O'zbekistondan xabarlar 15-qism

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 3-aprel kuni Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon bilan telefon orqali muloqot qildi.

1392228
O'zbekistondan xabarlar 15-qism

 

Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini ragʻbatlantirish toʻgʻrisida...

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni

9-may umumxalq bayrami – Xotira va qadrlash kuni oʻtkazilishi, shuningdek, Ikkinchi jahon urushida halok boʻlganlar xotirasini abadiylashtirish, bugun ham saflarimizda turib, Vatan obroʻ-eʼtiborini yuksaltirishga, yoshlarni maʼnaviy-axloqiy jihatdan tarbiyalashga hissa qoʻshayotgan faxriylarni eʼzozlash hamda fashizm ustidan qozonilgan gʻalabaning 75 yilligi nishonlanishi munosabati bilan urush qatnashchilari va nogironlarini moddiy ragʻbatlantirish maqsadida:
1.Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlariga 10 000 000 (oʻn million) soʻmmiqdorida bir yoʻla pul mukofoti belgilansin.

2. Mazkur Farmonni bajarish bilan bogʻliq boʻlgan sarf-xarajatlar Oʻzbekiston Respublikasi respublika byudjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshirilsin.

3.Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati Moliya vazirligi, Markaziy bank, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlariga ushbu pul mukofotining tantanali topshirilishini taʼminlasinlar.

4.Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi V.V. Maxmudov zimmasiga yuklansin.

OʻzbekistonRespublikasi Prezidenti       Sh.Mirziyoyev.

 

 

Karantindagi dunyo.O‘zbekistonda koronavirus qanday kutib olindi? Mart oyining yakunlari...

 

Yakunlanayotgan mart oyi, shubhasiz, COVID-19 atrofidagi voqealar bilan yodda qoladigan bo‘ldi. Bugun kasallik qarshisida butun dunyo ojiz qolmoqda, butun dunyo karantin rejimida.Oy qanday boshlandi-yu, uni qanday yakunlayapmiz? Quyida yuz bergan voqealarning ba’zilarini tahlil qilishga urinib ko‘ramiz.

Dunyoda koronavirus

Fevral oyidan boshlab Yevropada avj olib ketgan koronavirus kasalligi mart oyidan butun dunyoni qamrab ola boshladi. Italiya kasallikning yangi o‘chog‘iga aylandi.JSST kasallik epidemiyadan pandemiyaga o‘tganini aytdi. Har bir aniqlangan holat ortidan kuzatish imkonsiz bo‘lib qoldi. Dastlab mamlakat shimolida kasallik aniqlangan bo‘lsa, keyinchalik u butun mamlakat bo‘ylab tarqala boshladi.

Ana shunday sharoitda Italiya 9-mart kunidan boshlab mamlakatda yoppasiga karantin rejimini joriy qildi. Butun mamlakat bo‘ylab favqulodda holat joriy etildi, odamlarning ko‘chaga faqat oziq-ovqat va tibbiy xizmat uchun chiqishiga ruxsat berildi. Zaruratsiz ko‘chaga chiqish taqiqlab qo‘yildi. Bugungi kunda Italiya dunyoda koronavirusdan vafot etganlar soni bo‘yichayetakchilik qilmoqda. 30-mart holatiga ko‘ra, Italiyada COVID-19 kasalligi bo‘yicha 97 mingdan oshiq holat qayd etildi. Ulardan 10 ming nafardan ortig‘i vafot etgan bo‘lsa, 13 mingdan ortig‘i tuzalib ketdi.

Fevral oyida Italiya, Janubiy Koreya va Eronda yangi turdagi koronavirus kasalligini yuqtirish bo‘yicha holatlar ko‘paygan bo‘lsa, Mart oyi boshidan Italiyaga qo‘shni Fransiya, Ispaniya, Germaniya, bundan tashqari AQSh kabi davlatlarda vaziyat taranglashib ketdi. 13-martdan boshlab Fransiya hukumati mamlakatda barcha ta’lim muassasalari, 14-martdan barcha savdo binolari yopildi, 17-martdan mamlakat ommaviy karantinga olindi.

