O'zbekistondan xabarlar 47-qism

O‘zbekiston va Afg‘oniston ta'lim sohasida hamkorlik qiladi.

1536642
O'zbekistondan xabarlar 47-qism

 

Joriy yilning 20 noyabr kuni Afg‘oniston hukumati delegatsiyasining Toshkentga tashrifi chog‘ida Afg‘oniston Oliy ta'lim vazirligi va O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi o‘rtasida afg‘on talabalarini O‘zbekistonga ta'lim olish uchun yuborish to‘g‘risida o‘zaro anglashuv memorandumini imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Imzolangan memorandumda har ikki mamlakat oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida hamkorlik qilish, jumladan, o‘quv materiallari bilan almashish, ta'lim tadbirlarida har ikki mamlakat mutaxassislarining o‘zaro ishtirokini ta'minlash, ilmiy-tadqiqot ishlarida o‘zaro hamkorlik qilish va ilmiy jurnallarda nashr va maqolalarni birgalikda tayyorlash shartlari hamda tartibi belgilandi.

Ta'lim sohasida hamkorlik qilish va ikki mamlakat oliy ta'lim muassasalari o‘rtasida aloqalarni yanada kengaytirish bo‘yicha kelishuvga O‘zbekiston hukumati delegatsiyasining Afg‘onistonga shu yilning oktyabr oyida amalga oshirilgan tashrifi chog‘ida erishildi.

Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi huzurida Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta'lim markazi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, Surxondaryo viloyati Termiz tumanida Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish markazi faoliyat yuritmoqda. 2018-2019 o‘quv yili davomida markazda 96 nafar talaba “O‘zbek tili va adabiyoti” yo‘nalishi bo‘yicha tahsil olib, barchasi Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining bakalavri darajasiga ega bo‘lishdi.

Hozirgi kunda markazda 172 nafar, jumladan, “O‘zbek tili va adabiyoti” yo‘nalishi bo‘yicha 119 nafar, “Yer usti transport tizimlari va ularning ekspluatatsiyasi” yo‘nalishi bo‘yicha 35 nafar, “Akusherlik, ginekologiya va hamshiralik ishi” yo‘nalishi bo‘yicha 18 nafar talaba tahsil olmoqda.

Bundan tashqari, shu yilning dekabr oyida Afg‘onistondan 10 nafar talabaning Yevropa ittifoqi ko‘magi va moliyalashtirishi asosida qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida tahsil olish uchun kelishi rejalashtirilgan.

 

Joriy yil 27-28 noyabr kunlari «Jahon turkologiyasining buyuk obidasi «Qutadg‘u bilig» va uni o‘rganishning dolzarb masalalari» mavzusida xalqaro onlayn-konferensiya bo‘lib o‘tdi.

 

Anjuman Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti tomonidan O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vazirligi, Turkiy Kengash, TURKSOY, Turkiyaning Istanbul, Marmara, Anqara, Xajettepe universitetlari, Etvosh Lorand nomidagi Budapesht universiteti, Boku davlat universiteti, M.Avezov nomidagi Janubiy Qozog‘iston universiteti, K.Karasayev nomidagi Bishkek davlat universiteti, Qozon Federal universiteti hamda Sankt-Peterburg davlat universiteti bilan hamkorlikda tashkil qilindi.

Qutadg‘u bilig» dostonining 950 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan ushbu yirik xalqaro konferensiyada Turkiy Kengash hamda uning aʼzo va kuzatuvchi davlatlari diplomatik missiyalari, turli mamlakatlar oliy taʼlim va ilmiy muassasalarining 200 dan ortiq vakili ishtirok etdi.

Konferensiyada «Qutadg‘u bilig»ning jahonshumul ahamiyati, asarning manbashunoslik va matnshunoslik asosidagi tadqiqi, g‘oyasi, poetikasi, tili, uslubiy xususiyatlari, Yusuf Xos Hojib merosi va sharq sivilizatsiyasi, falsafiy fikrlar taraqqiyoti singari muhim va dolzarb masalalar muhokama qilindi.

