O'zbekistondan xabarlar 40-qism

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 8-oktyabr kuni Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqot qildi.

1507371
O'zbekistondan xabarlar 40-qism

 

O'zbekiston va Turkmaniston Prezidentlari telefon orqali muloqot qildilar.

Davlat rahbarlari ikki tomonlama munosabatlar kun tartibidagi dolzarb masalalarni batafsil ko'rib chiqdilar. Xalqaro siyosat va mintaqaviy hamkorlik yuzasidan fikr almashildi. 

O'zbekiston va Turkmaniston o'rtasidagi ko'p asrlik do'stlik va qardoshlik rishtalari, yaxshi qo'shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yana-da mustahkamlashga qaratilgan faol muloqotni davom ettirish muhimligi qayd etildi. 
Koronavirusning global miqyosda tarqalishi oqibatlarini samarali yengib o'tish maqsadida amaliy hamkorlik bo'yicha, eng avvalo, savdo, sanoat kooperatsiyasi, energetika, tranzit, qishloq xo'jaligi va boshqa muhim tarmoqlardagi loyihalarni ilgari surish zarurligiga alohida e'tibor qaratildi. 

Shu ma'noda ikki mamlakat tashqi siyosat idoralari rahbarlari tomonidan o'tgan oyda o'tkazilgan siyosiy maslahatlashuvlarning samarali natijalari ijobiy baholandi. 
Suhbat chog'ida O'zbekiston va Turkmaniston Prezidentlari 2019-yil noyabr oyida Toshkent shahrida o'tgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining navbatdagi Maslahat uchrashuvida qabul qilingan qarorlar va erishilgan kelishuvlar ijrosining borishini muhokama qildilar. 

Tizimli va barqaror tus olayotgan ushbu muhim format doirasida sermahsul muloqot olib borilayotgani mamnuniyat bilan ta'kidlandi. 

Ko'p tomonlama hamkorlikning ustuvor yo'nalishlari sifatida xavfsizlik, iqtisodiyot, innovatsiyalar, transport, fan, ta'lim va madaniyat sohalari ko'rsatib o'tildi. 
Davlat rahbarlari Qirg'iz Respublikasidagi voqealar rivojiga alohida to'xtaldilar. Ushbu mamlakatdagi vaziyat Qirg'iziston Konstitutsiyasiga muvofiq holda tez fursatda barqarorlashishi zarurligi qayd etildi. Bo'lajak oliy darajadagi tadbirlar rejasi ham ko'rib chiqildi. 

Suhbat har doimgidek samimiy, konstruktiv va do'stona ruhda o'tdi.

 

O'zbekiston va Qozog'iston Prezidentlari telefon orqali muloqot qildilar

 

  7-oktyabr kuni O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog'iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayevning telefon orqali muloqoti bo'lib o'tdi.

Davlat rahbarlari ko'p asrlik do'stlik va yaxshi qo'shnichilik rishtalari, ishonch va strategik sheriklik tamoyillariga asoslangan ikki tomonlama munosabatlarning holati va ularni yanada rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildilar.

Koronavirus tarqalishi oqibatlarini tez fursatda yengib o'tish maqsadida O'zbekiston va Qozog'iston hukumatlari darajasida yaqindan muvofiqlashuv va faol almashinuvlar amalga oshirilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Tovar ayirboshlash ko'rsatkichlarini oshirishga qaratilgan qo'shma dastur va loyihalarni ilgari surish, tadbirkorlar va hududlarning yangi tashabbuslarini

qo'llab-quvvatlash orqali kooperatsiyani kengaytirish, shuningdek, madaniy-gumanitar tadbirlar o'tkazishga alohida e'tibor berildi.

Mintaqadagi voqealar rivoji yuzasidan ham fikr almashildi. O'zbekiston va Qozog'iston Prezidentlari Qirg'izistondagi vaziyat ushbu mamlakat Konstitutsiyasi va milliy qonunchiligi normalariga muvofiq tez fursatda barqarorlashishiga umid bildirdilar.

 

O'zbekiston Prezidentining Rossiya Prezidenti bilan telefon orqali muloqoti to'g'risida


  O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7-oktyabr kuni Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi. 

