O'zbekistondan xabarlar 22-qism

Prezidentning Oʻzbekiston xalqiga Ramazon hayiti tabrigi...

1422931
O'zbekistondan xabarlar 22-qism

 


Qadrli va muhtaram vatandoshlar!
Avvalambor, siz azizlarni, yurtimizdagi barcha moʻmin-musulmonlarni, nuroniy otaxon va onaxonlarimizni, qadrli aka-ukalarimiz, opa-singillarimizni, azmu shijoatli yoshlarimizni, iymon-eʼtiqodli xalqimizni muborak Ramazon hayiti bilan chin qalbimdan tabriklab, samimiy tilaklarimni bildiraman.
Ramazoni sharif ezgulik, xayru saxovat va mehr-oqibat oyi sifatida el-yurtimizning ijtimoiy-maʼnaviy hayotida azal-azaldan alohida oʻrin egallab keladi.
Ushbu qutlugʻ oyda sabru qanoat, shukronalik, ruhiy poklanish, mehr va koʻmakka muhtojlarga yana-da eʼtiborli boʻlish, savobli amallar qilishdek olijanob fazilatlar bu yil yurtimizda har qachongidan ham yaqqol namoyon boʻldi, desam, oʻylaymanki, sizlar ham bu fikrga qoʻshilasiz.
Mard va matonatli xalqimiz koronavirus pandemiyasi, boshimizga tushgan turli sinovlar va tabiiy ofatlar sharoitida “Olloh sabr-toqatli insonlar bilan birgadir”, degan ilohiy oʻgitga amal qilib, tushkunlikka berilmasdan, yana-da ahil va birdam boʻlib, insonparvarlik, hamjihatlikning yuksak numunasini koʻrsatganini jahon hamjamiyati eʼtirof etmoqda.
Bu bilan har qancha faxrlansak, arziydi.
Asrlar davomida xalqimiz ongida bagʻrikenglik, mehr-muruvvat, kattalarga hurmat, kichiklarga izzat, mustahkam iroda kabi ibratli fazilatlarni shakllantirishda tabarruk Ramazon oyiga xos qadriyatlarning oʻrni va taʼsiri albatta beqiyosdir.
Bu yil karantin tufayli Ramazon amallari va ibodatlarini ado etishda yuzaga kelgan maʼlum qiyinchiliklarni toʻgʻri tushunib, bu masalaga oqilona yondashgan, ayni vaqtda “Saxovat va koʻmak” umumxalq harakatida faol ishtirok etayotgan himmati baland tadbirkorlarimiz va fermerlarimizga, turli kasb egalari boʻlgan keksayu yosh barcha vatandoshlarimizga shu ulugʻ ayyom kunlarida yana bir bor chuqur minnatdorchilik bildiraman.
Aziz doʻstlar!
Maʼlumki, hozirgi kunda butun dunyo ahli kabi biz ham koronavirus pandemiyasi bilan bogʻliq mushkul vaziyatni boshimizdan oʻtkazmoqdamiz. Shu oʻrinda bir haqiqatni eslatib oʻtishni zarur, deb bilaman.
Karami keng Alloh taolo muqaddas Qurʼoni karimda insonlarni masʼuliyatli sinov kunlarida sabr va qanoatli boʻlishga daʼvat etib, “Albatta, qiyinchilik bilan birga yengillik ham bordir”, deb marhamat qiladi.
Chindan ham, har qaday tashvish ortida yengillik va yorugʻlik borligini koronavirus kasalligidan sogʻayib chiqayotgan, tabiiy ofatlar tufayli uy-joyidan ayrilgan, lekin davlatimiz va el-yurtimzning katta yordami va koʻmagi bilan oʻz hayotini yangitdan yoʻlga qoʻyib olayotgan minglab vatandoshlarimiz qalbdan his etmoqdalar.
Shu maʼnoda, bugungi qiyinchiliklar albatta oʻtib ketadi, hali qancha xursandchilik kunlar, bayram va hayitlarni barchamiz birgalikda nishonlaymiz, deb ishonaman.
Shubhasiz, har qanday mashaqqatni mehnat va matonat, sabru chidam bilan mardona yengib oʻtgan olijanob xalqimiz bu sinovlardan yanada kuchli va qudratli boʻlib chiqadi.
Ana shunday qatʼiy ishonch va koʻtarinki kayfiyat bilan bugungi kunda yurtimizni taraqqiy ettirish yoʻlida davrning oʻzi talab etayotgan, biz boshlagan keng koʻlamli islohot
va oʻzgarishlarni bir yoqadan bosh chiqarib, izchil amalga oshirib, oldimizga qoʻygan ulkan marralarga albatta erishamiz.
Siz, aziz va muhtaram vatandoshlarimni ezgu niyatlar roʻyobga chiqadigan, xayrli amallar uchun behisob savoblar yogʻiladigan, oʻzaro birdamlik, doʻstlik va ahillik tuygʻulari tarannum etiladigan shukuhli Iyd-ul-Fitr bilan yana bir bor chin yurakdan muborakbod etaman.
Fursatdan foydalanib, jahondagi barcha moʻmin-musulmon birodarlarimizni ham xalqimiz nomidan samimiy qutlab, ularga tinchlik-osoyishtalik, fayzu baraka va farovon hayot tilayman.
Niyati pok, maqsadlari ulugʻ xalqimizning ushbu saodatli onlarda qilayotgan toat-ibodatlari va duolari ijobat boʻlsin!
Parvardigori olam doimo yoʻlimizni ham, yuzimizni ham yorugʻ qilsin! Yurtimizni, elimizni turli balo-qazolardan Oʻzi asrasin!
Vatanimiz tinch, xalqimiz sogʻ-salomat boʻlsin!
Ramazon hayiti barchamizga muborak boʻlsin!
 

