O'zbekistondan xabarlar 53-qism

O‘zbekiston Tashqi İshlar Vaziri AQSh delegatsiyasi bilan ikki tomonlama va ko‘pqirrali hamkorlikning dolzarb masalalarini muhokama qildi

1561267
O'zbekistondan xabarlar 53-qism

 

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov 9 yanvar kuni Amerika Qo‘shma Shtatlari Xalqaro taraqqiyotni moliyalashtirish korporatsiyasi bosh ijrochi direktori Adam Boler boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

TIV maʼlum qilishicha, delegatsiya tarkibidan AQSH Xalqaro Taraqqiyot Agentligi (YUSAID) administratori yordamchisi vazifasini bajaruvchi Xavyer Pedra, Davlat departamentining global ayollar muammolari bo‘yicha idorasi rahbari, alohida topshiriqlar bo‘yicha elchi Kelli Kyurri ham o‘rin olgan.

Uchrashuv chog‘ida ko‘p qirrali O‘zbekiston-AQSH munosabatlarini yanada chuqurlashtirish, Markaziy Osiyodagi mintaqaviy integratsiyani mustahkamlashda hamkorlik qilish, Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni faollashtirish masalalari muhokama qilindi.

Tomonlarning Strategik sheriklik muloqotini yo‘lga qo‘yish to‘g‘risidagi qarori mamnuniyat bilan qayd etilib, bu O‘zbekiston va AQSH o‘rtasida barcha yo‘nalishlardagi uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirishga zamin yaratishi taʼkidlandi.

Tomonlarni iqtisodiy taraqqiyot, qishloq xo‘jaligi va sog‘liqni saqlash tizimini modernizatsiya qilish kabi ustuvor sohalarida birgalikda ishlashga tayyorlik bildirildi.

Amerika tomoni O‘zbekistonning gender tenglik taʼminlash, mamlakatning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy hayotida ayollarning roli va mavqeini mustahkamlash borasida erishgan yutuqlarini yuqori baholadi.

Iqtisodiy aloqalar va savdoni rag‘batlantirishga yo‘naltirilgan mintaqalararo investitsiya va infratuzilma loyihalarini barpo etishning amaliy jihatlariga alohida eʼtibor qaratildi.

Uchrashuvda ikki tomon kun tartibining boshqa masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.

Muzokaralarda AQSH elchisi Deniel Rozenblyum ishtirok etdi.

 

O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasining majlisida joriy yilda o‘tkaziladigan prezident saylovlarini yuksak saviyada o‘tkazish vazifalari muhokama etildi

 7-Yanvar. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining majlisi bo‘lib o‘tdi.

Markaziy saylov komissiyasi manbasiga ko‘ra,  rais Mirzo Ulug‘bek Abdusalomov boshqargan majlisda pandemiya bilan bog‘liq murakkab sharoitga qaramasdan Markaziy saylov komissiyasi o‘tgan yilgi faoliyatini samarali davom ettirgani ta’kidlandi.

Majlis kun tartibidan YEXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi (DIIHB) Missiyasining O‘zbekistonda 2019 yil 22 dekabrda o‘tkazilgan saylovlarni kuzatish yuzasidan tavsiyalari, MSKning 2020 yilning ikkinchi yarmidagi faoliyati natijalari va 2021 yilning birinchi yarmi uchun ish rejasiga oid hamda Komissiya faoliyatini yanada takomillashtirishga doir ayrim nizomlar loyihalarini tasdiqlash bilan bog‘liq masalalar joy oldi.

Joriy yilda O‘zbekistonda muhim siyosiy voqea – prezident saylovlari o‘tkaziladi. Shu bois bo‘lajak saylovlarni milliy qonunchilik va umum’etirof etilgan xalqaro demokratik tamoyillar asosida yuqori darajada tashkil etishga hozirdan alohida e’tibor qaratmoqda. Bunda, o‘tgan saylovlarda orttirilgan milliy tajriba hamda xalqaro kuzatuvchilar tomonidan berilgan maqbul tavsiyalarni milliy saylov qonunchiligi va amaliyotiga tatbiq etish ishlari muhim o‘rin tutadi.

YEXHT Byurosining “Yangi O‘zbekiston – Yangi saylovlar” shiori ostida o‘tgan parlament saylovlarini kuzatgan to‘laqonli missiyasining Yakuniy hisobоtida O‘zbekistonda milliy saylov tizimidagi bir qator ijobiy o‘zgarishlar e’tirof etilgan. Jumladan, saylovlar takomillashgan qonunchilik asosida o‘tkazilgani va mustaqil, ochiq fikrlarga nisbatan erkin qarash muhitining oshgani alohida ta’kidlangan. Bu boradagi ishlarni sobitqadamlik bilan davom ettirish bo‘yicha tavsiyalar berilgan.

