O'zbekistondan xabarlar 52-qism

O’zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 31 dekabr kuni Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an bilan telefon orqali muloqot qildi.

1557081
O'zbekistondan xabarlar 52-qism

 

O’zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 31 dekabr kuni Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an bilan telefon orqali muloqot qildi.

O’zbekiston Prezidenti matbuot xizmatining xabar berishicha, suhbat avvalida davlat rahbarlari kirib kelayotgan yangi 2021 yil munosabati bilan bir-birlarini samimiy tabriklab, ikki davlatning birodar xalqlariga tinchlik, farovonlik va ravnaq tiladilar.

Koronavirusning global miqyosda tarqalishi va jahon iqtisodiyotiga salbiy taʼsiri bilan bog‘liq murakkab sharoitda O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlik va ko‘p qirrali sheriklikni izchil rivojlantirishga erishilgani alohida taʼkidlandi.

Pandemiyaga qarshi kurashda ko‘rsatilgan yordam va amaliy ko‘mak uchun Turkiya tomoniga alohida minnatdorlik bildirildi.

Prezidentlar, shuningdek savdo-iqtisodiy sohadagi hamkorlik natijalarini ham mamnuniyat bilan qayd etdilar. Tovar ayirboshlash ko‘rsatkichlari va transport qatnovlari saqlab qolindi, bir yilda Turkiya investorlari ishtirokida 300 ta yangi korxona tashkil etildi. Ikki mamlakatning yetakchi kompaniyalari tomonidan energetika, shaharsozlik, infratuzilmani modernizatsiya qilish, qishloq xo‘jaligi va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida yirik loyihalar amalga oshirilmoqda.

Ustuvor yo‘nalishlarda amalga oshirilayotgan institutsional islohotlarni qo‘llab-quvvatlash uchun Turkiyadan malakali ekspert va maslahatchilar jalb qilingan.

Madaniy-gumanitar almashinuvlar dasturi kengaymoqda.

Yaqin yillarda tovar ayirboshlash hajmini 5 milliard dollarga yetkazish imkonini beradigan O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida savdo kelishuvini tez fursatda qabul qilish muhim ekani taʼkidlandi.

Davlat rahbarlari O‘zbekiston-Turkiya munosabatlarining butun salohiyatini samarali ishga solish va keng ko‘lamli hamkorlikni rivojlantirish lozimligini qayd etdilar.

Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi. 2021 yilgi ikki va ko‘p tomonlama tadbirlar rejasi ko‘rib chiqildi, ularga puxta tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha birinchi galdagi choralar belgilab olindi.

O‘zbekiston va Turkiya rahbarlarining telefon orqali muloqoti har doimgidek ishonch, ochiqlik va do‘stona ruhda bo’lib o‘tdi.

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 30-Dekabr kuni Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon bilan telefon orqali muloqot qildi.

Davlat rahbarlari kirib kelayotgan Yangi yil bilan bir-birlarini samimiy qutlab, O‘zbekiston va Tojikistonning birodar xalqlariga tinchlik, farovonlik va ravnaq tiladilar.

O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmati maʼlum qilishicha, suhbatda ikki tomonlama aloqalar va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar muhokama qilindi, O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yana-da mustahkamlashning birinchi galdagi vazifalari belgilandi.

Barqarorlik va xavfsizlikni taʼminlash, zamonaviy xatar va tahdidlarga qarshi kurashish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Amaliy hamkorlikni chuqurlashtirish, jumladan, tovar ayirboshlashni ko‘paytirish, qo‘shma kooperatsiya loyihalarini ilgari surish, hududlararo va madaniy-gumanitar almashinuvni kengaytirish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.

Davlat rahbarlari bo‘lajak ikki va ko‘p tomonlama tadbirlar rejasini ko‘rib chiqdilar. Mirziyoyev Tojikiston Prezidentiga 2021 yilda Shanxay hamkorlik tashkilotiga raislikda muvaffaqiyat tiladi.

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 30-Dekabr kuni Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev bilan telefon orqali muloqot qildi.

O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmati maʼlum qilishicha, suhbat avvalida O‘zbekiston va Qozog‘iston Prezidentlari bir-birlarini va ikki mamlakatning qardosh xalqlarini kirib kelayotgan yangi 2021 yil bilan samimiy tabrikladilar, tinchlik, farovonlik va ravnaq tiladilar.

O‘tayotgan yilning barcha xatar va qiyinchiliklariga qaramay, O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik rishtalari, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarining izchil rivojlanishi taʼminlanganligi alohida taʼkidlandi.

