O'zbekistondan xabarlar 13-qism

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston Respublikasi Orezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev o‘rtasida telefon orqali muloqot bo‘lib o‘tdi.

1383347
O'zbekistondan xabarlar 13-qism

O‘zbekiston Eronga insonparvarlik yordami yubordi 

 16 mart kuni Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportidan O‘zbekiston Respublikasi prezidentining alohida ko‘rsatmasiga muvofiq koronavirusning oldini olish chora-tadbirlariga ko‘maklashish maqsadida Eron Islom Respublikasiga insonparvarlik yordami yuborildi.

Insonparvarlik yordam yuborish to‘g‘risida joriy yilning 12 martida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli farmoyishi imzolangan edi.

“Eron Islom Respublikasi hukumati O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga yangi koronavirus COVID-19 kasalligi tarqalishini bartaraf etish uchun zarur bo‘lgan tibbiy buyumlar va vositalar bilan ta’minlashda amaliy yordam ko‘rsatish yuzasidan murojaat qilgan edi, deydi Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati xodimi Samandar Hikmatullayev.

Eronga steril tibbiy qo‘lqoplar, himoya qiluvchi kombinezonlar, maxsus tibbiy formalar, niqoblar, doka, spirt, gigiyenik gellar va dori vositalari singari umumiy og‘irligi qariyb yetti tonnaga yaqin bo‘lgan tibbiy buyumlar insonparvarlik yordami sifatida yuborildi. Bunda Favqulodda vaziyatlar vazirligi insonparvarlik yukini shakllantirish va yetkazib berish uchun mas’ul etib belgilangan edi. Yukni kuzatib borish va topshirish uchun Eronga vazirlikning ikki nafar harbiy vrach mutaxassisi jo‘nab ketdi.

Eronda qolib ketgan 14 nafar yuk tashuvchi haydovchi, shuningdek, tadbirkor, talaba va boshqa O‘zbekistonliklar olib kelinadi.

Ta’kidlanishicha, ular va samolyot ekipaji a’zolari qaytib kelgach, belgilangan tartibda malakali shifokorlar, soha mutaxassislari nazorati ostida ikki hafta karantinda saqlanadi.

Avvalroq, O‘zbekiston hukumati ikki marta Xitoy Xalq Respublikasiga insonparvarlik yordamini yuborgandi

212 nafar O‘zbekiston fuqarosi Vatanga qaytarildi

  Koronavirusning geografik qamrovi kengayib borayotgani sababli o‘qish, biznes, sayohat va boshqa ezgu maqsadlar bilan dunyoning turli mamlakatlarida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolarani ortga qaytarish hukumatning diqqat markazida bo‘lib turibdi.

16 mart kuni Namangan xalqaro aeroportiga Erondan va Riga shahridan charter reys bilan uchgan Mudofaa vazirligiga qarashli yuk-transport samolyoti va “Uzbekistn Airways” MAK ning zamonaviy layneri 15 daqiqa oraliq farqi bilan, ya’ni soat 21:45 va 22:00 da qo‘ndi. Ularning bortida Eron (37 kishi) va Latviya (175) davlatlaridan olib kelingan jami 200 nafardan ziyod O‘zbekiston fuqarolari bor edi.

Maxsus reyslar yo‘lovchilari viloyat hokimligi huzurida tuzilgan shtab, sog‘liqni saqlash boshqarmasi, sanitariya epidemiologiya nazorati markazi va boshqa mutasaddi tashkilotlar vakillaridan iborat ishchi komissiyalari tomonidan koronavirus tarqalishi profilaktikasiga doir belgilangan chora-tadbirlar asosida kutib olindi.

Dastlab maxsus kiyim-boshlar bilan himoyalangan tibbiyot sohasi mutaxassislari tomonidan yo‘lovchilar birma-bir dezinfeksiya qilinib keyin samolyotdan chiqarildi va ular avtobuslarda tibbiy nazorat karantinida saqlash uchun tayyorlab qo‘yilgan tibbiyot muassasalariga jo‘natildi.

Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i S.Mo‘minov so‘zlariga ko‘ra, Eron va Rigadan olib kelingan fuqarolar To‘raqo‘rg‘on tumanidagi yuqumli kasalliklar shifoxonasi va Kosonsoy sihatgohlaridagi maxsus tayyorlab qo‘yilgan joylarga yotqizib, 14 kunlik karantin nazoratiga olildi.