Karantin rejimini nazorat qilishda armiya va politsiya jalb etildi. Odamlar uylarida qolishlari qat’iy ta’kidlandi.24-mart kuni esa karantin muddati 15-aprelgacha uzaytirilishi e’lon qilindi. 30-mart holatiga ko‘ra, mamlakatda ushbu kasallikni yuqtirganlar soni 40 mingdan oshgan bo‘lsa, shundan 2 600 dan ortig‘i o‘lim bilan yakunlandi. 7 mingdan ortiq bemor tuzalib ketdi.

Umuman olganda, mart oyida dunyoda sanoqligina davlatlardan tashqari barcha davlatlarda koronavirus bilan bog‘liq holat qayd etildi. Kasallanganlar soni bo‘yicha 27-mart kuni AQSh Xitoydan o‘zib ketdi. Mamlakat boshqa davlatlar singari karantin rejimida qolmoqda. Kasallangan fuqarolar soni 30-mart holati bo‘yicha 142 mingdan oshiqni tashkil etdi. O‘lim soni esa Italiya, Xitoy, Ispaniya, Fransiya, Eron kabi davlatlarnikiga qaraganda birmuncha pastroq.

Mamlakatda 2 500 ga yaqin kishi vafot etdi. Dunyoda COVID-19 kasalligi bilan vafot etgan kasallar soni bo‘yicha Italiya (10 779) yetakchilik qilmoqda. Undan keyingi o‘rinlarda Ispaniya (6 803), Xitoy (3 304), Eron (2 640) va Fransiya (2 606) bormoqda. Ba’zi tahlilchilar Xitoy va Erondagi raqamlar amaldagidan ancha pasaytirib ko‘rsatilganiga e’tibor qaratmoqda. Buning sababi ulardagi mavjud siyosiy boshqaruv tizimining avtokratiyaga moyil ekanidir.

Buyuk Britaniyadagi holat Yevropaning boshqa davlatlariga qaraganda yaxshiroq.Bugungi kunda mamlakatda kasallikka chalingan fuqarolarning umumiy soni 20 mingga yaqin. Shundan 1 200 dan ortiq kishi vafot etgan bo‘lsa, 135 tasi tuzaldi.

27-mart kuni Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson koronavirus yuqtirib olganini Twitter’dagi sahifasi orqali ma’lum qilgan.“So‘nggi 24 soat ichida menda yengil simptomlar sezildi. Koronavirusga topshirgan testimning natijasi ijobiy chiqdi”, — degan u va videomurojaati yakunida barchani uyda qolishga chaqirgan.

Mart oyiga kelib Janubiy Koreya va Xitoydagi holat yaxshilandi. Xitoyda kasallanganlarning aksariyat qismi tuzalib ketdi.29-mart kuni Xitoy o‘z hududida epidemiya to‘liq bartaraf etilganini ma’lum qildi. Kasallik ilk tarqagan Uxan shahrida esa metro harakati qisman qayta tiklandi.

Hozirda bu davlatda kasallar soni 2 400 dan ortiq kishini tashkil qilmoqda. Kasallar soni kun sayin kamayib bormoqda. Kasallik yuqtirganlarning umumiy soni 81 mingdan oshdi.Ulardan 75 mingdan ortig‘i tuzalib ketdi.

 

Afgʻonistonga ham insonparvarlik yordami joʻnatildi

 

1 Aprel kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning topshirigʻiga muvofiq, koronavirus tarqalishining oldini olishga koʻmak berish maqsadida Afgʻoniston Islom Respublikasiga insonparvarlik yordami joʻnatildi.

Mamlakat rahbari nomidan birodar Afgʻon xalqiga Oʻzbekistonning doʻstona yordami sifatida yoʻlga tushgan ezgulik poyezdi – insoniyat uchun umumiy ofatga aylangan koronavirusga qarshi kurashda birinchi navbatda zarur boʻladigan mahsulotlardan shakllantirilgan. Tibbiy niqoblar, himoya kombinezonlari, kasallikni aniqlashga yordam beradigan teplovizor, pirometrlar, un, yogʻ, guruch, xoʻjalik sovuni, shuningdek, Afgʻon bolalari uchun kiyim-kechak mahsulotlaridan iborat insonparvarlik yuki Angren-Toshkent-Termiz-Mozori-Sharif yoʻnalishi boʻylab joʻnab ketdi.

