O'zbekistondan xabarlar 54-qism

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘iziston Respublikasining saylangan Prezidenti Sadir Japarov bilan telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi.

1570008
O'zbekistondan xabarlar 54-qism

 

O‘zbekiston Prezidenti Sadir Japarovni Qirg‘iziston Prezidenti saylovidagi ishonchli g‘alabasi bilan tabrikladi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘iziston Respublikasining saylangan Prezidenti Sadir Japarov bilan telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmati ma’lum qilishicha, suhbat avvalida davlat rahbari Sadir Japarovni bo‘lib o‘tgan Prezident saylovidagi ishonchli g‘alabasi hamda Qirg‘iziston Konstitutsiyasiga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha referendumning muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan chin dildan tabrikladi.

Ushbu g‘oyatda muhim siyosiy tadbirlarning yakunlari mamlakat barqarorligi va izchil taraqqiyotini ta’minlash, aholi farovonligini oshirish uchun mustahkam zamin yaratishiga ishonch bildirildi.

O‘z navbatida, Sadir Japarov O‘zbekiston Prezidenti va ko‘p millatli xalqiga zamonaviy xatarlarni yengib o‘tishda va koronavirus pandemiyasi oqibatlariga qarshi kurashishda qardosh Qirg‘izistonga ko‘rsatilayotgan ko‘mak uchun minnatdorlik bildirdi.

Telefon muloqoti chog‘ida ikki tomonlama munosabatlar va mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.

Joriy yil O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, ishonch va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash, ularni sifat jihatidan yangi mazmun bilan boyitish davri bo‘lishi lozimligi qayd etildi.

O‘zbekiston-Qirg‘iziston ko‘p qirrali hamkorligini rivojlantirish borasida avval erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish muhim ekani alohida ta’kidlandi.

Bular, avvalo, Davlat chegaralarini delimitatsiya qilish borasidagi qo‘shma ishlarning natijadorligini oshirish, tovar ayirboshlashni ko‘paytirish, sanoat, energetika va qishloq xo‘jaligida kooperatsiyani kuchaytirish, hududlararo aloqalar va gumanitar almashinuvni kengaytirish, samarali transport kommunikatsiyalarini rivojlantirish bo‘yicha mintaqaviy loyihalarni amalga oshirish masalalari va boshqa jihatlar.

Hukumatlararo komissiyalar ishini faollashtirish, shuningdek, hamkorlikning muhim yo‘nalishlari bo‘yicha qator tadbirlar o‘tkazishga kelishib olindi.

Xalqaro tashkilotlar va mintaqaviy tuzilmalar doirasida aniq va konstruktiv muloqotni davom ettirish va o‘zaro qo‘llab-quvvatlashdan ikki tomon ham manfaatdor ekani ta’kidlandi.

Suhbat ochiq va do‘stona ruhda o‘tdi.

 

Toshkentda "Kim Vatanga sodiq bo‘lsa, mendirman o‘sha!" shiori ostida harbiy-vatanparvarlik festivali boshlandi

Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan Toshkent shahridagi "Xalqlar do‘stligi" sanʼat saroyi oldidagi maydonda "Kim Vatanga sodiq bo‘lsa, mendirman o‘sha!" shiori ostida harbiy-vatanparvarlik festivali boshlandi.

O‘zbekiston Mudofaa vazirligi maʼlumotiga ko‘ra, mazkur tadbir poytaxt mehmonlari, aholisi va o‘quvchi yoshlarni qamrab olmoqda. Dastlab milliy armiyamiz tarixi, kuch-qudrati, salohiyati haqida yig‘ilganlarga maʼlumotlar berildi. Jangovar texnikalar, qurol-aslahalar, aloqa vositalari ko‘rgazmasi tashkil etildi.

Tadbirda ayniqsa, kichkintoylarning ko‘zlarida harbiy akalariga nisbatan havas ifodalarini ko‘rish mumkin. Barchada bayram kayfiyati.Tadbirning badiiy qismida harbiylar, el suygan sanʼnatkorlar tomonidan ijro etilgan Vatanni madh etuvchi kuy-qo‘shiqlar ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat ulashmoqda.

Tadbir dasturidan O‘zbekiston Mudofaa, Ichki ishlar vazirliklari, Milliy gvardiyasi, DXX Chegara qo‘shinlari harbiy orkestrlarining  musiqiy chiqishlari, qo‘l jangi va qurol bilan saf mashqlarini bajarish bo‘yicha ko‘rgazmali chiqishlar va tarixiy jang sanʼati ko‘rinishlari, kinolog mutaxassislarning ko‘rgazmali chiqishlari o‘rin olgan.

