O'zbekistondan xabarlar 46-qism

18 Noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘i qabul qilingan kunga bag‘ishlab “Vatanimiz bayrog‘i – faxrimiz, g‘ururimiz!” shiori ostida festival o‘tkazildi.

1534211
O'zbekistondan xabarlar 46-qism

 

Toshkentda davlat bayrog‘i qabul qilingan kunga bag‘ishlab katta festival o‘tkazildi.

18 Noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘i qabul qilingan kunga bag‘ishlab “Vatanimiz bayrog‘i – faxrimiz, g‘ururimiz!” shiori ostida festival o‘tkazildi.

Ushbu festival soat 10:00 da Toshkentdagi “Ashxobod” bog‘i oldidagi ulkan bayroq yonida Mudofaa vazirligi va Milliy gvardiyaga qarashli harbiy texnikalar, otliq bo‘linmalar mototsikllarda harbiy xizmatchilar hamda  faol yoshlar ishtirokidagi tantanali parad  bilan boshlandi. 

Festival ishtirokchilari Amir Temur xiyoboni bo‘ylab harakatlanib, Xalqlar do‘stligi san’at saroyi yonida jam bo‘ladilar. Soat 11:00 da Xalqlar do‘stligi san’at saroyi oldida harbiy texnikalar va qurol-aslahalar ko‘rgazmasi, harbiy xizmatchilarning jangovar chiqishlari, san’atkorlarning konsert dasturlari bo‘lib o‘tdi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘i qabul qilingan kunga bag‘ishlab Mudofaa vazirligi tomonidan “Vatanimiz bayrog‘i – faxrimiz, g‘ururimiz!” shoiori ostida poytaxtdagi “G‘alaba” bog‘i majmuasida katta bayram tadbiri tashkil etildi. Tantanali tadbirda “Vatanga qasamyod” marosimining namoyishi, “Turon” harbiy davlat teatri tomonidan sahna ko‘rinishlari, Markaziy ashula va raqs ansamli hamda harbiy orkestrning konsert dasturlari, Mudofaa vazirligining Faxriy qorovulining chiqishlari, harbiy xizmatchilarning qo‘l jangi namoyishi, zamonaviy qurol aslahalar ko‘rgazmasi namoyish etildi. 

 

Turkiya tashqi ishlar vazirligi va vazir Mavlut Chavushoglu ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida O‘zbekiston Davlat bayrog‘i qabul qilingan kun munosabati bilan tabrik joylashtirdi.


 

18 Noyabr - O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilingan kun Turkiyadagi vatandoshlar, O‘zbekiston do‘stlari, shuningdek, ushbu mamlakat ijtimoiy-siyosiy doiralari vakillari tomonidan ham tantana qilinmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Xususan, Turkiya tashqi ishlar vazirligi va vazir Mavlut Chavushoglu ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida O‘zbekiston Respublikasi bayrog‘i qabul qilingan kun munosabati bilan tabrik joylashtirdi.

Jumladan, Turkiya tashqi ishlar vazirligi qutlovida «Do‘st va qardosh O‘zbekistonni Davlat bayrog‘i kuni bilan tabriklaymiz», deyiladi.

Turkiya tashqi ishlar vaziri Mavlut Chavushoglu Tvitterdagi shaxsiy sahifasida «Do‘st va qardosh O‘zbekistonni 18 Noyabr - Davlat bayrog‘i kuni bilan chin qalbdan qutlayman. Biz birgalikdagi saʼy-harakatlarimiz bilan strategik  hamkorligimizni yana-da rivojlantiramiz», degan dil izhorini yozib qoldirgan.

Turkiya tashqi ishlar vazirligi va mazkur idora rahbarining samimiy yondashuvi mazkur mamlakatning O‘zbekistonga va xalqimizga hurmat-eʼtiborining ifodasidir.

Shu o‘rinda taʼkidlash kerakki, so‘nggi yillarda ikki davlat rahbarlari rahnamoligida O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida siyosiy-diplomatik, parlamentlararo, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi o‘zaro manfaatli hamkorlik ko‘lami yuqori surʼatlarda kengayib bormoqda.

 

O‘zbekiston  tashqi ishlar vaziri yirik xalqaro konferensiyada ishtirok etdi

 

O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Polsha poytaxti Varshava shahrida bo‘lib o‘tgan Diniy erkinliklarni ilgari surish bo‘yicha vazirlar konferensiyasida ishtirok etib, tadbir qatnashchilariga videomurojaat yo‘lladi.

A.Komilov tadbir ishtirokchilariga diniy erkinlikni ta’minlash bo‘yicha O‘zbekiston tajribasi va respublikaning ayni yo‘nalishdagi xalqaro majburiyatlarini izchil bajarayotgani haqida ma’lumot berdi.

Konferensiya mavzusi O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida fuqarolar huquq va erkinliklari, jumladan diniy e’tiqod erkinligini ta’minlash borasida olib borilayotgan ishlar natijasida yuz berayotgan chuqur demokratik o‘zgarishlar ruhiga mos ekani e’tirof etildi.