– Bugun yer yuzining hech bir mamlakati yoʻqki, boshqa davlatlar taqdiriga befarq qarayotgan boʻlsin, – deydi Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati xodimi Samandar Hikmatullayev. – Zero, koronavirus infeksiyasi butun dunyo aholisini umumiy xavf ostiga qoʻydi. Ushbu kasallikka qarshi barcha mamlakatlar birgalikda kurashsagina ofatni yengish mumkin.Oʻzbekistonning Afgʻon xalqiga koʻrsatayotgan koʻmagi mana shu hamjihatlikning yaqqol misolidir.

Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining topshirigʻiga muvofiq, shu paytgacha

koronavirusdan eng koʻp aziyat chekkan bir qator mamlakatlar, jumladan, Xitoy XalqRespublikasi va Eronga insonparvarlik yordami joʻnatilgan edi.

 

 

AQSh O‘zbekistonga koronavirusga qarshi kurashish uchun 848 ming dollar beradi

O‘zbekistonning AQShdagi elchisi Javlon Vahobov O‘zbekistonga koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashishda moliyaviy va texnik ko‘mak ko‘rsatish dasturlarini kengaytirish istiqbollarini muhokama qilish maqsadida AQSh Davlat departamenti vakillari bilan videokonferensiya o‘tkazdi.

Muzokaralar chog‘ida AQSh davlat departamentining Covid-19 tahdidini bartaraf qilish bo‘yicha moliyalashtirish dasturiga O‘zbekiston ham qo‘shilgani hamda Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik agentligiga virus tarqalishiga qarshi kurashish uchun individual himoya vositalari to‘plami topshirilgani uchun Amerika tomoniga minnatdorlik bildirildi.

Avvalroq AQSh davlat kotibi Mayk Pompeo Covid-19 pandemiyasiga qarshi kurashishda tahdid ostida qolgan 64 davlatga favqulodda tibbiy va insonparvarlik yordami ko‘rsatish uchun AQSh hukumati tomonidan 274 million dollar ajratilgani haqida e'lon qilgan edi. 

Amerika tomoni O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan karantin choralari, koronavirus yuqtirganlarni axtarib topish, profilaktika qilish va tarqalishining oldini olish bo‘yicha oshirilayotgan sa'y-harakatlar bilan tanishtirildi. Qayd etilishicha, AQShdagi xususiy tibbiy korporatsiyalar, donorlar hamjamiyati va xayriya tashkilotlari bilan O‘zbekistonda koronavirusga qarshi qarshi kurashishda ularning texnik ko‘magi va insonparvarlik yordamini jalb qilish maqsadida hamkorlik olib borilmoqda.

«Davlat departamenti vakillarining ma'lumotiga ko‘ra, Amerika tomonidan O‘zbekistonning ko‘rsatib o‘tilgan ehtiyojlarini qondirish uchun 848 ming dollar ajratilishi rejalashtirilmoqda. Ushbu mablag‘lar AQShning xalqaro rivojlanish agentligi (USAID) dasturi asosidagi navbatdagi transh bo‘lib, Qizil xoch va Qizil yarimoy jamiyatilari xalqaro federatsiyasiga va Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga Covid-19’ga qarshi kurashishni qo‘llab-quvvatlash uchun berladi», — deyiladi O‘zbekiston TIV xabarida.

Moliyalashtirish keng miqyosli testdan o‘tkazish uchun laboratoriyalarni jihozlash, Covid-19 ustidan epidemologik nazoratni yaxshilash, infeksiyani proflaktika qilish va tarqalishini nazorat qilishni ta'minlashda tibbiyot muassasalarining salohiyatini oshirish, tezkor yordam ko‘rsatish tizimi, zararlangan holatlarni aniqlash va davolash, shuningdek, virus haqidagi dezinformatsiyaga qarshi turishga yo‘naltiriladi.

 

Oʻzbekiston Prezidenti Tojikiston Prezidenti bilan telefon orqali muloqot qildi.

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 3-aprel kuni Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon bilan telefon orqali muloqot qildi.