Suhbat avvalida davlat rahbari Rossiya yetakchisini tavallud kuni bilan samimiy muborakbod etib, unga mustahkam sog'lik, baxt-saodat va muvaffaqiyatlar, do'st Rossiya xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tiladi. 

Muloqot chog'ida O'zbekiston-Rossiya strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlashning dolzarb masalalari ko'rib chiqildi, xalqaro va mintaqaviy kun tartibi yuzasidan fikr almashildi. 
Joriy yil iyul oyida Moskva shahridagi uchrashuv chog'ida erishilgan kelishuvlarga muvofiq bo'lajak oliy darajadagi muloqotlarga tayyorgarlik ko'rish bo'yicha birgalikdagi faol ishlarni davom ettirishga alohida e'tibor qaratildi. 
Pandemiya oqibatlariga qaramay, o'zaro tashriflar amalga oshirilayotgani, O'zbekiston va Rossiyaning yetakchi kompaniya va korxonalari o'rtasidagi investitsiyaviy hamkorlik ko'lami va tovar ayirboshlash hajmi kengayib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Ta'lim va madaniy almashinuvga doir muhim dasturlar amalga oshirilmoqda.

O'zbekiston Prezidenti koronavirusga qarshi kurashishda ko'rsatilgan amaliy yordam, jumladan, Rossiyadan vrach va mutaxassislarning katta guruhi O'zbekistonga jo'natilgani uchun samimiy minnatdorlik bildirdi. 
Davlat rahbarlari ikki mamlakat vazirlik va idoralari darajasida, shu jumladan joriy oyda bo'lib o'tadigan Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi majlisi doirasida yaqindan muvofiqlashuv va hamkorlikni davom ettirish muhimligini ta'kidladilar. Bunda, avvalo, ko'p qirrali munosabatlarning ustuvor dastur va loyihalarini, biznes va hududlar kooperatsiyasini kuchaytirish bo'yicha uzoq muddatli “yo'l xaritasi” tayyorlashni jadallashtirish nazarda tutiladi. 
Davlat rahbarlari, shuningdek, mintaqada yuzaga kelayotgan vaziyatni muhokama qildilar, bo'lajak tadbirlar rejasini ko'rib chiqdilar.

Suhbat har doimgidek samimiy va do'stona ruhda o'tdi.

 

O'zbekiston va Janubiy Koreya Prezidentlarining telefon orqali muloqoti bo'lib o'tdi

   O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 6-oktyabr kuni Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje In bilan telefon orqali muloqot qildi.

Davlat rahbari suhbat avvalida O'zbekistonning ko'p millatli xalqi nomidan va shaxsan o'z nomidan Prezident Mun Chje Inni va do'st Koreys elini Koreya tashkil topgan kun va an'anaviy Chusok bayrami bilan samimiy tabriklab, tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tiladi.

O'zbekiston va Janubiy Koreya yetakchilari ikki mamlakat o'rtasidagi alohida strategik sheriklik maqomidagi ikki tomonlama munosabatlarning holati va ularni yanada rivojlantirish istiqbollarini batafsil ko'rib chiqdilar, shuningdek, xalqaro siyosatning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashdilar.

Koronavirus global miqyosda tarqalishining keng ko'lamli O'zbekiston-Koreya aloqalari uchun oqibatlarini kamaytirish maqsadida turli darajalarda faol hamkorlik va muntazam samarali muloqotni davom ettirish muhim ekani ta'kidlandi.

O'zbekiston Prezidenti pandemiyaga qarshi samarali kurashni tashkil etish, ushbu kasallikni profilaktika qilish va davolash bo'yicha ilg'or tajribani joriy etishga Koreya Respublikasi tomonidan ko'rsatilgan amaliy ko'mak uchun hamkasbiga minnatdorlik bildirdi.

Sog'liqni saqlash vazirliklari va boshqa manfaatdor tashkilotlar darajasida yaqindan o'zaro muvofiqlashuvni, shu jumladan, davolash metodikasini takomillashtirish, vaksinalar ishlab chiqish va ulardan foydalanishni ta'minlash borasida hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi.

Suhbat chog'ida bo'lajak oliy darajali uchrashuvlarning kun tartibini tayyorlashga alohida e'tibor qaratildi.