Tashrif buyuruvchilar uchun zamonaviy harbiy texnika va qurol-aslahalar, aloqa vositalari bilan tanishtirishlari mumkin.

 

O‘zbekiston Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh qo‘mondonining Qurolli Kuchlar tashkil etilganligining 29 yilligi va Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan bayram tabrigi


 

Hurmatli askar va serjantlar, ofitser va generallar!

Qurolli Kuchlarimiz faxriylari!

Muhtaram vatandoshlar!

Avvalo, siz, azizlarni, sizlar orqali butun xalqimizni O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 29 yilligi va Vatan himoyachilari kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Ushbu qutlug‘ ayyom tom maʼnodagi umumxalq bayramiga, azaldan xalqimizga xos bo‘lgan vatanparvarlik, mardlik va jasurlik kabi yuksak fazilatlar timsoliga aylanib borayotgani barchamizni quvontiradi. 

Taʼkidlash kerakki, milliy armiyamizning kuch-qudrati azmu shijoatli va har ishda yetuk salohiyatli harbiy xizmatchilarimizning, bag‘rikeng va olijanob xalqimizning birligi va hamjihatligidadir. Bu haqiqatni bugungi kunda har qachongidan ham chuqur his etmoqdamiz.

Ishonchim komilki, ana shunday buyuk maʼnaviy qudrat manbai bor ekan, el-yurtimizning tinch va osoyishta hayoti, Vatanimiz mustaqilligiga hech qanday yovuz kuch raxna sololmaydi, demokratik islohotlarimiz yo‘lidan hech qachon ortga qaytara olmaydi.

Biz bahodir va dovyurak harbiylarimiz bilan – o‘zining muqaddas qasamyodiga sodiq qolib, xizmat burchini yerda ham, ko‘kda ham sharaf ila ado etayotgan yurtimizning zabardast o‘g‘lonlari bilan haqli ravishda faxrlanamiz.

Fursatdan foydalanib, Qurolli Kuchlarimiz saflarida xizmat qilayotgan qo‘rqmas va haqiqiy vatanparvar askar va ofitserlarning ota-onalariga, shuningdek, harbiy hayotning butun quvonch va tashvishlarini turmush o‘rtoqlari bilan baham ko‘rib kelayotgan mehribon va sabr toqatli rafiqalariga ulkan minnatdorlik bildiraman.

Biz sizlarning timsolingizda milliy armiyamizga tog‘dek tayanch bo‘lib turgan buyuk maʼnaviy kuchni ko‘ramiz. Bugungi ulug‘ ayyomda sizlarning ham Vatanimizning mudofaa qudratini oshirishda munosib hissangiz borligini yana bir bor katta mamnuniyat bilan eʼtirof etamiz.

Qadrli do‘stlar!

Biz bundan to‘rt yil oldin O‘zbekistonda harbiy qurilish sohasini tubdan isloh qilish bo‘yicha eng muhim va ustuvor yo‘nalishlarni belgilab olgan edik. Shu asosda mamlakatimiz mudofaa qobiliyatini mustahkamlash va Qurolli Kuchlarimizni rivojlantirish uchun keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirmoqdamiz. 

O‘tgan qisqa davrda yangi Mudofaa doktrinasi qabul qilindi, harbiy tuzilmalarning tarkibi va vazifalari chuqur qayta ko‘rib chiqildi, qo‘shinlarni boshqarish tizimi takomillashtirildi, milliy armiyamizni zamonaviy qurol-yarog‘ va texnika vositalari bilan taʼminlash bo‘yicha o‘ta muhim loyihalar amalga oshirildi. 

Tariximizda birinchi marta o‘z mohiyatiga ko‘ra noyob tizim – harbiy-maʼmuriy sektorlar tashkil etildi. Bunday ish usuli joylardagi davlat hokimiyati organlarini mamlakatimiz mudofaa qudratini mustahkamlashga faol jalb etish uchun imkon berdi. Eng muhimi, “Armiya va xalq – bir tanu bir jondir” degan ulug‘ g‘oyani amalda taʼminlashga xizmat qilmoqda. 

Ana shunday saʼy-harakatlarimiz natijasida bugungi kunda O‘zbekiston Qurolli Kuchlari respublikamiz mustaqilligi, xalqimizning tinch va osoyishta hayotini ishonchli himoya qilishning chinakam kafolati bo‘lmoqda. 