Onlayn-konferensiyada ishtirok etgan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi Bosh kotibi o‘rinbosari Mirvohid Azimov o‘z chiqishida Turkiy kengash bu kabi tadbirlar o‘tkazilishini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini aytdi.  Shuningdek, ulug‘ mutafakkir ajdodlarimizning so‘nmas xotirasi va merosini abadiylashtirish, ularning timsolida turkiy dunyoning ilm-fan va maʼrifat ruhini jahon hamjamiyatiga tarannum etish turkiy xalqlar oldida turgan ezgu vazifa ekanini taʼkidladi. Shu munosabat bilan, turkiy til va madaniy meʼrosni keng targ‘ib qilish uchun buyuk mutafakkir Mahmud al-Koshg‘ariyning «Devonu lug‘otit turk» asarini o‘rganish va uning asosiy jihatlarini yoshlar orasida targ‘ib qilishga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy anjuman o‘tkazish taklif qilindi.

 

O‘zbekistonning MDHdagi raisligi doirasida BMT Bosh Assambleyasining “Birlashgan Millatlar Tashkiloti va Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi o‘rtasidagi hamkorlik” maxsus rezolyutsiyasi qabul qilindi

 

Joriy yil 23 noyabr kuni Nyu-York (AQSH) shahridagi Birlashgan Millatlar Tashkiloti bosh qarorgohida BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasi doirasida “Birlashgan Millatlar Tashkiloti va Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi o‘rtasidagi hamkorlik” maxsus rezolyutsiyasi qabul qilindi.

Hujjat O‘zbekiston tomonidan 2020 yil MDHdagi raislik doirasida kiritildi va BMTga aʼzo barcha davlatlar uni yakdillik bilan qo‘llab-quvvatladi.

Majlisda O‘zbekiston Respublikasining BMTdagi Doimiy vakili, elchi Baxtiyor Ibragimov rezolyutsiyani MDHga aʼzo davlatlar nomidan taqdim qildi.

U o‘z murojaatida tadbir ishtirokchilarini O‘zbekistonning MDHdagi raisligi bo‘yicha faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari bilan tanishtirdi, hamdo‘stlikning muhim tadbirlari yakunlariga to‘xtaldi. Ushbu tadbirlar davomida Hamdo‘stlikka aʼzo davlatlar o‘rtasidagi ko‘ptomonlama hamkorlikni mustahkamlash hamda tashkilotning xalqaro maydondagi obro‘sini yuksaltirish bo‘yicha muhim qarorlar muhokama etildi va qabul qilindi.     

Bosh Assambleya tomonidan qabul qilingan rezolyutsiyada, xususan, MDHning savdo va iqtisodiy taraqqiyot sohasidagi mintaqaviy hamkorlik, madaniyat, taʼlim, sog‘liqni saqlash, sport, turizm, ilm-fan va innovatsiyalar, atrof-muhitni muhofaza qilish va boshqa muhim tarmoqlarda birgalikdagi ishlarni mustahkamlashga qaratilgan faoliyati taʼkidlandi.

Rezolyutsiya ikki tuzilma o‘rtasidagi hamkorlik va muvofiqlashtirilgan harakatlarni mustahkamlash muhimligini tasdiqlab, BMT tizimining ixtisoslashtirilgan idoralari va boshqa tashkilotlari, dasturlari va jamg‘armalari, shuningdek, xalqaro moliya institutlarini MDH bilan hamkorlikni rivojlantirishga chaqirgan.

Eslatib o‘tamiz, Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan O‘zbekiston o‘z tarixida birinchi marta 2020 yil MDHga raislikni qabul qilgan edi. Raislikning ustuvor yo‘nalishi etib ko‘p tomonlama hamkorlikni izchil kengaytirish hamda samaradorlikni oshirish belgilandi.