YANGI KITOB: “Tarixi madaniyat” – asr oshib kelayotgan mulohazalar

O‘zbekiston “Fan” nashriyoti ma'rifatparvar adib Ishoqxon Ibratning “Tarixi madaniyat”  nomli kitobini chop etdi. 

Kitobda XX asr 20-30 yillaridagi O'zbek milliy madaniyatining konseptual masalalari yoritilgan. Madaniyat tushunchasi va uning mazmun-mohiyati, O'zbek tilidagi turli nuqsonlar, milliy ta'lim tizimini amalga oshirish yo'l-yo'riqlari, moddiy va ma'naviy madaniyatning turli muammolari ochib berilgan. Shu bilan birga ushbu kamchiliklarni bartaraf etish bo'yicha ko'rsatmalar va asosli ma'lumotlar aytilgan. 

Risolani tarix fanlari nomzodi, dotsent Sherali Qo'ldoshev nashrga tayyorlagan. Tarix fanlari nomzodi Hamidulla Aminov muharrirlik qilgan.

O'zbekistondaolimlaruchunxalqaromukofotta'sisetiladi
    Prezident Shavkat Mirziyoyev “O'zbekiston Respublikasida matematika sohasidagi ta'lim sifatini oshirish, ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish va ilmiy ishlanmalarni amaliyotga joriy qilishni qo'llab-quvvatlashga qaratilgan chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi. 
Unga ko'ra, Moliya vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi va Fanlar akademiyasining matematikasi sohasidagi ilmiy izlanishlari natijalariga ko'ra amaliyotdagi muayyan muammoning yechimini taklif etgan olimlarni mukofotlash maqsadida O'zbekiston Respublikasi Prezidentining Al-Xorazmiy nomidagi xalqaro mukofotini ta'sis etish to'g'risidagi taklifiga rozilik beriladi. 

Hujjat bilan quyidagilar belgilanadi: 

Mukofot bilan O'zbekiston Respublikasi va chet el fuqarolari taqdirlanadi; 

Mukofot bilan taqdirlash bo'yicha xarajatlar bir martalik to'lov shaklida 100 ming AQSH dollari miqdorida O'zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag'lari hisobidan amalga oshiriladi; 
Mukofot bilan taqdirlash O'zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan har yili O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika fan va texnologiyalar kengashining taqdimnomasiga ko'ra beriladi; 

Kengashda nomzodlarni ko'rib chiqish O'zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan tegishli davlat yoki xo'jalik boshqaruvi organining xulosasi O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritadigan takliflariga ko'ra amalga oshiriladi; 
Taqdirlash uchun nomzodlar bo'yicha takliflar Matematika jamiyati tomonidan o'tkaziladigan doimiy kuzatuvlar asosida shakllantiriladi va ekspert tavsiyanomasi shaklida O'zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligiga taqdim etiladi.

Mirziyoyev va To‘qayev koronavirus bilan bog‘liq vaziyatni muhokama qildi

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston Respublikasi prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev o‘rtasida telefon orqali muloqot bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Qozog‘iston prezidentining saytida xabar qilindi.

Qayd etilishicha, davlat rahbarlari koronavirus pandemiyasining tarqalishi bilan bog‘liq vaziyatni muhokama qildilar, bir-birlariga kasallikka qarshi kurash bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida ma'lumot berdilar. 

Shavkat Mirziyoyev qozog‘istonlik hamkasbining qat'iy harakatlarini qo‘llab-quvvatlab, ular o‘z vaqtida va asosli ekanligini ta'kidladi.

Prezidentlar oliy darajadagi hamkorlik va ikki mamlakat hukumatlari faoliyatini muvofiqlashtirish to‘g‘risida kelishib oldilar. Suhbat chog‘ida O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va gumanitar sohalardagi hamkorlikni yanada mustahkamlash bo‘yicha birgalikdagi ishlarni davom ettirish muhimligi to‘g‘risida fikr bildirildi.

Ma'lumot uchun, Qozog‘istonda ayni vaqtga kelib koronavirusga chalinish bilan bog‘liq 32 ta holat aniqlangan bo‘lsa, O‘zbekistonda 15 ta holat qayd etildi.