Eng asosiysi, milliy armiyamiz har qanday tahdid va xavf-xatarga qarshi munosib zarba bera oladigan el-yurt tayanchi va suyanchiga, yoshlar va harbiy xizmatchilarni vatanparvarlik va sadoqat ruhida tarbiyalashning muhim institutiga aylandi.

Albatta, o‘tgan 2020 yil jahondagi barcha davlatlar qatori mamlakatimiz uchun ham jiddiy sinovlar yili bo‘ldi. Biz koronavirus pandemiyasining tahdidiga, shuningdek, Buxoro va Sirdaryo viloyatlarida kutilmagan tabiiy va  texnogen ofatlarga duch keldik.

Ana shunday g‘oyat keskin sharoitda Qurolli Kuchlarimiz sohibqiron Amir Temur bobomizning “Millatning dardiga darmon bo‘lmoq – chin vazifangizdur”, degan ezgu daʼvatini o‘ziga shior qilib oldi. 

Ular xalqimizga yana-da yaqin bo‘lib, safarbarlikni oshirib, qisqa muddatlarda o‘z oldiga qo‘yilgan muhim vazifalarni munosib ado etganini barchamiz cheksiz minnatdorlik bilan qayd etamiz.

Ayniqsa, bu jarayonda harbiy shifokor va xizmatchilarimiz, huquq-tartibоt organlari va qutqaruv xizmati xodimlari haqiqiy mardlik va jasorat namunasini, yuqori kasbiy mahoratni namoyon etganlari alohida tahsin va eʼtirofga sazovordir.

Bunday murakkab vaziyatda Qurolli Kuchlar Harbiy tibbiyot akademiyasining tashkil etilgani aholi salomatligi va hayotini muhofaza qilish borasida oldimizga qo‘yilgan dolzarb vazifalarni tezkor va samarali hal etish imkonini beradi. 

Mintaqamizda yagona bo‘lgan ushbu yangi akademiya harbiy tibbiyot sohasida, favqulodda vaziyatlar oqibatlarini bartaraf etishda ishtirok etadigan yuqori malakali va ixtisoslashgan kadrlar tayyorlashga xizmat qiladi. 

Akademiyada jahon andozalariga mos innovatsion ishlanmalar hamda ilg‘or texnologiyalarga asoslangan o‘quv-laboratoriya xonalari va eng zamonaviy moddiy-texnik baza yaratilmoqda.

Milliy armiyamizning tashkiliy tuzilmalarini takomillashtirish bo‘yicha qabul qilingan chora-tadbirlar qo‘shinlarning jangovar tayyorgarligi, harbiy qudrati va salohiyatini yana-da oshirish imkonini berdi.

Pahlavon va bоtir o‘g‘lonlarimiz xalqaro harbiy-o‘quv mashg‘ulotlari, armiya va sport musobaqalarida dunyodagi yetakchi mamlakatlarning harbiy xizmatchilariga aslo bo‘sh kelmasdan, g‘alabaga bo‘lgan irodasini yaqqol namoyish etib, buyuk ajdodlarimizning munosib vorislari ekanini isbоtlamoqdalar.

Muhtaram vatandoshlar!

Biz global iqtisodiy inqiroz taʼsiriga qaramasdan, harbiy xizmatchilarimiz va ularning oila aʼzolarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, harbiy shaharchalarni obodonlashtirish, ularda zamonaviy infratuzilmalar barpo etish bo‘yicha tizimli ishlarimizni izchil davom ettirayapmiz.

Harbiy xizmatchilarning oila aʼzolari uchun qo‘shimcha ravishda ko‘plab yangi ish o‘rinlari yaratildi. 3 mingdan ziyod harbiy pensionerlar ishga joylashtirildi.Harbiy xizmatchilarning mingdan ortiq farzandlariga oliy o‘quv yurtlarida taʼlim olishlari uchun davlat grantlari ajratildi. 

Hech shubhasiz, Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yilida bu boradagi ishlarimizni yana-da kuchaytirib, mutlaqo yangi bosqichga ko‘taramiz. 

Yaqinda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Yoshlari forumida, Oliy Majlis va xalqimizga yo‘llagan Murojaatnomamizda ham ushbu yo‘nalishdagi chora-tadbirlarni aniq belgilab berdik. 

Yangi O‘zbekistonda yosh avlodning jismoniy va maʼnaviy sog‘lom, Ona Vatanga fidoyi va jonkuyar insonlar bo‘lib ulg‘ayishi, shonli tariximizdan ibrat olib, undan faxrlanib yashashi uchun barcha kuch va imkoniyatimizni to‘liq safarbar etamiz.