Davlat rahbarlari ikki tomonlama hamkorlikni, shu jumladan, savdo portfelini yana-da kengaytirish, investitsiya loyihalari, sanoat, qishloq xo‘jaligi, transport va energetika sohalarida aloqalarni chuqurlashtirish lozimligini qayd etdilar. Hududlar o‘rtasidagi yaqin hamkorlikni davom ettirish, madaniy-gumanitar almashinuvning keng dasturini amalga oshirishga katta eʼtibor qaratildi.

Prezidentlar, shuningdek, mintaqaviy hamkorlik istiqbollari yuzasidan fikr almashib, bo‘lajak oliy darajadagi tadbirlar  rejasini muhokama qildilar.

Davlat rahbari Qozog‘iston Prezidentiga 2021 yilda Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga muvaffaqiyatli raislik qilishini tiladi.

 

30-Dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Prezidenti matbuot xizmati maʼlum qilishicha, davlat rahbarlari bir-birlarini dildan qutlar ekanlar, kirib kelayotgan Yangi yil munosabati bilan samimiy tabriklar almashib, ikki mamlakatning birodar xalqlariga tinchlik, farovonlik, baxt-saodat, muvaffaqiyat va ravnaq tiladilar.

Koronavirus pandemiyasi keltirib chiqargan global inqiroz oqibatlariga qaramay, eski yilda O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik rishtalariga, yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro hurmat va ishonch tamoyillariga, o‘xshash tarix, madaniy va maʼnaviy qadriyatlar mushtarakligiga asoslangan strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashda katta natijalarga erishilgani taʼkidlandi.

Davlat rahbarlari 2021 yilda ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha qo‘shma rejalarni, shuningdek, ikki tomonlama aloqalar va xalqaro tuzilmalar, avvalo, Birlashgan Millatlar Tashkiloti doirasidagi bo‘lajak tadbirlar rejasini atroflicha ko‘rib chiqdilar.

Prezidentlar savdo, sanoat, qishloq xo‘jaligi va transport sohalaridagi hamkorlikni kengaytirishga, kelgusi yilda ishbilarmonlik va madaniy tadbirlarga boy dasturni amalga oshirishga kelishib oldilar.

Yangi yilda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining navbatdagi Maslahat uchrashuviga tayyorgarlik ko‘rish masalalari ham muhokama qilindi.

 

30-Dekabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Prezidenti Matbuot xizmati maʼlum qilishicha, ikki mamlakat rahbarlari bir-birlarini dildan qutlab, kirib kelayotgan yangi 2021 yil munosabati bilan samimiy tabriklar almashdilar, do‘st xalqlarga tinchlik, farovonlik va ravnaq tilaklarini izhor etdilar.

Koronavirusning global miqyosda tarqalishi bilan bog‘liq murakkab sharoitda ikki davlat pandemiyaga qarshi kurashish, jahon iqtisodiy va epidemiologik inqirozi oqibatlarini yengib o‘tishda bir-biriga har tomonlama yordamlashgani va amaliy ko‘mak ko‘rsatgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi. Bugungi kunda O‘zbekistonda Rossiya vaksinasini ishlab chiqarish bo‘yicha kooperatsiya  imkoniyatlari faol o‘rganilmoqda.

Yuzaga kelgan vaziyat va qiyinchiliklarga qaramay, barcha darajalardagi faol almashinuvlar davom ettirildi. Ikki tomonlama savdo ko‘rsatkichlari sezilarli o‘sishiga erishildi, sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha qator yirik loyihalar va madaniy-gumanitar hamkorlik dasturlari yo‘lga qo‘yildi.

Rossiya Federatsiyasi O‘zbekiston MDHga muvaffaqiyatli birinchi bor raislik qilishiga hamda O‘zbekiston Respublikasiga Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqida kuzatuvchi maqomi berilishiga salmoqli ko‘maklashdi.

Suhbat chog‘ida Prezidentlar mamlakatlar o‘rtasidagi do‘stlik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlashga bundan buyon ham qatʼiy intilishlari va bu borada birgalikdagi saʼy-harakatlarni davom ettirishlarini tasdiqladilar.

Kelgusi yil rejasiga kiritilgan ikki va ko‘p tomonlama tadbirlarga puxta tayyorgarlik ko‘rishga kelishib olindi.

O‘zbekiston va Rossiya rahbarlari xalqaro siyosat va mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalari yuzasidan ham fikr almashdilar.

Suhbat har doimgidek samimiy, ochiq va do‘stona ruhda o‘tdi.

 

 

 


Tanlangan kalimalar: #Shavkat Mirziyoyev , #O'zbekiston

Aloqador xabarlar