Turkmaniston Prezidenti bilan telefon orqali muloqot bo'lib o'tdi

18-mart kuni O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqoti bo'lib o'tdi.

Davlat rahbarlari O'zbekiston-Turkmaniston do'stlik, yaxshi qo'shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlash, shuningdek, ko'p qirrali hamkorlikni, avvalo savdo-iqtisodiy, energetika va transport-kommunikatsiya sohalarida kengaytirish masalalarini batafsil muhokama qildilar.

Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlik va xalqaro siyosatning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Koronavirus pandemiyasiga qarshi samarali kurashishni ta'minlash va uning ikki tomonlama aloqalarga salbiy ta'sirini oldini olish maqsadida hukumatlar darajasida samarali hamkorlik qilish muhimligiga alohida e'tibor qaratildi.

Muloqot so'ngida Prezidentlar bir-birini hamda qardosh O'zbekiston va Turkmaniston xalqlarini kirib kelayotgan bahor, baxt-saodat va yangilanish ayyomi - Navro'z bilan samimiy qutladilar.

Ushbu fayzli bayram asrlar osha mustahkam do'stlik, tarixi va madaniyati mushtarakligi, tili, an'ana va urf-odatlari o'xshashligi bilan chambarchas bog'langan xalqlarimiz ma'naviy hayotining ajralmas qismi ekani qayd etildi.

Prezident Gurbanguli Berdimuhamedov O'zbekistonning ko'p millatli xalqiga tinchlik, ezgulik va farovonlik tiladi. Bugungi mushkul davrda Turkmaniston har tomonlama ko'maklashishiga va yangi xavf-xatarlarni birgalikda bartaraf etishga tayyor ekani alohida ta'kidlandi.

Prezidentkoronavirusbilanbog'liqvaziyatbo'yichaxalqqamurojaatqildi

   O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 18-mart kuni mahalla va oila masalalariga bag'ishlangan videoselektor yig'ilishining boshida koronavirus muammosiga to'xtalib o'tdi.

Bugungi kunga kelib ushbu xavfli infeksiya 160 dan ortiq mamlakatda tarqaldi. Ming afsuski, bu yuqumli xastalik   O'zbekistonni ham chetlab o'tmadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev vaziyat to'liq nazorat ostida ekanini alohida ta'kidlab, xalqqa murojaat qildi: ‘‘– Bu hayotning ko'p og'ir sinovlarini va yaxshi-yomon kunlarini boshidan kechirgan xalqimiz hammasini to'g'ri tushunib, masalaga ongli yondashmoqda. Muftiyat rahbarligida diniy ulamolar yurtimizga tinchlik-xotirjamlik, bemorlarga shifo tilab, duoi fotihalar qilishmoqda. Millati, tili va dinidan qat'i nazar, hammamiz yakdilmiz va, ishonamizki, bu qiyinchiliklar, albatta, o'tib ketadi. Buning uchun birinchi navbatda shifokorlar tavsiyalariga amal qilib, shaxsiy gigiyena va sanitariya qoidalariga har birimiz o'z oilamiz, bolalarimiz bilan uyimizda, ishxonamizda va boradigan joylarimizda qat'iy amal qilishimiz zarur. Kasallikni yashirmasdan, o'z vaqtida murojaat qilish uning oldini olishda eng samarali choradir.

Birinchidan, oziq-ovqat va boshqa kundalik iste'mol mahsulotlarining narxi oshib ketmasligi uchun barcha choralar ko'rilmoqda. Davlat soliq qo'mitasi, Bosh prokuratura huzuridagi departament bu boradagi ishlarni kuchaytirishi kerak.

Mamlakatimizda yetarli darajada zaxira mavjud, xavotir yoki vahimaga tushishga hech qanday asos yo'q. Ammo ko'pga kelgan bu baloga qarshi hammamiz birgalikda, bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilishimiz lozim.

Barcha davlat tuzilmalari va nodavlat tashkilotlar, muhtaram nuroniylarimiz, mahalla va xotin-qizlar, yoshlar birlashmalari faollari ommaviy axborot vositalari orqali xolis va haqqoniy, keng tushuntirish ishlarini kuchaytirishiga ishonaman.