Jahonda mafkuraviy kurashlar keskin tus olayotgan, axborot makonida turli xavf-xatar va tahdidlar tobora ortib borayotgan hozirgi sharoitda barchamiz doimiy ogoh va sezgir, faol fuqarolik pozitsiyasiga ega bo‘lishimiz kerak. 

Ayniqsa, adashib, yot g‘oyalar taʼsiriga tushgan shaxslar va ularning farzandlarida mafkuraviy immunitetni shakllantirish va ularni sog‘lom turmush tarziga, to‘g‘ri yo‘lga qaytarishda harbiy xizmatchilarimiz davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikdagi ishlarni yana-da kuchaytirishi lozim. 

Hurmatli mard va jasur Vatan himoyachilari!

Bugun dunyoning olis va yaqin mintaqalarida murakkab mojaro va to‘qnashuvlar davom etayotgan bir paytda jonajon O‘zbekistonimizda tinchlik va xavfsizlikni taʼminlash borasidagi ishlarimizni yana-da samarali tashkil etishimiz shart. 

Xususan, mudofaa qobiliyatimizni mustahkamlash, qo‘shinlarni zamonaviy qurol-yarog‘ va texnikalar bilan taʼminlash, bo‘linmalarni boshqarishda axborot texnologiyalarini keng qo‘llash, jangovar tayyorgarlik va kasbiy mahoratni oshirish bundan keyin ham ustuvor vazifalarimiz bo‘lib qoladi. 

Hech shubhasiz, birgalikdagi saʼy-harakatlarimiz bilan ana shunday ezgu maqsad va marralarga erishishga, xalqimizning tinch mehnati, osoyishta hayotini, yurtimizning  musaffo osmonini ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylashga har tomonlama qodirmiz.

Hurmatli do‘stlar!

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 29 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni bilan siz, azizlarni va oila aʼzolaringizni yana bir bor chin yurakdan tabriklayman.

Barchangizga mustahkam sog‘liq, oilaviy baxt va saodat, sharafli va masʼuliyatli faoliyatingizda ulkan zafarlar tilayman.

Xalqimizning yuksak ishonchi va hurmat-ehtiromi sizlarga hamisha yor bo‘lsin!

Shavkat MIRZIYOYEV,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti,

Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni

 

O‘zbekiston yetti davlat bilan xalqaro aviareyslar bo‘yicha cheklov muddatini uzaytirdi

Respublika maxsus komissiyasi navbatdagi bayonot bilan chiqdi. Unga ko‘ra, yetti davlat bilan xalqaro aviareyslar bo‘yicha cheklov muddati joriy yilning 1 fevraliga qadar uzaytirildi.

Qayd etilishicha, oxirgi oylarda ayrim xorijiy mamlakatlarda, xususan, Buyuk Britaniya, Italiya, Daniya, Avstriya, Avstraliya, Niderlandiya va Janubiy Afrika Respublikasida yangi koronavirus infeksiyasi aniqlanish holatlari soni tubdan oshib ketganligi munosabati bilan, ushbu mamlakatlardagi epidemiologik vaziyatni inobatga olgan holda aksariyat Yevropa va boshqa davlatlar tomonidan epidemiologik vaziyatni murakkablashtirmaslik maqsadida yuqoridagi davlatlar bilan xalqaro aviatashuvlarni cheklash bo‘yicha qarorlar qabul qilingan edi.

“Shu jumladan, O‘zbekistondagi epidemiologik barqarorlikni saqlab qolish, koronavirus infeksiyasi tarqalishining yangi o‘choqlari paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida Respublika maxsus komissiyasining qarori bilan 2020 yil 21 dekabr sanasidan 2021 yil 10 yanvarga qadar Buyuk Britaniya, Italiya, Daniya, Avstriya, Avstraliya, Niderlandiya va Janubiy Afrika Respublikasi davlatlari bilan xalqaro aviareyslar (kirish, chiqish va tranzit reyslar orqali respublikaga kirish) to‘xtatilgan edi.

Bugungi kunga qadar yuqorida qayd etilgan mamlakatlarda epidemiologik vaziyat murakkabligi saqlanib qolganligi sababli 2021 yil 10 yanvariga qadar kiritilgan cheklov muddati Respublika maxsus komissiyasining qarori bilan joriy yilning 1 fevraliga qadar uzaytirildi”, - deyiladi bayonotda.

Buyuk Britaniya, Italiya, Daniya, Avstriya, Avstraliya, Niderlandiya va Janubiy Afrika Respublikasi davlatlarida so‘nggi 14 kun davomida bo‘lgan shaxslar yuqoridagi cheklov amal qilgan davr mobaynida O‘zbekistonga kiritilmasligi belgilangan.

