O'zbekistondan xabarlar 18-qism

22-aprel kuni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻanning telefon orqali muloqoti boʻlib oʻtdi.

1406026
O'zbekistondan xabarlar 18-qism

 

Oʻzbekiston va Turkiya rahbarlarining telefon orqali muloqoti...

 

22-aprel kuni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻanning telefon orqali muloqoti boʻlib oʻtdi.

Suhbat avvalida davlat rahbarlari muborak Ramazon oyi boshlanishi munosabati bilan samimiy qutlovlar almashib, bir-birlari va birodar turk va o'zbek xalqlariga sihat-salomatlik, farovonlik va ravnaq tiladilar.

Oʻzbekiston Prezidenti hamkasbi va doʻst Turkiya xalqini ushbu mamlakatda keng nishonlanadigan davlat bayrami – Milliy suverenitet va bolalar kuni bilan ham tabrikladi.

Muloqotda Shavkat Mirziyoyev va Rejep Tayyip Erdogʻan yangi global xatar – koronavirus infeksiyasining shiddatli tarqalishiga qarshi kurashishda yaqindan hamkorlik qilish masalalariga alohida toʻxtaldilar.

Xususan, tomonlar Turkiya va O'zbekistonda pandemiyaga qarshi kurash, shuningdek, ushbu xavfli kasallik oqibatlarining amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy yangilanishlarga va inqirozga qarshi qabul qilinayotgan choralar samaradorligiga salbiy taʼsirini oldini olish borasida koʻrilayotgan qatʼiy chora-tadbirlarni toʻliq qoʻllab-quvvatladilar.

Davlat rahbarlari 10-aprel kuni koronavirusga qarshi kurashishda hamkorlikni kuchaytirish va saʼy-harakatlarni birlashtirish masalalariga bagʻishlab videoanjuman tarzida oʻtkazilgan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi navbatdan tashqari sammitining samarali natijalarini yuksak baholadilar.

Jumladan, erishilgan kelishuvlarga muvofiq, amaliy tajriba almashish va yuzaga kelayotgan masalalarni tezkor hal qilish uchun oʻzaro muvofiqlashgan tarzda ishlash maqsadida yaqin kunlarda Turkiy kengash mamlakatlari sogʻliqni saqlash va transport vazirliklari rahbarlarining turkum onlayn-uchrashuvlari boʻlib oʻtadi.

Oʻzbekiston va Turkiya Prezidentlari ikki tomonlama munosabatlarni batafsil muhokama qildilar. Joriy yil fevral oyida Anqara shahrida oʻtgan Strategik hamkorlik kengashi birinchi majlisi yakunida qabul qilingan qarorlarni oʻz vaqtida amalga oshirish muhimligi qayd etildi.

Oʻzaro savdo hajmi surʼatlarini saqlab qolish, ikki mamlakatning yetakchi kompaniya va korxonalari ishtirokidagi, birinchi navbatda, innovatsiya, energetika, transport, infratuzilma, sogʻliqni saqlash va boshqa sohalardagi ustuvor investitsiya loyihalarini qoʻllab-quvvatlash va jadallashtirish borasida hukumatlar darajasida choralar koʻrish muhimligiga eʼtibor qaratildi.

Shu maqsadda Hukumatlararo qoʻshma komissiya hamraislari, Oʻzbekiston va Turkiya vakolatli vazirlik va idoralari rahbarlarining ikki tomonlama maslahatlashuvlarini muntazam oʻtkazib borishga kelishib olindi.

Suhbatda mintaqaviy hamkorlik va xalqaro siyosatga doir qator dolzarb masalalar ham koʻrib chiqildi.

 

Oʻzbekiston Prezidentining Yevropa kengashi Prezidenti bilan telefon orqali muloqoti boʻlib oʻtdi.

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20-aprel kuni Yevropa kengashi Prezidenti Sharl Mishel bilan telefon orqali muloqot qildi.