İkkinchidan, majburiy ta'til paytida farzandlarimiz o'quv mashg'ulotlarini davom ettirishlari uchun O'zbekiston milliy teleradiokompaniyasi bilan birgalikda videodarslar turkumi yo'lga qo'yildi.

Teleradiokanallarimiz yoshlarning bo'sh vaqtini mazmunli o'tkazish uchun tariximiz, boy madaniyatimizga oid ko'rsatuv va eshittirishlar, yoshlarimiz uchun foydali va qiziqarli badiiy dasturlar, kinofilmlarni ko'paytirishi lozim.

Hurmatli ota-onalarimiz o'z farzandlarini jahon va milliy adabiyotimizning eng yorqin namunalari bilan tanishtirishga harakat qilsalar ayni muddao bo'lardi.

Yana bir muhim masalaga e'tiboringizni qaratmoqchiman. Hozirgi vaziyatda ayrim mas'uliyatsiz, haqiqiy holatdan bexabar va o'zini “piar qilish”ni yaxshi ko'radigan odamlar turli mish-mish va uydirmalarni tarqatishga urinadi. Shu munosabat bilan jamoatchiligimizdan iltimos qilaman: sarosima yoki vahima kayfiyatiga berilmaslik kerak. Matbuot va ijtimoiy tarmoqlarda noto'g'ri, asoslanmagan ma'lumotlarni tarqatishga yo'l qo'ymasligimiz zarur. Bu masalani huquq-tartibot idoralari ham alohida nazoratga olishi lozim.

        Aziz vatandoshlar!

Koronavirus pandemiyasining butun dunyo mamlakatlari qatori bizning ham iqtisodiyotimizga salbiy ta'siri bo'lishi tabiiy.

So'nggi ikki haftada jahon bozorida neftning narxi (bir barrel 60 dollardan qariyb 30 dollarga) keskin pasayib ketgani oqibatida gaz eksportimiz tushumlari qisqarishi mumkin.

Xorijdagi asosiy savdo hamkorlarimizning milliy valyutalari qadrsizlanishi respublikamizga ham, albatta, valyuta tushumini kamaytiradi.

Xorijiy turistlar soni va tushum miqdori kamayishi mumkin. Bular, tabiiyki, yalpi ichki mahsulot va eksport hajmiga ta'sir qilmasdan qolmaydi.

Mening topshirig'imga muvofiq, Maxsus ishchi guruh turizm, transport, farmatsevtika va yengil sanoat kabi sohalarga soliq ta'tillari berish, kreditlarni qaytarish muddatini kechiktirish, kechiktirilgan tashqi qarzdorlik uchun jarima qo'llamaslik tartibini joriy qilish choralarini ko'rmoqda.

Hukumat qiyin ahvolga tushishi mumkin bo'lgan soha va tarmoqlarni, yirik korxonalarni qo'llab-quvvatlash bo'yicha alohida chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqib, amalga oshirishi zarur.

Bu jarayonda, avvalo, moliya va xomashyo bozorida beqarorlik yuzaga kelishiga yo'l qo'ymaslik lozim.

Butun xalqimiz aniq bilishi kerak: biz koronavirusga qarshi kurash faoliyatini oshkoralik tamoyillari asosida olib boryapmiz. Jahon jamoatchiligini ham, xalqimizni ham vaqtida xabardor etib boryapmiz. Kerakli choralarni yana-da kuchaytiramiz.

Ko'pni ko'rgan xalqimiz yana-da jipslashib, ahil va hamjihat bo'lib, bu murakkab sinovlarni ham yengib o'tadi, deb ishonaman’’.

Shavkat Mirziyoyev va Nursulton Nazarboyev koronavirus bilan bog‘liq vaziyatni muhokama qildi

Shavkat Mirziyoyev 20-mart kuni Qozog‘istonning birinchi prezidenti – Nursulton Nazarboyev bilan telefon orqali muloqot qildi, deb xabar bermoqda Prezident matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, suhbat avvalida ikki mamlakat yetakchilari bir-birlarini hamda qardosh O‘zbekiston va Qozog‘iston xalqini yaqinlashib kelayotgan Navro‘z bayrami bilan tabrikladi.

Shuningdek, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish, shuningdek, uning barqaror ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotga hamda ko‘p qirrali O‘zbekiston—Qozog‘iston munosabatlarining bugungi sur’atiga salbiy ta’sirini kamaytirish borasida ko‘rilayotgan qat’iy chora-tadbirlar to‘liq qo‘llab-quvvatlandi.