Suhbat avvalida birodar davlatlar rahbarlari kirib kelgan yangilanish va yasharish bayrami – Navroʻz munosabati bilan bir-birlarini samimiy qutlab, ezgu tilaklar bildirdi.

Prezidentlar ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalarini muhokama qildilar hamda sheriklikni, birinchi navbatda savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, bank-moliya, madaniyat va taʼlim sohalarida kengaytirishning istiqbolli yoʻnalishlarini koʻrib chiqdilar.

Erishilgan kelishuvlar, shu jumladan mamlakat poytaxtlari oʻrtasida qabul qilingan “yoʻl xaritasi”ni amalga oshirish, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida oʻzaro manfaatli kooperatsiya loyihalarini ilgari surish boʻyicha qoʻshma fond tashkil etishni jadallashtirish muhimligi qayd etildi.

Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga yoʻl qoʻymaslik va mintaqada pandemiya oqibatlariga qarshi samarali kurashish maqsadida oʻzaro hamkorlik va yaqindan muvofiqlashtirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Tomonlar ikki mamlakatlda koʻrilayotgan birinchi navbatdagi preventiv choralar va epidemiologik vaziyatni nazorat qilish tadbirlarini toʻliq qoʻllab-quvvatladilar.

Koronavirusga qarshi kurashishda faol hamkorlikni davom ettirish muhim ekani taʼkidlandi.

Davlat rahbarlari, shuningdek, mintaqaviy hamkorlikka oid va xalqaro ahamiyatga molik masalalar yuzasidan fikr almashdilar.

 

O'zbekistonda 6-apreldan yana qanday taqiqlar kiritiladi?

 

Koronavirus kasalligiga qarshi kurashish respublika maxsus komissiyasining joriy yil 4-aprel sanasida oʻtkazilgan Oʻzbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishini oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash boʻyicha respublika maxsus komissiyasining navbatdagi yigʻilishida bir qator qoʻshimcha chora-tadbirlar belgilandi.

Unga koʻra, joriy yil 6-apreldan eʼtiboran quyidagilarni nazarda tutgan holda “oʻzini yakkalash” hayot tarzi Nukus va Toshkent shaharlari hamda viloyatlar markazlarida majburiy ravishda joriy etiladi:

- shaxsning oʻzining yashash hududidagi savdo nuqtalarida birinchi galdagi hayotiy zarur boʻlgan ehtiyojlari (oziq-ovqat, dori-darmon, tibbiy buyum va vositalarni xarid qilish va b.) uchun va shifokor koʻrigiga murojaat etishdan boshqa maqsadlarda chiqishi qatʼiyan cheklanadi.

— harakatlanishda hamda savdo doʻkonlari va boshqa joylarda 2 metrlik ijtimoiy masofani saqlash talab etiladi;

- 65 yoshdan yuqori yoshda boʻlgan va surunkali kasalligi boʻlgan fuqarolar oʻz uylaridan oʻta zaruratsiz tashqariga chiqishi qatʼiyan man etiladi.

Ushbu talablarni buzgan shaxslar qonunchilikka muvofiq tegishli javobgarlikka tortilishi mumkin.

Shuningdek, yirik dehqon bozorlari va savdo majmualarining (supermarket, gipermarket va boshqalar) kirish-chiqish joylari tegishli mutaxassislar bilan taʼminlagan holda pirometrlar va antiseptik vositalar bilan jihozlanadi.

Bunda ushbu majmualarga tashrif buyurayotgan har bir fuqaroning tana harorati oʻlchanadi hamda 37 S va undan yuqori boʻlganda, mazkur fuqarolar ushbu majmualarga kiritishga yoʻl qoʻyilmaydi.

Bunda ushbu fuqarolarga zudlik bilan tez tibbiy yordam xizmatiga murojaat etish tavsiya etiladi.

Markazlashgan holda pirometrlarni Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahriga ikki kun muddatda yetkazib beriladi.

- Yirik dehqon bozorlari va savdo majmualari (supermarket, gipermarket va boshqalar) hamda karantin tadbirlari uchun ajratilgan joylarda dezinfeksiya ishlari muntazam ravishda majburiy tartibda amalga oshirib boriladi.