Suhbat chogʻida Oʻzbekiston va Yevropa Ittifoqi oʻrtasidagi, birinchi navbatda siyosiy-diplomatik, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va gumanitar sohalarda koʻp qirrali hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilindi.Keyingi yillarda sheriklik jadal rivojlanib borayotgani va turli darajalardagi almashinuvlar faollashgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

Xususan, oʻtgan yil yakunlariga koʻra, Oʻzbekistonning Yevropa Ittifoqi mamlakatlari bilan oʻzaro savdo hajmi sezilarli darajada ortdi. Germaniya, Fransiya, Italiya, Belgiya, Vengriya va Yevropaning boshqa davlatlari yetakchi kompaniyalari ishtirokida muhim investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda, qoʻshma korxonalarning umumiy soni esa 1 mingdan oshdi.

Bundan tashqari, asosiy moliyaviy institutlar, shu jumladan Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Yevropa investitsiya banki bilan samarali hamkorlik kengaymoqda.Inson kapitali hamda fuqarolik jamiyati institutlari, fan, madaniyat va taʼlimni rivojlantirish masalalari boʻyicha muloqotda muvaffaqiyatga erishilgani alohida qayd etildi. Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi yangi bitimni qabul qilishga tayyorgarlikni yil yakuniga qadar yakunlash maqsadida ushbu hujjat loyihasi boʻyicha faol muzokaralarni davom ettirishga kelishib olindi.

Yevropa kengashi Prezidenti Oʻzbekistonda koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurash va pandemiyaning mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarga salbiy taʼsirini kamaytirish boʻyicha koʻrilayotgan mislsiz qatʼiy chora-tadbirlarni yuksak baholadi va toʻliq qoʻllab-quvvatladi.

Sharl Mishel Yevropa Ittifoqi ushbu global xatarga qarshi kurashishda Oʻzbekistonga zarur yordam koʻrsatishga tayyorligini bildirdi, Oʻzbekistonda ushbu maqsadlar uchun moliyaviy-texnik koʻmak ajratish toʻgʻrisida qaror qabul qilingani toʻgʻrisida xabar qildi.Suhbatda mintaqaviy ahamiyatga molik masalalar ham alohida koʻrib chiqildi.

Yevropa kengashi Prezidenti Markaziy Osiyoda katta ijobiy oʻzgarishlar roʻy bergani va mintaqa mamlakatlarining umumiy saʼy-harakatlari bilan erishilgan doʻstlik va ishonch, yaxshi qoʻshnichilik va sheriklik munosabatlarining bugungi darajasini katta mamnuniyat bilan qayd etdi. Uning taʼkidlashicha, ushbu sezilarli muvaffaqiyatlar Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo boʻyicha yangi strategiyasi maqsad va vazifalariga toʻliq mos keladi.

Birinchi navbatda savdo, investitsiya, innovatsiya, transport va energetika sohalarida dastur va loyihalarni ilgari surish orqali butun mintaqaning oʻzaro bogʻliqligini kuchaytirish va barqaror taraqqiyot maqsadida birgalikda faol ishlash muhimligi qayd etildi. Shu bois yil yakuniga qadar mintaqaviy hamkorlikni chuqurlashtirishga qaratilgan birinchi galdagi chora-tadbirlarni ishlab chiqish boʻyicha vazirlar koʻp tomonlama konferensiyasini oʻtkazish masalasi koʻrib chiqiladi.

Telefon muloqoti chogʻida, shuningdek, xalqaro ahamiyatga molik qator masalalar hamda boʻlajak oliy darajadagi tadbirlar rejasi muhokama qilindi.

Suhbat yakunida Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Yevropa kengashi Prezidenti Sharl Mishel Oʻzbekiston va YEI oʻrtasidagi konstruktiv muloqot va keng koʻlamli hamkorlikni rivojlantirishga intilishlari qatʼiy ekanini taʼkidladilar.

 