Hukumatlar darajasida sa’y-harakatlarni samarali muvofiqlashtirish va yaqindan hamkorlikni davom ettirish muhimligi qayd etildi.

Muloqot chog‘ida ikki tomonlama munosabatlarning dolzarb jihatlari ham ko‘rib chiqildi, mintaqaviy hamkorlik va xalqaro ahamiyatga molik masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Ma’lumot uchun, Qozog‘istonda koronavirusni yuqtirib olganlar soni 49 nafarga yetgan. Mamlakatda ommaviy tadbirlar bekor qilindi, maktab o‘quvchilari ta’tilga ertaroq chiqdi, davlat organlariga xorijga xizmat safariga chiqish taqiqlandi. Fuqarolarga qo‘l berib ko‘rishmaslik tavsiya qilindi. Mamlakatda koronavirus tarqalishi munosabati bilan 16-martdan 15-aprelga qadar favqulodda holat rejimi joriy qilindi. Bu davrda Qozog‘istonliklar mamlakatni tark eta olmaydi (xorijga davolanish uchun ketayotganlardan tashqari).

O‘zbekistonda esa koronavirusga chalinganlar soni 33 nafarga yetdi. Prezident koronavirus pandemiyasining aholi turmushi va iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta’sirini yumshatish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazdi. O‘zbekiston Musulmonlari idorasi koronavirus daf bo‘lishi uchun tavsiya qilingan duolar va amallarni e’lon qildi. Ko‘ngilli dasturchilar tomonidan esa koronavirus haqida ma’lumot beruvchi o‘zbek tilidagi sayt ishga tushirildi.

SHAXSIY FIKR: Navro'zning yoshi besh ming yildan oshib ketgan...

Yaqinda bir guruh ziyolilar davrasida Navro'z qachon paydo bo'lgani haqida bahs bo'ldi. Kimdir uning yoshini uch ming yil taxminladi, kimdir besh ming, yana boshqasi o'n ming yil… Hamma o'z fikrini isbotlashga urindi, biroq munozara baribir yechilmadi. Shu bahs sabab Navro'zning tarixi bilan qiziqib qolgan, qator manbalarni o'rgangan jurnalist Berdiyor Jumayevning dastlabki bilganlari shu bo'ldiki: Navro'zning tarixi naqadar qadim bo'lsa, qismati ham shu qadar murakkab ekan.

Navro'zOftobniulug'lashbayrami

Navro'zning ko'p asrlik taqdirini oydinlashtirishda dunyo tamaddunining taraqqiyotida yuksak martabaga erishgan Firdavsiy, Beruniy, Mahmud Qoshg'ariy, Umar Hayyom, Alisher Navoiy singari allomalarimizning beqiyos meroslari, shuningdek, qadimiy “Avesto” yozma yodgorligi asos bo'ladi.

Umar Hayyom “Navro'znoma” risolasida Navro'z tarixi xususida shunday yozadi: “...O'z so'ziga vafodor bir yaxshi do'stim mendan Navro'z joriy etilganligining sababini tushuntirib berishni va uni qaysi podshoh tayin qilganligiga aniqlik kiritishni so'radi. Men iltimosni qabul qildim va ushbuni insho etdim.

“...Navro'zning joriy qilinishi sababini aytsak, u shundan iborat-ki, Oftobning ikki aylanishi mavjud, ularning biri quyidagicha: Oftob har uch yuz oltmish besh kecha-kunduzning o'n ikkidan birida Hamal burjining (Quyoshning yillik ko'rinma harakat yo'lidagi o'n ikki burjdan biri. O'zining yillik aylanishida quyosh har bir burjni bir oyda bosib o'tadi. Quyoshning Hamal burjiga kirishi kun bilan tunning tenglashgan vaqtiga to'g'ri keladi. Burjlar mintaqasi, ya'ni quyoshning mazkur aylanma yo'li 360 darajaga bo'lingan, har bir burj 30 darajani egallaydi, har bir darajaning oltmishdan biri “daqiqa” deb ataladi) birinchi daqiqasiga ilgari chiqib ketgan paytining o'zida yana qaytib keladi”.

