Vengriya Qirg‘izistonning Yevropadagi birinchi strategik sherigiga aylandi
Dasturimizning bugungi sonida Qirg‘iziston Prezidenti Sooronbay Jeenbekovning Vengriyaga bo‘lgan tashrifi haqida so‘z qilamiz.

Qirg‘iziston Prezidenti Sooronbay Jeenbekov 2020 - yilning 28 - 29 sentabri kunlari amaliy tashrif bilan Vengriyada bo‘ldi. Rasmiy kutib olish marosimidan so‘ng Prezident Sooronbay Jeenbekov bilan Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban o‘zaro va hay’atlararo uchrashuvlar amalga oshirdi. Uchrashuvlar natijasida Prezident Sooronbay Jeenbekov bilan Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban Qirg‘iziston va Vengriya o‘rtasidagi mushtarak strategik hamkorlik shartnomasiga qo‘l qo‘ydilar. Bu orqali Vengriya Qirg‘izistonning Yevropadagi birinchi strategik sherigiga aylandi. Tomonlar o‘rtasida Qirg‘iziston - Vengriya taraqqiyot jamg‘armasini tashkil etish, ikki tomonlama soliqqa tortishning oldini olish, investitsiyalarni himoya qilish va rivojlantirish, Qirg‘iziston fuqarolarining Vengriyada ta’lim olishi uchun ajratilgan 75 o‘rinni 150 nafarga chiqarish, iqtisodiyotni raqamlashtirish, sog‘liqni saqlash sohasidagi hamkorlik kabi jami 15 ta bitim imzolandi.
Prezident Sooronbay Jeenbekov ushbu tashrif doirasida Vengriya Milliy majlis raisi Laslo Kover va Vengriya Prezidenti Yanos Ader bilan alohida – alohida uchrashdi. Ushbu uchrashuvlarda ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Keyinchalik Qirg‘iziston Prezidenti Jeenbekov Budapesht shahar hokimi Gergey Karachon bilan birgalikda shahardagi istirohat bog‘laridan biriga taniqli yozuvchi Ching‘iz Aytmatov nomini berish marosimida ishtirok etdi. Tashrif chog‘ida vengrlarning Ching‘iz Aytmatov va uning asarlari bilan yaqindan tanish ekanligi ma’lum bo‘ldi.
Sooronbay Jeenbekov tashrifi yakunida Vengriya Bosh vaziri bilan birga Turk kengashining Budapeshtdagi ofisiga uchradi. U yerda Ching‘iz Aytmatovning rasmlari namoyish etilgan ko‘rgazma uyushtirildi. Prezident Jeenbekov Turk kengashiga a’zo davlatlarning rahbarlari orasida kengashning Budapeshtdagi ofisiga tashrif buyurgan birinchi prezident bo‘ldi.
Jeenbekovning Vengriyaga bo‘lgan tashrifi doirasida 29 – sentabr kuni ikkala mamlakat ishbilarmonlari ishtirokida Qirg‘iziston - Vengriya Biznes forumi ham uyushtirildi. Unda, bir qator shartnomalar imzolandi.
Qirg‘iziston - Vengriya aloqalari 1992 - yili o‘rnatilishiga qaramay ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar munosib saviyaga olib chiqilmagandi. Oxirgi marotaba Qirg‘izistonning vaqtinchalik Prezidenti Roza Otunbayeva 2011 - yili Vengriyaga tashrif uyushtirdi. Vengriya Bosh vaziri Viktor Orbanning 2018 – yili Qirg‘izistonga bo‘lgan tashrifidan so‘ng Qirg‘iziston va Vengriya o‘rtasidagi munosabatlar rivojlana boshladi. Orban mazkur tashrifi chog‘ida Turk kengashi sammiti va Butunjahon ko‘chmanchi o‘yinlarining ochilish marosimida ishtirok etdi. O‘tgan 2019 - yilning sentabr oyida Bishkek shahrida savdo - iqtisodiy aloqalar bo‘yicha Qirg‘iziston - Vengriya hukumatlararo komissiyasining birinchi yig‘ilishi, joriy yilning fevral oyida esa Vengriyaning Bishkekdagi elchixonasi binosining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Qirg‘iziston va Vengriya shu paytgacha asosan qishloq xo‘jaligi va farmasevtika sohasida hamkorlik qilib kelmoqdalar. Qirg‘iziston - Vengriya taraqqiyot fondiga Vengriya 50 million AQSh dollari qarz berishini ma’lum qildi. Bu orqali ikki mamlakatning iqtisodiy aloqalari yangi bosqichga ko‘tariladi.
Jeenbekovning tashrifi chog‘ida Bishkek – Budapesht havo qatnovlarining ochilishi masalasida kelishib olindi. Ushbu qaror ikkala mamlakat o‘rtasidagi aloqalarning rivojlanishiga katta hissa qo‘shadi. Shunday ekan, Prezident Jeenbekovning Vengriya tashrifini samarali o‘tdi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.