Shuningdek, so‘nggi 14 kun davomida Buyuk Britaniya, Italiya, Daniya, Avstriya, Avstraliya, Niderlandiya va Janubiy Afrika Respublikasi davlatlarida bo‘lgan holda uchinchi davlatlar orqali O‘zbekistonga kirib kelayotgan O‘zbekiston fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar 14 kun davomida vaqtinchalik karantinda saqlash majmuasida yoki tegishli mehmonxonada karantinga olinishi tartibi davom ettiriladi.

Mazkur joriy etilayotgan cheklovlar ushbu davlatlardagi epidemiologik vaziyat barqarorlashgani sari bosqichma-bosqich bekor qilib boriladi, deyiladi ma'lumotda.

 

Turk kompaniyasi Uchqo‘rg‘on tumanida yirik diagnostika markazini quradi

Namangan viloyathokimligida  Turkiyaning «Kanimed Saglik Cozumleri LTD» kompaniyasi boshqaruv kengashi raisi Filiz Erdog‘an Marashlioglu bilan muzokaralar o‘tkazildi.

Namangan viloyati hokimligi manbasiga ko‘ra, Turk kompaniyasi Uchqo‘rg‘on tumanida «Zamonaviy diagnostika markazini tashkil etish» loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgan. Loyihani amalga oshirish uchun tumanning “Chek” mahallasi hududidan 0,2 gektar yer maydoni ajratib berildi.

Mazkur loyihaning umumiy qiymati 5 million dollarga teng. Markazda eng zamonaviy tibbiyot anjomlari yordamida 200 dan ortiq tibbiy tahlil namunalari olinishi ko‘zda tutilmoqda. Yuqori malakali turk shifokorlari taklif etilishidan tashqari mahalliy kadrlar uchun 50 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.

Viloyat hokimi Shavkatjon Abdurazzaqov muloqot davomida «Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili» deb eʼlon qilingan joriy yilda bu kabi loyihalarning ahamiyati yuqori ekanligini taʼkidlab, ularning amalga oshirilishi uchun barcha sharoitlar yaratib berilishini bildirdi.

— Hozirgi kunda kompaniyamizning diagnostika markazi Surxondaryo viloyatida faoliyat ko‘rsatmoqda, — dedi Filiz xonim. — Yana Toshkentda va Andijonda ham ana shunday markazlarni ochishni rejalashtirganmiz. Namangandagi markaz ko‘lami va sarflanayotgan mablag‘ jihatidan ularning ichida eng yirigi bo‘ladi.

Maʼlumot uchun, «Kanimed Saglik Cozumleri» kompaniyasi boshqaruv kengashi raisi Filiz Erdog‘an Marashlioglu  davlatimiz rahbarining tegishli farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 29 yilligi munosabati bilan 1-darajali “Salomatlik” ordeni bilan mukofotlangan.

 

14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan «Men g‘olib» shiori ostida ommaviy yugurish musobaqasi o‘tkazildi


Toshkent shahrida 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan «Men g‘olib» shiori ostida havaskorlar o‘rtasida ommaviy yugurish musobaqasi o‘tkazildi.

Ommaviy yugurish musobaqasi O‘zbekiston Mudofaa vazirligi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Milliy Olimpiya qo‘mitasi, O‘zbekiston triatlon hamda Yengil atletika federatsiyalari tashabbusi bilan tashkil etildi.

Yugurish musobaqasining umumiy uzunligi 10 km masofani tashkil etdi.Unda Qurolli kuchlar tarkibiga kiruvchi qariyb 300 nafar tuzilmalar xodimlari hamda havaskorlar g‘oliblik uchun bahs olib borishdi.

«Men g‘olib» shiori ostidagi ommaviy yugurish musobaqasining jamoaviy bahslarida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik Kengashi, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya, Ichki ishlar, Mudofaa va Favqulodda vaziyatlar vazirliklari hamda Davlat bojxona qo‘mitasi, shuningdek, turli soha vakillaridan iborat jamoalar ishtirok etdi.

Ushbu musobaqada umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni Mudofaa vazirligi jamoasi qo‘lga kiritgan bo‘lsa, ikkinchi o‘rinni Milliy gvardiya jamoasi egalladi. Faxrli 3-o‘rin Davlat xavfsizlik xizmati jamoasiga nasib etdi.

 Musobaqa g‘olib va sovrindorlari medal va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandilar.

 

 

 


Tanlangan kalimalar: #Shavkat Mirziyoyev , #O'zbekiston

Aloqador xabarlar