Shavkat Mirziyoyev,

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

 

XVF rahbari Oʻzbekiston Prezidentiga maktub yoʻlladi

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga

Muhtaram Prezident Janoblari!

COVID-19 pandemiyasining salbiy oqibatlari butun dunyo hamjamiyatiga taʼsir qilayotgan bugungi favqulodda sharoitda men mamlakatingizdagi qiyinchilik va xatarlarni yengib oʻtishda Oʻzbekiston xalqi bilan birdam ekanimni bildirmoqchiman. Virus tarqalishiga qarshi kurashish, sogʻliqni saqlash sohasiga xarajatlarni oshirish, aholi va biznesni qoʻllab-quvvatlash borasida Siz tomondan koʻrilgan tezkor chora-tadbirlar inqiroz taʼsirini yumshatishga xizmat qiladi.

Xalqaro valyuta fondining Ijroiya kengashi joriy haftada ushbu gʻoyat mushkul vaziyatda Oʻzbekistonga moliyaviy koʻmak taqdim etishni maʼqullaganidan mamnunman. Ushbu yordam Jahon banki guruhi va Osiyo taraqqiyot bankining koʻmagi bilan birgalikda bugungi sharoitda yuzaga kelgan moliyaviy ehtiyojlarni qondirish imkonini beradi.

Bugungi kunda Sizning butun saʼy-harakatingiz, tabiiyki, koronavirus oqibatlarini yengib oʻtishga qaratilgan. Ayni paytda, shunga qaramay, Oʻzbekistonda faol va ochiq bozor iqtisodiyotini shakllantirish boʻyicha oʻrta muddatli maqsadlarga erishish yoʻlidagi islohotlaringizni davom ettirayotganingiz meni ruhlantiradi.

Keyingi uch yil davomida Sizning rahbarligingizda Oʻzbekiston miqyosi keng, shu jumladan savdoni, narx shakllanishi va valyuta ayirboshlash kursini liberallashtirish, davlat moliyasi va uni boshqarishdagi salohiyatni mustahkamlash, moliya sektori va ishbilarmonlik muhitini isloh qilish boʻyicha misli koʻrilmagan yangilanishlarni boshladi.

Ushbu islohotlar Oʻzbekistonning mintaqaviy va global iqtisodiyotga yanada integratsiyalashuviga, yanada yuksak, barqaror va inklyuziv taraqqiyotga erishishiga xizmat qiladi.

Bugungi sharoitda islohotlarni amalga oshirish yoʻlida mavjud barcha xatarlarga qaramay, Siz iqtisodiyotni transformatsiya qilish boʻyicha siyosatingizni qatʼiy davom ettirishingizga ishonaman.

Shu munosabat bilan ishontirib aytamanki, keyingi yillarda Oʻzbekiston va XVF oʻrtasida erishilgan yuqori darajadagi hamkorlikka tayangan holda, zarur maslahat va texnik koʻmakni taqdim etish, mutaxassislarni tayyorlash boʻyicha taʼlim dasturlarini amalga oshirish hamda moliyaviy yordam orqali Oʻzbekistonni qoʻllab-quvvatlashni davom ettirishga tayyormiz.

Men Jahon bankining ijrochi direktori boʻlgan davrdagi hamkorligimizni va shu asnoda Toshkentga tashrifimni iliqlik bilan eslayman. Mening bugungi kundagi vazifamda ham yaqindan hamkorlik qilishimizga umid qilaman.

Eng ezgu tilaklar ila,

Kristalina Georgiyeva,

Xalqaro valyuta fondi boshqaruvchi direktori

 

Saxovatpesha birodar Tojik xalqining insonparvarlik yordami

    Sirdaryo viloyatiga joʻnatilgan bu galgi insonparvarlik yordami qoʻshni, birodar Tojikiston davlati va uning saxovatpesha Tojik xalqi tomonidan amalga oshirildi.

“Sardoba” suv omborining qisman oʻpirilishi oqibatida yuzaga kelgan suv toshqinidan zarar koʻrgan fuqarolarga insonparvarlik yordami ortilgan poyezd esheloni Tojikiston Respublikasidan Sirdaryo viloyatining Guliston shahriga yetib keldi.