Xususan, Prezidentlar savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik, o'zaro tovar ayirboshlashni kengaytirish va kooperatsiyani kuchaytirish uchun qulay shart-sharoitlarni shakllantirish, shu jumladan, zarur huquqiy bazani mustahkamlash va ishbilarmonlik tashabbuslarini ilgari surishga ko'maklashish masalalarini ko'rib chiqdilar.

Davlat rahbarlari ikki mamlakat hukumatlariga investitsiyaviy, moliyaviy-texnik va gumanitar hamkorlik doirasida amalga oshirilayotgan 65 ta qo'shma loyihani, eng avvalo, Koreya xalqaro hamkorlik agentligi va Iqtisodiy taraqqiyot va hamkorlik jamg'armasi doirasida sog'liqni saqlash va ta'lim sohalaridagi ijtimoiy ahamiyatga ega dasturlarni har tomonlama qo'llab-quvvatlashni davom ettirish bo'yicha topshiriq berdilar.

Bundan tashqari, O'zbekiston va Janubiy Koreyaning yetakchi kompaniyalari va bank moliya institutlari ishtirokidagi hozirgi kunda umumiy qiymati 4 milliard dollardan ortiq bo'lgan istiqbolli loyihalar portfelini kengaytirish yuzasidan o'zaro muvofiqlashgan choralar qabul qilinadi.

Muloqot so'ngida prezidentlar ikki xalq o'rtasidagi ko'p asrlik do'stlik rishtalariga asoslangan serqirra munosabatlarni yanada mustahkamlash hamda keng ko'lamli amaliy hamkorlikni ilgari surish borasida qat'iy ekanliklarini yana bir bor tasdiqladilar.

Suhbat an'anaviy samimiy, konstruktiv va do'stona ruhda o'tdi.

 

O'zbekiston va Tojikiston Prezidentlari telefon orqali muloqot qildilar

   O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5-oktyabr kuni Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon bilan telefon orqali muloqot qildi.

Suhbat avvalida davlat rahbari Tojikiston Prezidentini tavallud ayyomi bilan samimiy tabriklab, unga mustahkam sog'lik, farovonlik va yangi muvaffaqiyatlar tiladi.

Prezidentlar ikki mamlakat o'rtasidagi ko'p asrlik do'stlik va yaxshi qo'shnichilik rishtalari, tarix, madaniyat va an'analar mushtarakligiga asoslangan strategik sheriklik munosabatlarining bugungi darajasini katta mamnuniyat bilan qayd etdilar.

Koronavirus tarqalishi bilan bog'liq murakkab davrda pandemiya oqibatlarini yengib o'tishda o'zaro yordam ko'rsatilmoqda. Tojikiston tomoni ushbu xavfli kasallikka qarshi kurashda ko'rsatilgan amaliy yordam uchun minnatdorlik bildirdi.

Savdo-iqtisodiy hamkorlik sohasida tovar ayirboshlash hajmlari ortyapti, hududlar va tadbirkorlar o'rtasida kooperatsiya kengaymoqda.

Davlat rahbarlari o'tgan oyda bo'lib o'tgan qator ikki tomonlama tadbirlarning samarali natijalarini yuqori baholadilar. Xususan, Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi majlisi hamda biznes-forum, ilmiy-amaliy konferensiya, parlament a'zolari va ziyolilar uchrashuvlari muvaffaqiyatli o'tkazildi, qo'shma ishlab chiqarish quvvatlari va ijtimoiy obyektlar ochildi.

O'zbekiston va Tojikiston Prezidentlari ikki mamlakat hukumatlariga keng ko'lamli hamkorlikni kengaytirish hamda bo'lajak sammitning yangi kun tartibini har tomonlama puxta tayyorlash bo'yicha “yo'l xarita”sini ishlab chiqishga topshiriq berdilar.

Xalqaro siyosat va mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.

Telefon muloqoti so'ngida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmonga mamlakat siyosiy hayotidagi muhim tadbir – 11-oktyabr kuni bo'lib o'tadigan Prezident saylovi muvaffaqiyatli o'tishini tiladi.

Suhbat har doimgidek samimiy, ochiq va do'stona ruhda o'tdi.

 

 

 


Tanlangan kalimalar: #Shavkat Mirziyoyev , #O'zbekiston

Aloqador xabarlar