O’zbekistondan xabarlar 44-qism

Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Hukumat rahbarlari kengashining O‘zbekiston Respublikasi raisligidagi navbatdagi yig‘ilishi 6 noyabr kuni videokonferensiya shaklida bo‘lib o‘tdi.

1526027
O’zbekistondan xabarlar 44-qism

 

Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Hukumat rahbarlari kengashining O‘zbekiston Respublikasi raisligidagi navbatdagi yig‘ilishi 6 noyabr kuni videokonferensiya shaklida bo‘lib o‘tdi.

Majlisni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov olib bordi.

Tadbirda, shuningdek, Belarus, Moldova, Ozarbayjon, Tojikiston, Qozog‘iston Respublikasi Bosh vaziri, Rossiya Federatsiyasi Hukumati Raisi, Armaniston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi va Bosh vaziri, Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisining o‘rinbosari, tashqi ishlar vaziri ishtirok etdi.

Majlis qatnashchilari MDH doirasidagi iqtisodiy hamkorlikning dolzarb masalalariga, shuningdek, koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi samarali kurashish bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlarga e’tibor qaratdilar. Bunda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi erkin savdo zonasining to‘liq ishlashi muhimligi ta’kidlandi.

Hamdo‘stlikka a’zo davlatlar xalqlarining farovonligi va turmush sifatini oshirish uchun yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro hurmat va manfaatlarni hisobga olish asosida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish zarurligi qayd etildi.

Hukumat rahbarlari Hamdo‘stlik mamlakatlari o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashdilar, 2030 yilgacha bo‘lgan davrda MDH iqtisodiy rivojlanish strategiyasining birinchi bosqichini (2021-2025 yillar) amalga oshirish bo‘yicha Harakatlar rejasini muhokama qildi.

MDH mamlakatlari savdo-iqtisodiy hamkorligining bazaviy tamoyillari va asosiy yo‘nalishlarini belgilab beradigan ushbu hujjat Hamdo‘stlikka a’zo davlatlar iqtisodiyotining raqobatbardoshligini oshirish, yuqori texnologiyali transport tizimlarini yaratish, agrosanoat majmuasini mustahkamlash, iqtisodiyotni raqamlashtirishni jadallashtirish, ilmiy-texnikaviy va fan-ta’lim salohiyatini yuksaltirish hamda moliyaviy va ijtimoiy-iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirishga qaratilgan.

Yig‘ilish ishtirokchilari o‘z ma’ruzalarida koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq vaziyatga alohida to‘xtalib o‘tishdi. Xususan, MDH Ijroiya qo‘mitasi raisi – Ijrochi kotibi Sergey Lebedev, jumladan, ushbu kasallik oqibatida berilgan qurbonlar miqdori va nisbati bo‘yicha nafaqat MDHda, balki dunyoda ham eng ijobiy ko‘rsatkichlardan birini qayd etgan O‘zbekiston epidemiyaga qarshi samarali kurashish, pandemiyaning mamlakat iqtisodiyotiga salbiy ta’sirini yumshatish borasida namuna bo‘lganini alohida ta’kidladi.

Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Hukumat rahbarlari kengashi yig‘ilishida ilk bor qatnashayotgan Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi, mamlakat Bosh vaziri Sadir Japarov Rossiya, Qozog‘iston, Ozarbayjon qatori O‘zbekiston Prezidenti va Hukumati ham pandemiya davrida qardosh qirg‘iz xalqini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida bir necha bor insonparvarlik yordami ko‘rsatganini e’tirof etdi va samimiy minnatdorlik bildirdi.

Qozog‘iston Respublikasi Bosh vaziri Asqar Mamin esa MDH hududida iqtisodiy rivojlanishni ta’minlash, mamlakatlar iqtisodiyotiga pandemiyaning salbiy ta’sirini imkon darajasida kamaytirish, ishlab chiqarish korxonalari faoliyatini tiklash masalalariga to‘xtalar ekan, bu borada bir necha aniq takliflar kiritdi.

 Shu bilan birga, ayni yo‘nalishda O’zbekistonda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning yuqori samaradorligini qayd etdi. O‘zbekiston raisligida Kengash doirasida avvalgi yig‘ilishlarda qabul qilingan qarorlar ijrosini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilayotganini e’tirof etdi.

Qozog‘iston hukumati rahbari hamkasblari diqqatini oziq-ovqat xavfsizligi masalasi hamda turizm, transport sohalaridagi hamkorlik ko‘lamini kengaytirishga jalb etar ekan, jumladan, Qozog‘iston va O‘zbekistonning «Buyuk ipak yo‘li» transchegaraviy sayyohlik mahsulotini yaratish bo‘yicha hamkorligini misol qilib keltirdi. Bu jarayonda Turkiston – Chimkent – Toshkent – Samarqand – Buxoro – Xiva tezyurar temir yo‘l tarmog‘ini ishga tushirish bo‘yicha loyiha amalga oshirilishini ma’lum qildi.

Hukumat rahbarlari kengashi majlisi yakunlari bo‘yicha transport, energetika, qurilish, ta’lim, madaniyat, turizm, jismoniy tarbiya va sport sohalarini, shuningdek, yoshlar siyosatini rivojlantirishga oid jami 23 hujjat imzolandi.

Atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish, innovatsiyalar, mahalliy mojarolar ishtirokchilari va ularning oilalari hayotini yaxshilashga oid dasturlar, mintaqalararo va transchegaraviy hamda qishloq xo‘jaligi muhandisligi sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish konsepsiyalari, transport xavfsizligi va MDHga a’zo davlatlarning gumanitar sohadagi hamkorligini ta’minlash bo‘yicha harakatlar rejalari, jamiyatning raqamli rivojlanishi va radioaktiv materiallarni transchegaraviy tashish sohasidagi o‘zaro munosabatlarni tartibga soluvchi shartnomalar shular jumlasidan.

MDH Hukumat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisi 2021 yil 28 mayda Belarus Respublikasi raisligida Minsk shahrida o‘tkazilishi rejalashtirildi.

 

O‘zbekiston va Qozog‘iston tashqi bozorlarga chiqishda hamkorlik qiladi.

2 noyabr kuni O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov Qozog‘iston bosh vaziri o‘rinbosari Roman Sklyar boshchiligidagi hukumat delegatsiyasi vakillarini qabul qildi.

Bu haqda O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati berdi.

Ushbu uchrashuvda savdo-iqtisodiy, tibbiyot, ta’lim, transport va logistika sohalari bo‘yicha yangi istiqbolli loyihalarni birgalikda amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Qozog‘iston savdo va integratsiya vaziri Baxit Sultonov tashrif tafsilotlari haqida ma’lumot berdi.

“Biz uchun O‘zbekiston mintaqadagi asosiy savdo sherigimiz hisoblanadi. Bu yil o‘zaro tovar ayirboshlashni 5 milliard dollarga yetkazishni rejalashtirgandik, ammo pandemiya tufayli buni amalga oshirish qiyin bo‘lyapti. 9 oy davomida o‘zaro savdo hajmi 16,5 foizga kamaydi. Bizning eksportimiz bir foizdan sal ko‘proq miqdorga kamaydi, O‘zbekistondan import hajmi esa 40 foizga kamaydi”, — deya ta’kidladi Baxit Sultonov.

U Qozog‘iston tomonidan O‘zbekiston bozoriga yetkazib berilishi mumkin bo‘lgan yana 64 ta tovarni taklif qildi. Bular turli xil quvurlar, prokat metall buyumlar, avtomobillar, kimyo va neft-kimyo mahsulotlari, mashinasozlik, farmatsevtika va oziq-ovqat sanoati mahsulotlaridir.

Baxit Sultanovning ta’kidlashicha, Qozog‘iston ikki davlat ortasida nafaqat savdo qilishni, balki tashqi bozorga chiqishda ham hamkorlik qilish istagini bildirmoqda.

Joriy yilning yanvar-avgust oylari yakuniga ko’ra, O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasining umumiy hajmida Qozog‘iston ulushi 7,2 foizni (TSA bo‘yicha uchinchi o‘rin) tashkil qildi.

 

O’zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston sog‘liqni saqlash sohasi xodimlarini kasb bayrami — Tibbiyot xodimlari kuni bilan tabrikladi.

“Avvalo, o‘z hayotini el-yurt salomatligini asrashdek g‘oyat mas’uliyatli va sharafli ishga bag‘ishlagan siz, azizlarni kasb bayramingiz — Tibbiyot xodimlari kuni bilan chin qalbimdan samimiy tabriklab, barchangizga o‘zimning chuqur hurmatim va ezgu tilaklarimni bildirishdan mamnunman.

Xalqimiz sizlarni dunyodagi eng ulug‘ kasb egalari, muqaddas qasamyodiga sodiq, o‘z ishiga fidoyi insonlar deb biladi va mashaqqatli mehnatingizni yuksak qadrlaydi.

Ayniqsa, hozirgi murakkab pandemiya sharoitida chinakam salomatlik posbonlari bo‘lib maydonga chiqayotganingiz har qanday tahsin va tasannolarga munosibdir. Ushbu xavfli kasallikka chalingan ming-minglab yurtdoshlarimizning shifo topib, oilasi bag‘riga qaytayotganida, hech shubhasiz, sizlarning beqiyos xizmatlaringiz bor.

Fursatdan foydalanib, bu mashaqqatli kurashning oldingi saflarida turib, o‘z hayotini xavf-xatarga qo‘yib, jasorat va matonat namunasini ko‘rsatib kelayotgan barcha tibbiyot xodimlariga o‘z nomimdan, butun xalqimiz nomidan yana bir bor chuqur minnatdorlik bildiraman. Butun xalqimiz qatori bugungi og‘ir sinovlardan mardona o‘tayotgan, zamonamizning chinakam qahramonlari bo‘lgan siz, tibbiyot xodimlari ana shunday mas’uliyatli vazifalarni ado etishda faol ishtirok etib, barchaga o‘rnak va namuna bo‘lasizlar, degan umiddaman. Qo‘lingiz dard ko‘rmasin, hamisha sog‘-omon bo‘ling, aziz shifokorlar!", — dedi Shavkat Mirziyoyev o’z tabrigida.

 

 

 


Tanlangan kalimalar: #Shavkat Mirziyoyev , #MDH , #O'zbekiston

Aloqador xabarlar