O‘zbekiston Prezidenti MDH Davlat rahbarlari kengashining 2019 yil oktyabr oyida Ashxobod (Turkmaniston) shahrida bo‘lib o‘tgan majlisidagi nutqida O‘zbekiston MDHni, birinchi navbatda, savdo-iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, transport-logistika va tranzit salohiyatini ochish, xavfsizlik va madaniy-gumanitar almashinuvni mustahkamlashdagi amaliy sheriklikni chuqurlashtirish uchun samarali platforma deb bilishini taʼkidlagan edi.

O‘zbekiston MDHdagi raisligi doirasida Hamdo‘stlik faoliyati uchun amaliy ahamiyatga ega hujjatlarni tayyorlashga alohida eʼtibor qaratayotganini qayd etish lozim. O‘zbekiston tomonidan shu maqsadda raislik konsepsiyasi va uni amalga oshirish rejasi qabul qilindi. Hukumat rahbarlari kengashi, Tashqi ishlar vazirlari kengashi va Iqtisodiy kengash majlislari kabi qator muhim tadbirlar o‘tkazildi.

 

«Uzbekistan Investor Day» xalqaro investitsiyaviy onlayn-konferensiyasi o‘tkazildi


 

24 Noyabr kuni Kapital bozorini rivojlantirish agentligi “Wood&Co” xalqaro investitsiya banki bilan hamkorlikda «Uzbekistan Investor Day» xalqaro investitsiyaviy onlayn-konferensiyasi o‘tkazildi.

Konferensiyada global rivojlanayotgan xalqaro fond vakillari, Markaziy va Sharqiy Yevropa mamlakatlari, shuningdek, AQSH boshqaruvchi kompaniyalari vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda O‘zbekiston investitsiyaviy muhiti, kapital bozori rivojining bugungi ahvoli, davlat korxonalarining mahalliy va xorijiy qimmatli qog‘ozlar bozorlarida aksiyalarni joylashtirish va sotish bo‘yicha istiqboldagi rejalari, shuningdek, ushbu yo‘nalishda yetakchi moliyaviy tuzilmalar va portfel investorlar bilan hamkorlik qilish imkoniyatlariga bag‘ishlangan taqdimot o‘tkazildi.

«Uzbekistan Investor Day» doirasida 30 dan ziyod uchrashuvlar  o‘tkazildi. Ularda O‘zbekiston kompaniyalari vakillari potensial investorlar bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatish bo‘yicha kelishuvga erishdi.

 

 

Samarqanddagi Imom Buxoriy majmuasida 10 ming o‘rinli masjid quriladi

Samarqand viloyatidagi Imom Buxoriy majmuasida 10 ming o‘rinli masjid quriladi. Vazirlik vakillari loyihani prezident Shavkat Mirziyoyevga topshirishgan.

Qurilish vaziriBotir Zokirovning so‘zlariga ko‘ra, majmuada atrofi milliy uslubdagi ayvonlar bilan o‘ralgan 10 ming o‘rinli masjid quriladi. Vazirlik masjid va uning atrofidagi qurilish ishlarini boshlash bo‘yicha ko‘rsatma olgan. 

Payariq tumani hududida joylashgan Imom Buxoriy majmuasi hududida hozir ham masjid faoliyat olib boradi. Loyihaga ko‘ra, ana shu masjid o‘rnida katta masjid quriladi. Shuningdek, majmuaning o‘zi ham qaytadan barpo etiladi. Ayni damda majmuaning yonida Imom Buxoriy nomidagi hadis maktabi ham faoliyat yuritmoqda.

Ma'lumot uchun, Imom Buxoriy islom olamining yetuk muhaddisi hisoblanadi. Uni muhaddislar imomi deb atashadi. Imom Buxoriyning «Sahihi Buxoriy» sahih hadislar to‘plami islom olamida eng ishonchli hadis manbasi sifatida o‘rganiladi. Imom Buxoriy milodiy 810 yilda Buxoroda tug‘ilgan. 870 yilda esa hozirgi maqbarasi joylashgan Samarqand hududidagi Xartang qishlog‘ida vafot etgan.

 

 

 


Tanlangan kalimalar: #Shavkat Mirziyoyev , #O'zbekiston

Aloqador xabarlar