O'zbekistondan xabarlar 12-qism

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Turkiyaning “Renessans Xolding” kompaniyasi delegatsiyasini qabul qildi

1379146
O'zbekistondan xabarlar 12-qism

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Turkiyaning “Renessans Xolding” kompaniyasi delegatsiyasini qabul qildi

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 9-mart kuni Turkiyaning yetakchi injiniring va qurilish kompaniyasi “Renessans Xolding” prezidenti Erman Ilijak boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Ushbu uchrashuv o'tgan oy Anqarada bo'lib o'tgan oliy darajadagi O'zbekiston-Turkiya muzokaralarining mantiqiy davomi bo'ldi.

Bugungi kunda “Renessans Xolding” kompaniyasi O'zbekistonda umumiy qiymati 2 milliard dollardan ziyod bo'lgan yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirishda faol ishtirok etmoqda.

Xususan, Toshkent viloyatining yetakchi metallurgiya korxonalari negizida zamonaviy obyektlar – loyihaviy quvvati yiliga 60 million tonna bo'lgan mis boyitish fabrikasi va quvvati 1 million tonnagacha bo'lgan metall prokati ishlab chiqarish majmuasini barpo etish loyihalari tayyorlanmoqda.

Uchrashuvda ushbu loyihalar doirasidagi amaliy ishlarni jadallashtirish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, Turkiya kompaniyasining dastlabki bosqichda Toshkent shahrida, keyingi bosqichlarda Samarqand va Farg'ona shaharlarida ilg'or xalqaro tajriba hamda texnologiyalarni jalb qilgan holda ko'p tarmoqli shifoxonalar tashkil etish borasidagi loyihaviy takliflar  taqdimoti o'tkazildi.

Mazkur loyihalar davlat-xususiy sherikligi asosida amalga oshiriladi, shuningdek, turkiyalik sheriklar shifoxonalarni boshqarish va yuqori malakali tibbiyot mutaxassislarini tayyorlashda ishtirok etadi.

Bundan tashqari, muhim ijtimoiy obyektlarni rekonstruksiya qilishda, injiniring, loyihalashtirish va qurilish sohalarida hamkorlik imkoniyatlari ko'rib chiqildi.

2021 yil 1 yanvardan boshlab biometrik pasport o‘rniga ID-kartalar beriladi

ID-kartalar faqat O‘zbekiston Respublikasi hududida amal qiladi. Chet elga chiqish uchun O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining chet elga chiqish uchun biometrik (“zagranpasport”) pasporti beriladi.

Vazirlar Mahkamasining "O‘zbekiston Respublikasida identifikatsiya ID-kartalarini rasmiylashtirish va berish tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi, deb xabar bermoqda IIV axborot xizmati.

Hujjatda qayd etilishicha, 2021 yil 1 yanvardan boshlab barcha yangi tug‘ilgan chaqaloqlarga, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga va O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashaydigan chet el fuqarolariga biometrik pasport o‘rniga 10 yil muddatga hujjat egasining shaxsini va fuqaroligini tasdiqlovchi hujjat sifatida identifikatsiya ID-kartasi beriladi.

ID-kartalar faqat O‘zbekiston Respublikasi hududida amal qiladi. Chet elga chiqish uchun O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining chet elga chiqish uchun biometrik («zagranpasport») pasporti beriladi.

ID-kartalarni berish tizimli ravishda 2021 yil 1 yanvardan 2030 yil 1 yanvargacha mamlakat aholisi uchun qo‘shimcha yuklamasiz amalga oshiriladi. Shu bilan birga, 2011 yildagi O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining ilgari berilgan biometrik pasportlarini, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar va chet el fuqarolarining yashash uchun ruxsatnomalarini almashtirish ularning egalarining iltimosiga binoan muddati tugagandan yoki muddatidan oldin amalga oshiriladi. 2030 yil 1 yanvardan boshlab 2011 yildagi O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining biometrik pasportlari haqiqiy emas deb hisoblanadi.