MSK qarori bilan yakuniy hisobоtda bildirilgan tavsiyalarni atroflicha o‘rganish va maqbullarini amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi hamda tegishli vazifalar belgilab olindi.

MSK kotibiyati va Markaziy saylov komissiyasining matbuot xizmati to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash to‘g‘risidagi qarori qabul qilindi. Hujjatga muvofiq matbuot xizmati Markaziy saylov komissiyasi raisiga bevosita bo‘ysunadigan alohida mustaqil bo‘lim sifatida faoliyat yuritadi. MSK tomonidan tashkil etiladigan tadbirlarni ommaviy axborot vositalarida yoritish, komissiya faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlashda matbuot xizmati kotibiyat bilan yaqindan hamkorlikni amalga oshiradi.

Majlisda “O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Axborotnomasi – Vestnik Sentralnoy izbiratelnoy komissii Respubliki Uzbekistan” jurnali to‘g‘risidagi nizom hamda uning tahrir hay’ati tarkibi tasdiqlandi.

Tadbirda, shuningdek,  O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining idoraviy arxiviga oid, hujjatlarning qiymatini aniqlash va ularni doimiy saqlovga topshirish bo‘yicha ekspert komissiyasiga doir  nizomlar ham tasdiqlandi.

Majlisda MSKning 2020 yilning ikkinchi yarmidagi faoliyati natijalari batafsil tahlil etilib, 2021 yilning birinchi yarmi uchun ish rejasi tasdiqlandi.

 

 

500 nafardan ziyod O‘zbekistonlik shifokorlar Turkiyalik mutaxassislar o‘tkazgan laparoskopiya jarrohligi bo‘yicha o‘quv kurslarida ishtirok etdilar

5-Yanvar. Innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasi O‘zbekistonning barcha  hududlaridan 500 nafardan ziyod shifokorlarni laparoskopiya jarrohligi xalqaro kurslarida malaka oshirishga jalb etdi.

Milliy palata maʼlumotiga ko‘ra, bugun laparoskopiya usulini o‘zlashtirgan jarrohlarga talab tobora o‘sib bormoqda. Har qanaqangi anʼanaviy jarrohlik operatsiyasi uchun tanani kesish zarur bo‘lsa, laparoskopiya uchun hajmi 1 santimetr bo‘lgan kovak yetarli bo‘ladi. Bu o‘zining kosmetik nuqtai nazardan samarasidan tashqari operatsiya vaqtining qisqaligini, bemorning tezroq sog‘ayishini ham taʼminlaydi. Albatta, bunda jarrohning yuqori professionalligi ahamiyatli.

Onlayn treninglarning imkoniyatidan kelib chiqib, Milliy palata O‘zbekistonning har bir viloyatidagi o‘zlarining hududiy bo‘linmalari orqali maksimal darajada O'zbekiston hududlaridagi bemorlarda laparoskopiya operatsiyasini o‘tkazishga qiziqqan amaliyotchi shifokorlarni jalb etishni maqsad qildi. Har bir ishtirokchiga trening dasturi, spikerlar ko‘taradigan mavzular, shuningdek, trening davomida namoyish etiladigan real operatsiyalar tahlili imkoniyatlari  taqdim etildi. Har bir qiziqqan shifokor o‘zining ishtirokini individual ro‘yxatdan o‘tkazish uchun havola qildi. Treningning spetsifikasidan kelib chiqib, ishtirokchilar tarkibiga shifokorlar, jumladan abdominal, akusher-ginekologlar, urologlar ham kiritildi.

Amaliy vebinar davomida laparoskopiya jarrohligi imkoniyatlari appenditsitlarda, grijada, urologik va boshqa ko‘rsatmalar bo‘yicha o‘tkazildi.

Shubhasiz, ushbu treningdan tibbiyot mutaxassislari va shuningdek, ularning bemorlari olgan eng muhim narsa — bu professionallik darajasining o‘sishi va laparoskopiya jarrohligi sohasida zamonaviy xalqaro tajriba. Shuningdek, xalqaro treningning o‘tkazilishi shifokorlarga kasbi bo‘yicha o‘qishiga sarf etgan soati hisobini yuritish imkonini beradi. Bu O‘zbekistonda bosqichma-bosqich joriy etilayotgan shifokorlarni litsenziyalash kredit-modul tizimining muhim qismi sanaladi.   

