaviy “Toshkent” madaniyat va istirohat bog‘ini loyihalashtirish va qurish uchun tender eʼlon qilindi.

Shu munosabat bilan O‘zbekiston kompaniyalarini ushbu tenderda ishtirok etishga taklif qilaman.

Shu bilan birga yana bir muhim yangilikni sizga yetkazmoqchiman. Yaqinda biz 2020 yilgi eng namunali ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy ko‘rsatkichlar bo‘yicha Turkmaniston tumanlari o‘rtasida o‘tkazilgan tanlov g‘olibini eʼlon qildik. Ushbu tanlovda Toshhovuz viloyatining S.A.Niyozov tumani g‘olib bo‘lib, 1 million AQSH dollari miqdorida mukofotga sazovor bo‘ldi. Ushbu tuman aholisining 99 foizini O‘zbeklar tashkil etishini taʼkidlash menga mamnuniyat bag‘ishlaydi.

Madaniy-gumanitar aloqalar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarni ravnaq toptirishda muhim rol o‘ynaydi. Ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirar ekanmiz, biz Turkman va O‘zbek xalqlarining azaliy birodarlik va o‘zaro mehr-oqibat anʼanalariga, ularning tub maʼnaviy va tarixiy qadriyatlari mushtarakligiga tayanamiz.

Shu nuqtai nazardan, 2021 yil 17 fevral kuni Ashxabodda buyuk shoir va davlat arbobi Zaxiriddin Muhammad Bobur tavalludining 538 yilligiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tganini taʼkidlash ham menga mamnuniyat bag‘ishlaydi.

Bunday tadbirlarni o‘zaro o‘tkazib borish umumiy madaniyatlarimiz, tarixiy siymolarimizni ommalashtirishga katta hissa qo‘shadi, xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlaydi.

Aziz birodarim!

Turkmaniston ijobiy betaraflik tamoyillariga asoslanib,mintaqaviy va mintaqalararo hamkorlikda doimo faol ishtirok etmoqda.

Bugungi kunda Turkmaniston tashabbusi bilan mintaqaning barqaror taraqqiyotiga amaliy turtki berishga qaratilgan energetika, transport va kommunikatsiya sohalarida keng miqyosli mintaqalararo loyihalar amalga oshirilmoqda.

Yuqoridagi fikrlardan kelib chiqib, biz O‘zbekistonning 2021 yil 15-16 iyul kunlari Toshkent shahrida "Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik: tahdid va imkoniyatlar" mavzusida yuqori darajali xalqaro konferensiya o‘tkazishga doir tashabbusini olqishlaymiz va to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz.

Ushbu forumga katta ahamiyat bergan holda, Turkmaniston uning ishida ishtirok etish uchun rasmiy delegatsiyani yuboradi. Konferensiya ishi samarali bo‘ladi, uning natijalari esa Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi o‘zaro aloqalar va ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlashga salmoqli hissa qo‘shadi, deb ishonaman.

Fursatdan foydalanib, hurmatli Shavkat Miromonovich, Sizga mustahkam sog‘liq,

ko‘p qirrali davlatchilik faoliyatingizga katta muvaffaqiyatlar, qardosh O‘zbekiston xalqiga esa tinchlik, farovonlik va ravnaq tilayman.

Chuqur hurmat bilan,

Gurbanguli Berdimuhamedov,

Turkmaniston Prezidenti

 

O‘zbekiston-Qozog‘iston qo‘shma demarkatsiya komissiyasi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

Toshkent shahrida O‘zbekiston va Qozog‘iston hukumat delegatsiyalari ishtirokida O‘zbekiston-Qozog‘iston qo‘shma demarkatsiya komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi o‘z ishini yakunladi.

18-24 fevral kunlari tomonlar O‘zbekistonning Sirdaryo viloyati va Qozog‘istonning Turkiston viloyati chegaralari tutashgan uchastkada davlatlararo chegarasi demarkatsiyasining yakuniy hujjatlarini tayyorlash ishlarini  amalga oshirdi.