Farazlar oydinlashgan kun. O‘zbekiston YeOIIga kuzatuvchi-davlat maqomida qo‘shildi

Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorlikning O‘zbekiston milliy iqtisodiyotiga ta’sirini kompleks o‘rganish natijasida tegishli vazirlik va idoralar tomonidan amalga oshirilishi zarur bo‘ladigan chora-tadbirlar belgilandi hamda YeOII bilan kuzatuvchi-davlat maqomida hamkorlik qilish taklifi ma’qullandi.

Vazirlar Mahkamasida O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) bilan hamkorligi yuzasidan olib borilgan tahliliy va kompleks baholash ishlari yakuni bo‘yicha tegishli xulosa va takliflarni Oliy Majlis palatalariga kiritish masalalari muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilishida ushbu qarorga kelingan.

Ta’kidlanishicha, O‘zbekistonning YeOII bilan hamkorligini atroflicha o‘rganish va chuqur tahlil qilish maqsadida hukumat, tegishli vazirlik va idoralar vakillaridan iborat ishchi guruh tomonidan iqtisodiy integratsiya masalasida mamlakat iqtisodiyotining yirik 16 tarmog‘ida o‘rganish ishlari olib borilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda yetakchi mustaqil konsalting kompaniyalari va ilmiy-tadqiqot muassasalarining izlanishlari, xorijiy va mahalliy mutaxassislar tomonidan bildirilgan taklif va xulosalar ko‘rib chiqildi. Bunda O‘zbekistonning YeOII bilan hamkorligi doirasidagi iqtisodiyotning yirik tarmoqlari, jumladan, sanoat, tashqi savdo siyosati, bojxona-tariflarini tartibga solish mexanizmi, mehnat migratsiyasi, standartlashtirish va veterinariya, sanitariya, fitosanitariya nazorati singari ko‘plab masalalar bo‘yicha ekspertlarning xulosalari o‘rganib chiqilgan.

Yig‘ilish yakuni bo‘yicha tahliliy va kompleks baholash ishlari asosida ishlab chiqilgan xulosa va takliflarni Oliy Majlis palatalariga taqdim etish yuzasidan qaror qabul qilingan.

Erjan Engin: O'zbekistonning energetika sohasini isloh qilish salohiyatli investorlarda katta qiziqish uyg'otmoqda
Energetika vazirligida shu yilning Turkiyaning “Enpetrol Enerji” xalqaro kompaniyasi raisi Erjan Engin rahbarligidagi delegatsiya bilan muzokaralar o'tkazildi. 

Uchrashuvda vazirning birinchi o'rinbosari Jo'rabek Mirzamahmudov boshchiligidagi Energetika vazirligi vakillari mehmonlarni mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayoni, energetika, neft-gaz va kimyo sohasidagi istiqbolli loyihalar bilan tanishtirdi. Ular orasida xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikda amalga oshiriladigan yangi generatsiya qilinuvchi quvvatlarni barpo etish bo'yicha tayyorgarlik bosqichidagi loyihalar ham bor. 
Erjan Engin ta'kidlaganidek, O'zbekistonning energetika tarmog'ini isloh qilish jarayoni salohiyatli investorlarda katta qiziqish uyg'otmoqda.

  Muzokaralar natijasi bo'yicha tomonlar o'rtasida amalga oshirilayotgan loyihalar doirasida

hamkorlik qilish imkoniyatlarini batafsil o'rganib chiqish uchun “Enpetrol Enerji” kompaniyasiga zarur ma'lumotlarni taqdim etish bo'yicha kelishuvga erishildi. 

Ma'lumot o'rnida, “Enpetrol Enerji” – bu xalqaro injiniring, ishlab chiqarish va qurilish kompaniyasi bo'lib, u energetika, neft-gaz, neft va neft-kimyo sanoati sohasidagi loyihalarga, shuningdek sanoat obyektlari qurilishiga ixtisoslashgan.

Ayollar tillani nega yoqtiradi...

Farg'ona viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyida bebaho topilma – bronza davriga tegishli bo'lgan ayollarning tillo taqinchoqlari hamda zebu ziynatlari saqlanmoqda.