Siril Myullerni Oʻzbekiston Respublikasining “Doʻstlik” ordeni bilan mukofotlash toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev farmoniga koʻra, Oʻzbekiston iqtisodiyotida keng koʻlamli islohotlarni amalga oshirish va ustuvor tarmoqlardagi modernizatsiya dasturlarini roʻyobga chiqarishda strategik sherik hisoblangan Jahon banki guruhi bilan Oʻzbekiston Respublikasi oʻrtasidagi koʻp qirrali va samarali hamkorlikni shakllantirish va har tomonlama mustahkamlashga, bank-moliya, soliq-byudjet, qishloqxoʻjaligi va boshqa sohalardagi tub oʻzgarishlar jarayoniga qoʻshayotgan shaxsiy hissasi, shuningdek, yirik investitsiya va infratuzilma loyihalarini roʻyobga chiqarish borasidagi amaliy koʻmagi, Oʻzbekistonning xalqaro nufuzini oshirish yoʻlidagi ulkan saʼy-harakatlari hamda Markaziy Osiyoda doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va oʻzaro manfaatli sheriklikni chuqurlashtirishga qaratilgan tashabbuslarni faol qoʻllab-quvvatlayotgani uchun Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqalari boʻyicha vitse-prezidenti Siril Myuller Oʻzbekiston Respublikasining “Doʻstlik” ordeni bilan mukofotlandi.

 

 

Oʻzbekistonda ilk boks musobaqasini 98 yil avval Amerikalik Jakson oʻtkazganini bilasizmi?

 

1886-yil (bundan 134-yiloldin) – Nyu-yorklik bokschi, xizmat koʻrsatgan sport ustozi Sidney Jakson tavallud topdi (vafoti – 1966-yil). U Birinchi jahon urushidan oldin AQSHning kuchli bokschilaridan biri sanalgan. Nyu-York terma jamoasining aʼzosi sifatida Rossiyaga keldi, urush tufayli vataniga qaytib borolmadi.1922-yildan umrining oxirigacha Toshkentda yashadi.

Bu yerda birinchi boks toʻgaragi tashkil etdi va Oʻzbekistonda sportning bu turi rivojlanishiga katta hissa qoʻshdi. Ilk boks musobaqasi 1922-yil Toshkentdagi “Fortuna” sport jamiyatida oʻtkazildi. Uni Sidney Jakson uyushtirdi. U respublika terma jamoasining doimiy murabbiysi sifatida boks boʻyicha yuzlab sport ustalari tayyorladi. 1938–1942-yillarda Toshkent pedagogika institutida oʻqidi, soʻngra shu yerda ingliz tilidan dars berdi.

 

 

Toshkentdagi Inha universiteti talabalari “aqlli niqob”ni ixtiro qilishdi.

 

Bu niqob sezish funksiyasi orqali avtomatik tarzda inson haroratni oʻlchash, yoʻtalish va nafas qisilishi kabi barcha maʼlumotlarni maxsus ilova orqali smartfonga yuboradi.

Mualliflar universitetning Kompyuter va dasturiy injiniring fakulteti, 4-kurs talabalari Doston Mardiyev va Aziza Abdurahmonovadir.

Talabalarning fikriga koʻra, bunday niqobni qayta va qayta ishlatsa boʻladi. U insonning tana haroratiga, yoʻtalish, aks urish va nafas olishda boʻlayotgan qiyinchilikni uch xil sensorlar orqali aniqlab bera oladi.

Niqob mobil ilova orqali telefon bilan birlashtirilgan boʻlib uning yordamida niqobga oʻrnatilgan sensorlar avtomatik ravishda qayd etilgan koʻrsatkichlarni smartfonga yuboradilar.Ilova ushbu maʼlumotni COVID-19 alomatlari bilan taqqoslaydi. Agar tasodif boʻlsa, dastur aniqlik kiritadi.

COVID-19ning oʻziga xos belgilari mavjud boʻlib, u boshqa oʻtkir yuqumli kassaliklardan ajralib turadi: yuqori isitma, quruq yoʻtal, nafas qisilishi kabi. Sensorlar tufayli niqob bu maʼlumotlarni osongina aniqlay oladi. Masalan, agar odamda harorat 38,5 boʻlsa, u tez-tez yoʻtalsa va uzoq vaqt nafas ololmasa dastur niqob egasi COVID-19dan shubhalanayotganligi haqida signal beradi. Kelajakda biz bu niqobni tibbiy muassasalar bilan kelishilgan holda tekshirishni rejalashtirmoqdamiz. Tegishli alomatlari boʻlgan odamlarga tez yordam berish oson boʻladi”, — dedi gʻoya muallifi Aziza Abdurakhmonova.

Loyiha muallifi Doston Mardiyevning taʼkidlashicha, ayni paytda loyiha yakunlanib, sinovdan oʻtkazilmoqda.



Aloqador xabarlar