Qisqa davr mobaynida e’tiqod erkinligini mustahkamlash sohasida respublikada ko‘rilgan aniq choralar, xususan, xalqaro huquq me’yorlari va eng yaxshi demokratik standartlar asosida, yangi tahrirda “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi Qonun loyihasi ishlab chiqilishi, diniy birlashmalarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayoni soddalashtirilishi, mamlakat tarixida ilk bor din va e’tiqod erkinligini ta’minlanishi monitoringi bo‘yicha parlament eshituvi o‘tkazilishi qayd etildi.

Shuningdek, vazir bag‘rikenglik madaniyatini mustahkamlash hamda ta’lim va ma’rifatni faol targ‘ib qilish jamiyatda diniy erkinlik va millatlararo totuvlikni ta’minlashning samarali yo‘llaridan biri ekaniga ham urg‘u berdi.

O‘zbekiston TIV rahbari mazkur muhim forum insonning e’tiqod erkinligi huquqini himoya qilishni ilgari surish bo‘yicha xalqaro sa’y-harakatlarni birlashtirish yo‘lida navbatdagi muvaffaqiyatli qadam bo‘lishiga ishonch bildirdi.

 

O‘zbekiston va Tailand turizm biznesi vakillari o‘rtasida pandemiya davrida turizm sohasini qayta tiklash bo‘yicha o‘zaro tajriba almashildi

O‘zbekistonning Bangkok shahridagi Bosh konsulxonasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi va Tailand turizm maʼmuriyati o‘rtasida ikki mamlakat turizm biznesi vakillari ishtirokida kengaytirilgan videokonferensiya uyushtirildi.

O‘zbekiston tomonidan respublikaning sayyohlik salohiyati, yangi sayyohlik yo‘nalishlari va imkoniyatlarini yaratish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, dam olish joylari, gastronomiya, hunarmandchilik mahsulotlari, shuningdek respublikada sayyohlarning qulay yashashi uchun yaratilgan sharoitlar to‘g‘risida batafsil maʼlumot taqdim etildi.

O‘zbekiston va Tailand turoperatorlari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan munozara davomida tomonlar pandemiya paytida va undan keyingi davrda turistik sayohatlarni tiklash va qo‘shma ekskursiyalarni tashkil etish bo‘yicha fikr almashdi.

Tailand vakillari O‘zbekistonning buddizm yodgorliklari mavjud Surxondaryo viloyatiga sayyohatlar uyushtirishga qiziqish bildirildi. Tomonlar bu yo‘nalishda hamkorlik o‘rnatish va epidemiologik vaziyat barqarorlashgach, qo‘shma ekskursiyalar tashkil etish yuzasidan kelishuvga erishdi.

 

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Vashingtonda AQSH Xalqaro taraqqiyotni moliyalashtirish korporatsiyasida muzokaralar o‘tkazdi

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov boshchiligidagi delegatsiya 18 noyabr kuni Vashingtonda AQSH Xalqaro taraqqiyotni moliyalashtirish korporatsiyasi (DFC) bosh ijrochi direktori Adam Boler bilan uchrashdi.

O‘zbekiston elchixonasi xabariga ko‘ra, uchrashuvda tomonlar Adam Bolerning  29 iyun – 1 iyul kunlari O‘zbekistonga tashrifi doirasida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish jarayonini muhokama qildi, shuningdek sanoat, xizmat ko‘rsatish va infratuzilmani rivojlantirishga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va yangi texnologiyalarni jalb qilishda o‘zaro sheriklikni yanada chuqurlashtirish istiqbollarini belgilab oldi.

O‘zbekiston tomoni DFC ishtirokida O‘zbekistonda neft-gaz, energetika, kimyo, transport, qurilish, bank, farmatsevtika va boshqa iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirishdan manfaatdor ekanini qayd etdi. Shu nuqtai nazardan, Amerika korporatsiyasi rahbari yirik infratuzilma loyihalarini ilgari surishga yo‘naltiriladigan Markaziy Osiyo investitsiya jamg‘armasini tashkil etishga qiziqishini tasdiqladi.

Afg‘oniston infratuzilmasini yaxshilash va mamalakatni ijtimoiy-iqtisodiy tiklash O‘zbekiston bilan DFC o‘rtasidagi hamkorlikning muhim istiqbolli yo‘nalishi hisoblanadi. Tomonlar joriy yil may oyida boshlangan “O‘zbekiston-Afg‘oniston-AQSH” uch tomonlama hamkorlik shakli doirasida muloqotni kuchaytirish zarurligini taʼkidladi.

Muzokaralarda tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar ham muhokama qilindi.

Joriy yil 30 iyun kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan muzokaralar chog‘ida O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri va DFC rahbari O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan qator loyihalarni moliyalashtirish uchun korporatsiya mablag‘larini jalb qilish, shuningdek, mintaqadagi savdo-iqtisodiy, transport va kommunikatsiya aloqalarini kengaytirishga ko‘maklashish to‘g‘risida fikr almashgan edi.



Aloqador xabarlar