 Firdavsiyning “Shohnoma” asarida Navro'z tarixi afsonaviy shoh – Kayumars nomi bilan bog'lanadi. Kayumars taxtga o'tirganidan keyin odamlar bilsin deb, yilning kunlari va oylariga nom qo'yishga hamda yilnoma joriy etishga qaror qiladi.

Tongda Oftob Hamal burjining avvalgi birinchi daqiqasiga kirgan kunni (hozirgi hisob bo'yicha 21-mart) aniqlatib, mubadlar, ya'ni zardushtiylarning oliy nasabli ruhoniylarini yig'adi va yil hisobini shu paytdan belgilashni hamda boshlashni buyuradi.

“Oftob Hamal burjiga kirgan paytida jahonning holati o'zgardi va dunyo hamda taqdirga mos ravishda yangi narsalar paydo bo'ldi. Ajam podshohlari shu paytda oftobni ulug'lash uchun, shuningdek, har kim ham buni aniqlay bilmasligini e'tiborga olib, uni aniq belgilab qo'ydilar, bayram joriy ayladilar va hamma joyda ushbu sanaga rioya qilinsin, degan maqsadda barchaga ma'lum etdilar” deyiladi “Navro'znoma”da.

Kayumars yil hisobining boshlanishi sifatida mazkur kunni joriy qilganida uch yuz oltmish besh kecha-kunduz ichida oftobning bir aylanib chiqishi natijasida vujudga keladigan sanani – Quyosh yilini belgiladi hamda uni har biri o'ttiz kunlik o'n ikki oyga bo'ldi va ushbu oylarni muborak Ezid (zardushtiylarning yaxshilik va ezgulik ma'budi) dunyoga yuborgan o'n ikki farishta nomi bilan atadi.

 Alisher Navoiy “Tarixi mulki ajam” asarida Kayumars shoh xususida shunday fikrlarni aytadi: “Har taqdir bila podshohlik qoidasi andin burun yo'q edi. Bul qoidani ul tuzdi. Dag'i, avvalg'i kishi-kim, shahr bino qildi”.

Kayumarsning to'rtinchi avlodi, ya'ni chevarasi – podshoh Jamshid bobosi yil boshi sifatida joriy etgan ushbu kun mohiyatini to'liq anglab yetgach, uni “Navro'z” deya atadi hamda el-yurt orasida keng miqyosda bayram qilishni odatga aylantirdi.

Jamshid o'ziga mo'jizaviy uchar taxt yasattirib, farvardinning ilk kunida unga o'tirib, osmonga ko'tariladi. Bu quyoshning hamal burjiga kirishi, ya'ni Navro'z kuni edi. Shunda hamma Jamshid shohni tabriklaydi, barcha shod-xurram bo'ladi. O'shandan e'tiboran, Navro'z nomli yangi bayramga asos solinadi.

 Mazkur davrlardan e'tiboran, yil boshida yaxshilik hamda ezgulikni niyat aylash, boshqa bayramlar hamda sanalarni belgilash va nishonlash, bunday tantanalarni ommaviy tarzda o'tkazish podshohlar-u fuqarolar uchun odat tusiga kirib qolgandi. Kimki Navro'zni yaxshilab bayram qilsa, ko'p xursandchilik etsa, keyingi Navro'zgacha baxtli-saodatli bo'ladi va rohat-farog'atda yashaydi, degan tushunchalar odamlar ongiga singib ketgandi.

Yuqorida eslatilganidek, Umar Hayyom Navro'zning paydo bo'lishini qadimiy shohlar – Kayumars hamda Jamshid bilan bog'lagani, Abulqosim Firdavsiyning ular haqida batafsil hikoya qilgan “Shohnoma”si kamida to'rt ming yillik tarixni qamrab olganini, biz tilga olib o'tgan ajam podshohlari Kayumars bilan Jamshidning yashab o'tganiga o'rtacha shuncha muddat kechganini va “Shohnoma” milodiy yettinchi asrgacha bo'lgan tarixni aks ettirganini hisobga oladigan bo'lsak: Navro'zning yoshi besh ming yildan oshib ketgan degan to'xtamga kelish uchun asos bor.

 


Tanlangan kalimalar: #Yordam , #Qozoqiston , #Eron , #Koronovirus , #O'zbekiston

Aloqador xabarlar