Ushbu saxovat koʻmagi Tojikiston Respublikasining Oʻzbekistondagi favqulodda va muxtor

elchisi Imomiy Sodiq Ashurboyzoda, Tojikiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar va fuqarolar mudofaasi Davlat qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari general-leytenant Rustam Shoxiyon, Soʻgʻd viloyati raisi oʻrinbosari Anvar Yaʼkubiy va boshqa rasmiy delegatsiya vakillari kuzatuvi ostida olib kelindi.

“Saxovat koʻmagi”ni olib kelgan Tojikiston delegatsiyasi aʼzolarini Guliston shahar temiryoʻl vokzalida Sirdaryo viloyati hokimi Gʻofirjon Mirzayev boshchiligida viloyat prokurori R.Masharipov, viloyat bojxona boshqarmasi boshligʻi Sh.Xayrullayev, Guliston shahar hokimi T.Dadabayev va boshqalar kutib oldilar.

Birodar Tojik xalqining ushbu insonparvarlik yordami tarkibida 3 ming tonna (45 vagon) sement, 61 tonnayu 220 kilo (1 vagon) mix, 67 tonna (1 vagon) turli ranglardagi boʻyoqlar, 10 ming dona (4 vagon) shifer kabi qurilish materiallari Guliston temir yoʻl vokzalining qurilish omboriga tushirildi.

Ushbu qurilish mahsulotlari tez kunda suv toshqindan zarar koʻrgan hududlarga zarurat darajasiga qarab joʻnatiladi.

 

Pokiston Prezidentiga hamdardlik

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Karachi shahrida roʻy bergan aviahalokat oqibatida koʻplab insonlar qurbon boʻlgani munosabati bilan Pokiston Islom Respublikasi Prezidenti Orif Alvi va Bosh vaziri Imron Xonga taʼziya maktubi yoʻlladi. Davlat rahbari Pokiston xalqiga, marhumlarning oila aʼzolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildirdi.

 

Oʻzbekiston va Turkiya Prezidentlari telefon orqali soʻzlashdi


Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 23-may kuni Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻan bilan telefon orqali muloqot qildi. 

Suhbat avvalida davlat rahbarlari butun musulmon olami uchun shodlik va shukronalik, xayr-saxovat va ezgulik ayyomi boʻlgan qutlugʻ Ramazon hayiti munosabati bilan oʻzaro tabrik almashdilar, bir-birlariga va qardosh xalqlarimizga baxt-saodat va farovonlik tiladilar.
Prezidentlar ikki tomonlama munosabatlar kun tartibidagi masalalarga alohida toʻxtaldilar. Zamonaviy tahdid va xatarlarga qarshi kurashishda yaqindan hamkorlik qilinayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Koronavirus tarqalishiga qarshi kurashish borasida ikkala mamlakatda koʻrilayotgan qatʼiy chora-tadbirlar, ushbu xavfli kasallikning salbiy oqibatlarini kamaytirish, aholiga manzilli yordam koʻrsatish, iqtisodiyotning muhim tarmoqlari va biznesning rivojlanishiga koʻmaklashish boʻyicha amalga oshirilayotgan inqirozga qarshi dastur qoʻllab-quvvatlandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev  Turkiya Prezidentiga pandemiyaga qarshi kurashda, shuningdek, Sardoba suv omboridagi favqulodda hodisa munosabati bilan koʻrsatilgan amaliy yordam uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.

Oʻzbekiston va Turkiya samarali mintaqaviy transport yoʻlaklarini rivojlantirish, jumladan, “Boku-Tbilisi-Kars” temir yoʻlidan faol foydalanishdan, shuningdek, yuk tashishlar hajmini oshirish uchun qulay sharoitlarni shakllantirishdan manfaatdor.

Suhbatda koʻp qirrali Oʻzbekiston-Turkiya munosabatlarini, avvalo savdo-iqtisodiy, investitsiya va transport-kommunikatsiya sohalarida kengaytirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Oliy darajada erishilgan kelishuvlarni, shu jumladan Strategik hamkorlik kengashining joriy yil boshida Anqara shahrida oʻtgan birinchi yigʻilishi qarorlarini oʻz vaqtida amalga oshirish muhim ekani taʼkidlandi.

Savdo koʻrsatkichlari dinamikasini saqlash hamda iqtisodiyotning turli tarmoqlarida Oʻzbekiston va Turkiyaning yetakchi kompaniya va banklari ishtirokidagi ustuvor investitsiya loyihalarini ilgari surish boʻyicha birgalikdagi ishlarni, shu jumladan ikki tomonlama Hukumatlararo komissiya faoliyati doirasida davom ettirish zarurligi qayd etildi.

Muloqot yakunida mintaqaviy hamkorlik va xalqaro siyosatning qator dolzarb masalalari koʻrib chiqildi.
Prezidentlar Turkiy kengashga aʼzo mamlakatlarning sogʻliqni saqlash, iqtisodiyot, savdo va transport vazirliklari rahbarlari oʻrtasidagi onlayn uchrashuvlarning samarali natijalarini yuksak baholadilar.
Suhbat har doimgidek ochiq, konstruktiv va doʻstona ruhda oʻtdi.

 

 

 

 



Aloqador xabarlar