Bu borada Milliy palata tomonidan ushbu trening bir qismi bo‘lib qolgan  Hududiy sog‘liqni saqlash tizimini qo‘llab-quvvatlash dasturi qabul qilingan va amalga oshirilyapti. Mazkur dasturning asosiy yo‘nalishi — bu O‘zbekiston viloyatlarida ishlaydigan mutaxassislarni professional o‘sishning har xil imkoniyatlariga jalb etish. O‘zbekiston rahbariyatining eʼtibori mamlakat bo‘ylab sog‘liqni saqlash tizimidagi tibbiy xizmat sifatining o‘sishiga qaratilgan. O‘zbekistonning barcha viloyati shifokorlarining bunga faol javob qaytarishi ushbu yo‘nalishning qanchalik talabgor ekanligidan dalolatdir. Milliy palata rejasida Hududiy sog‘liqni saqlash tizimini qo‘llab-quvvatlash dasturini imkon qadar ko‘proq shifokorlarni qamrab oladigan har xil yo‘nalishlarda amalga oshirish, va u shifokorlarni ilg‘or xalqaro tajribalarga qo‘shish, ularda zamonaviy usullarni o‘zlashtirish amaliy ko‘nikmalarini shakllantirish ham nazarda tutilgan.

Seminarda faqat tegishli ro‘yxatdan o‘tgan kasbiy mutaxassislar ishtirok etishi mumkin edi. Shu munosabat bilan ro‘yxatdan o‘tgan mutaxassislar nafaqat qiziqib ishtirok etdilar, balki spikerlar bilan bitta kasbiy tilda so‘zlashib, faol savollar ham berdilar.

O‘zbekistondan ishtirok etgan har bir ishtirokchi Turkiya tomoni va Innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasidan tarkib topgan tashkilotchilarning sertifikatini oladi.

Amaliy vebinarni tashkil etishda Islom taraqqiyot banki ko‘magida Turkiya tomonidan TIKA agentligi, Istanbul Tibbiyot universiteti, Yevroosiyo sog‘liqni saqlash va ijtimoiy fanlar ilmiy-tadqiqot markazi vakillari ishtirok etdilar.

Shuni qo‘shimcha qilish lozimki, xalqaro treningda O‘zbekiston shifokorlaridan tashqari Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Ozarbayjon vakillari ham ishtirok etdilar. Jami, 1 ming 300 nafar sog‘liqni saqlash tizimi mutaxassislari bilimlarini oshirishga muvaffaq bo‘ldi. Bunda son jihatidan O‘zbekiston peshqadamlik qildi.

 

 

Afg‘onistonlik shifokorlar koronavirusga qarshi kurashda O‘zbekiston tajribasini o‘rganish keldilar

5-Yanvar. Afg‘oniston sog‘liqni saqlash vazirligining masʼul xodimlari  va shifokorlaridan  iborat delegatsiya O'zbekistonga tashrif buyurdi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi manbasiga ko‘ra, tashrifdan maqsad Afg‘onistonlik tibbiyot mutaxassislariga koronavirus infeksiyasining profilaktikasi, tarqalishining oldini olish, uning diagnostikasi va davolash bo‘yicha O‘zbekiston tajribasini  o‘rgatish, “COVID-19”ni davolashda zamonaviy va samarali usullarni qo‘llash bo‘yicha ularning amaliy ko‘nikmalarini va malakasini oshirishdan iborat.

20 nafar Afg‘onistonlik mutaxassisdan iborat delegatsiya  O‘zbekistonda o‘n kun davomida bo‘lib, maxsus o‘quv mashg‘ulotlarida ishtirok etadi. Ushbu mashg‘ulotlari koronavirus infeksiyasini davolash jarayonida bevosita qatnashgan professional mutaxassislartomonidan ishlab chiqilgan.

Shuningdek, o‘quv mashg‘ulotlari davomida  Afg‘oniston vakillari uchun  Zangiota tumanidagi 1- va  2-son yuqumli kasalliklar  shifoxonalarida mahorat darslari tashkil qilinadi. Bundan tashqari, mehmonlar ko‘p tarmoqli markaziy va oilaviy poliklinikalardagi hamkasblarining faoliyati bilan ham tanishadilar. Shuningdek, mehmonlarning Samarqand viloyatiga safari ham ko‘zda tutilgan.


Tanlangan kalimalar: #Turkiya , #O'zbekiston

Aloqador xabarlar