- Karantin talablarining ijrosini soʻzsiz taʼminlash hamda maxsus ruxsatnomasi mavjud boʻlmagan holda harakatlanayotgan avtotransport vositalarini huquqbuzarlik davom ettirilishiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida istisno tariqasida ichki ishlar organlari yoʻl-patrul xizmati xodimlari tomonidan karantin davrida avtotransport vositasini maxsus ruxsatnomasiz boshqarganlik uchun transport vositasini jarima maydonchasiga joylashtirish yoʻli bilan ushlab turiladi.

- Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyat markazlarida 2020-yil 6-aprel soat 06-00 dan eʼtiboran mototransport (skuter) hamda velosipedda harakatlanish karantin davrida vaqtincha cheklanadi.

 

Toshkent xalqaro marafoni kuzga ko‘chirildi

22 mart kuni Navro‘z bayrami munosabati bilan o‘tkazilishi rejalashtirilgan II Toshkent xalqaro marafoni koronavirus pandemiyasi sabab qoldirilgandi.

Sovrin jamg‘armasi 350 million so‘m bo‘lgan bu xalqaro marafon 11 oktyabrda o‘tkazilishi belgilangan. Bu haqda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot kotibi Otabek Eshmamatov AOKAda tashkil etilgan brifingda ma'lum qildi.

«Toshkent xalqaro marafoni joriy yilning 11 oktabr kuni o‘tkaziladigan bo‘ldi. Shu kungacha marafonda qatnashish uchun 30 dan ortiq mamlakatdan 2 mingdan oshiq qatnashchilar ro‘yxatdan o‘tgandi. Ulardan 210 nafari to‘liq marafon, ya'ni 42 km 195 masofaga yugurish uchun, 680 nafari yarim marafon bahslari uchun, qolganlar 1,5 va 3 km masofaga ommaviy yugurish musobaqasida qatnashish uchun ro‘yxatdan o‘tgan.

Ishtirokchilardan 90 million so‘m atrofida a'zolik badali yig‘ilgan va shundan 18 milliondan ortig‘i egalariga qaytarib berildi. Qolganlar ham ariza asosida pullarini qaytarib olishlari yoki bo‘lmasa amalga oshirgan to‘lovlarini 11 oktyabrda o‘tkaziladigan marafonga qatnashish uchun o‘tkazishlari mumkin», dedi Otabek Eshmamatov.

Vazirlik matbuot kotibi, shuningdek Olimpiada o‘yinlarining boshqa muddatda o‘tkazilishi va bu sportchilarning jismoniy holatiga qanday ta'sir ko‘rsatgani haqida ham gapirdi.

«Olimpiada o‘yinlarining keyingi yil o‘tkazilishi odilona qaror bo‘ldi va bu butun dunyo sportchilari qatorida O‘zbekistonlik sportchilar uchun ham yaxshi xabar bo‘ldi.

Koronavirus pandemiyasi sabab qator lisenzion musobaqalar bekor qilindi va sportchilar Tokio olimpiadasiga ko‘zlangan miqdorda yo‘llanmani qo‘lga kiritib ulgurishmadi. Atletlar sport musobaqalari to‘xtatilganiga qadar 40ta yo‘llanmani qo‘lga kiritishgandi.

Masalan, hozirgacha 7ta yo‘llanmani naqd qilgan bokschilar 10ta yo‘llanmani maqsad qilishgandi. Agar olimpiada o‘yinlari keyingi yilga qoldirilganida, o‘ynalmay qolgan yo‘llanmalar sportchilarning oxirgi ko‘rsatkichlariga qarab taqsimlanar va bu adolat tamoyillariga zid bo‘lib qolardi.

Olimpiada o‘yinlarining qoldirilgani sportchilarning jismoniy holatiga qanday ta'sir qildi? Albatta, musobaqa qoldirilgani bilan sport to‘xtab qolgani yo‘q. Sportchi bir kun mashg‘ulotni qoldirsa, bir necha oy ko‘rgan tayyorgarligi yo‘qqa chiqishi mumkin. O‘zbek atletlari uy sharoitida mashg‘ulotlarni davom ettirishmoqda va bu jarayon Milliy Olimpiya Q‘omitasi tashkil qilgan maxsus guruh nazoratida», deydi Otabek Eshmamatov.

 



Aloqador xabarlar