Komissiya yig‘ilishida O‘zbekistonning Toshkent va Jizzax viloyatlari hamda Qozog‘istonning Turkiston viloyati chegaralari tutashgan davlatlararo chegaraning alohida uchastkalarida dala tadqiqot ishlari o‘tkazildi.

Muzokaralar konstruktiv va do‘stona ruhda o‘tdi.

Keyingi yig‘ilishni joriy yil mart oyida Qozog‘istonda o‘tkazish  rejalashtirilgan.

 

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri va Afg‘oniston Prezidenti o‘rtasidagi uchrashuvda barcha sohalarda o‘zaro manfaatli yaqin aloqalarni yanada chuqurlashtirishga o‘zaro sodiqlik ta’kidlandi

Amaliy tashrif bilan Qobul shahriga kelgan O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov bugun  Afg‘oniston Prezidenti Ashraf G‘ani tomonidan qabul qilindi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

Tashqi ishlar vazirligi ma’lum qilishicha, vazir O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Afg‘oniston Prezidenti Ashraf G‘aniga yo‘llagan maktubini topshirdi.

Suhbat davomida O‘zbekiston-Afg‘oniston ko‘p qirrali munosabatlarining hozirgi holati va istiqbollari muhokama qilindi.

Ikki tomonlama hamkorlikning joriy yuqori darajasi mamnuniyat bilan qayd etildi va barcha sohalarda o‘zaro manfaatli yaqin aloqalarni yanada chuqurlashtirishga o‘zaro sodiq ekanliklari ta’kidlandi.

Prezident Ashraf G‘ani birodar Afg‘oniston xalqi nomidan Afg‘oniston zaminida tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, mamlakat iqtisodiyotini tiklashda har tomonlama qo‘llab-quvvatlayotgani uchun O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga samimiy minnatdorlik izhor etdi.

Afg‘onlararo siyosiy muzokaralarning uzoq muddatli tinchlik o‘rnatish va mamlakatda xavfsizlikni ta’minlashdagi muhim o‘rni qayd etildi.

Muzokaralarda ikki tomon kun tartibidagi boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi.

 

O‘zbekiston Prezidenti BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi sessiyasida nutq so‘zladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 46-sessiyasida nutq so‘zladi.

Davlatrahbarining nutqi "O'zbekiston", "O'zbekiston 24", "Zo'r TV", "Sevimli TV", “MY 5” (O‘zbek tilida), "Yoshlar", "Toshkent" (Rus tilida), "Uzreport TV", “Dunyo bo’ylab” (İngliz tilida) telekanallarida jonli tarzda efirga uzatildi.

Shuningdek, Prezident Matbuot xizmatining Facebook va YouTubedagi sahifalarida namoyish etildi.

 

 

Turkiyadan munosabat: O‘zbekiston Prezidenti jahon hamjamiyatini inson huquqlarini faolroq himoya qilishga chaqirmoqda


Turkiyalik siyosatshunos, Anqara AnkaSAM tahliliy markazining xalqaro sharhlovchisi Tugrul Chamash O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 46-sessiyasida so‘zlagan nutqiga o‘z munosabatini bildirdi.

Ekspert O‘zbekiston rahbarining BMT Inson huquqlari bo‘yicha Kengashining yuqori minbaridan so‘zlagan nutqi nafaqat mamlakatning faol tashqi siyosati hamda BMT bilan oliy darajadagi aloqalarining mantiqiy davomi, balki inson huquqlarini taʼminlash bo‘yicha global sheriklikni kengaytirishga qo‘shimcha turtki berishga qaratilgan yangi qadamidir, deb taʼkidladi. Tugrul Chamash mazkur tadbirning O‘zbekiston uchun tarixiy ahamiyatga ega ekaniga eʼtibor qaratib, mamlakat inson huquqlari sohasidagi nufuzli xalqaro institutda birinchi marta oliy darajada ishtirok etganini qayd etdi.

- Ochig‘ini aytganda, bundan bir necha yil avval O‘zbekiston Prezidentining BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashida nutq so‘zlab, inson huquqlari himoyasi bo‘yicha faoliyatni yanada faollashtirishga undashini tasavvur qilish qiyin edi, - deydi Turkiyalik mutaxassis. - Bugun Prezident Shavkat Mirziyoyev aynan shunday qildi va butun dunyoni inson huquqlarini taʼminlash sohasida yanada samarali qadamlar qo‘yishga chaqirdi! Shu bilan birga, uning o‘zi ham mazkur masalada o‘rnak ko‘rsatib, O‘zbekistonda misli ko‘rilmagan islohotlarni hayotga tadbiq etmoqda.

Davlat rahbari o‘z nutqida mamlakatda demokratik o‘zgarishlarni chuqurlashtirish va Inson huquqlari bo‘yicha kengash doirasidagi faoliyatning ustuvor yo‘nalishlari haqida batafsil maʼlumot berdi. 2020 yil yoz faslida Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonning inson huquqlari bo‘yicha milliy strategiyasini tasdiqladi. Ko‘rinib turibdiki, respublika keng miqyosli islohotlarni davom ettirish va butun dunyoda inson huquqlari rivojlanishiga hissa qo‘shishga sodiq qolmoqda.

Agar biz O‘zbekiston taraqqiyotidagi ushbu tendensiyani tahlil qilsak, u davlat rahbari tomonidan 2016 yil eʼlon qilingan islohotlar kun tartibiga mos kelishini ko‘rishimiz mumkin. O‘zbekiston fuqarolarni paxta terimiga majburan safarbar etishga barham berdi, mahbuslarni ozod qilish borasida sezilarli yutuqlarga erishdi, huquqni qo‘llash amaliyoti modernizatsiya qilindi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev milliy iqtisodiyotni tiklamoqda, mamlakatning xalqaro maydondagi rolini oshirishga muvaffaq bo‘ldi.

Shavkat Mirziyoyev rahbarligida inson huquqlari sohasida qo‘lga kiritilgan yutuqlar xalqaro sheriklar va inson huquqlarini himoya qilish tashkilotlari tomonidan ijobiy qabul qilindi. O‘tgan yil oktyabr oyida O‘zbekiston birinchi marta ushbu nufuzli xalqaro tuzilmaning aʼzosi etib saylandi.

Shuni taʼkidlash kerakki, BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi maqomi bo‘yicha mazkur xalqaro tashkilotning Xavfsizlik kengashi hamda Iqtisodiy va Ijtimoiy kengashi bilan teng darajaga ega. Inson huquqlari bo‘yicha kengash BMT tizimining butun dunyo bo‘ylab inson huquqlarini himoya qilishga qaratilgan eng nufuzli hukumatlararo organlaridan biridir. Uning tarkibiga 47 aʼzo-davlat kiradi. BMTning barcha aʼzo davlatlari Inson huquqlari bo‘yicha kengashi faoliyatida qatnashadi, biroq uning qarorlari faqat Kengashga aʼzo bo‘lgan mamlakatlar tomonidan qabul qilinadi. Nazariy jihatdan, barcha davlatlar Kengashga aʼzo bo‘lishi mumkin – buning uchun saylovda kamida 97 ta ovoz to‘plash kerak. O‘zbekiston o‘tgan yilgi saylovda Osiyo-Tinch okeani mintaqaviy guruhida eng ko‘p – 169 ta ovoz oldi.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining inson huquqlari bo‘yicha eng yirik tuzilmasiga O‘zbekistonning saylanishi mamlakatning inson huquqlari va erkinliklarini izchil mustahkamlash va himoya qilish borasidagi yutuqlarining eʼtirofi hamda ushbu sohada faol xalqaro hamkorlikka qatʼiy sodiq ekanining yorqin dalili bo‘ldi.


Tanlangan kalimalar: #Shavkat Mirziyoyev , #O'zbekiston

Aloqador xabarlar