Barchamizga ma'lumki, xotin-qizlar zebu ziynatni, ayniqsa, tilla buyumlarni yoqtirishadi. Bu bejiz emas ekan. Ming yillardan oldin ham ayollar bunga o'ch bo'lishganini arxeologik topilmalar isbotlamoqda. Qimmatbaho toshlar, metallar paydo bo'libdiki, ularda bunga qiziqish uyg'ongan.

– Fondimizda bronza davriga oid bo'lgan (miloddan avvalgi 12-10 asrlar) Qo'chqorchi manzilgohidan topilgan tilla ziraklar, uzuklar, surma tosh, aqiqdan yasalgan marjon qoldiqlari saqlanib kelinyapti, – deydi muzey direktori Bahodirjon Hoshimov. – Ayollarga tegishli bo'lgan bu kabi buyumlar jahon madaniyati tarixiga oid noyob topilma hisoblanadi. Ilk temir davriga o'tib ham (miloddan avvalgi 6-4 asrlar) ayollar mavqei jamiyatda juda yuqori bo'lgan. Buni biz Farg'ona vodiysining turli hududlaridan topilgan ashyolar misolida ham yaqqol ko'rishimiz mumkin. Farg'ona shahri yaqinidagi Oqtom manzilgohi, Damko'l qabristoni, Vodil qishlog'ida topilgan ashyolar orasida ayollarga tegishli bo'lgan buyumlar asosiy qismni tashkil qiladi.

E'tiborli jihati, katta oilani aks ettiruvchi uzuk tamg'alar ayollarning qo'lida saqlanib kelingan. Azaldan zargarlar tomonidan yasalgan tillo taqinchoq va buyumlar asosan xotin-qizlarga atalgan.

Finlyandiya. O‘zbekistonlik bokschilar ikkita medalga ega chiqishdi

Finlyandiya poytaxti Xelsinki shahrida boks bo‘yicha kattalar o‘rtasida xalqaro turnir nihoyasiga yetdi. 

Avval, musobaqaga uch nafar bokschi bilan borgan O‘zbekiston terma jamoasining ikki a’zosi finalgacha yetib borgan edi. 

Bugun musobaqa finali doirasida 57 kg vaznli O‘zbekistonlik bokschi Abdumalik Xalakov Qozog‘istonlik jahon chempioni Qayrat Yeraliyevni 4:1 hisobida mag‘lub etdi. 63 kg vaznli Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev esa qoshidan olgan jarohat sabab, finalda ishtirok eta olmadi va kumush medal bilan kifoyalandi. 

Eslatib o‘tamiz, Iordaniyaning Amman shahrida boks bo‘yicha litsenzion turnir davom etmoqda. Bugun O‘zbekiston terma jamoasining ikki nafar bokschisi Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlari yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.

Jalolov, MirzaxalilovvaAbduraimovdaoltinOzbekistonOlimpiadaga 7tabokschibilanboradi

Iordaniyaning Oman shahrida boks bo‘yicha lisenzion turnirning final janglari yakunlandi. Unda O‘zbekistonlik bokschilardan uch nafari  – Mirazizbek Mirzaxalilov, Elnur Abduraimov va Bahodir Jalolov oltin medal uchun ringga ko‘tarilishdi.

Mirazizbek Mirzaxalilov (57 kg) mezbon bokschi – Iordaniyalik Muhammad Alvadiga qarshi bahs olib borib, 5:0 hisobida ustun keldi va musobaqaning g‘olibiga aylandi.

Elnur Abduraimov (63 kg) final jangini Qozog‘istonlik Zokir Safiullinga qarshi o‘tkazib, keskin va murosasiz kurashlarga boy bo‘lgan turnirning eng yorqin janglaridan birida 3:2 hisobida g‘alaba qozonib, oltin medalga sazovor bo‘ldi.

Oltin medal uchun kechgan so‘nggi bahsda Bahodir Jalolov (+91 kg) Avstraliyalik Yustis Xunini 5:0 hisobida mag‘lub etib, terma jamoaga 3-oltin medalni taqdim etdi. 

Shu tariqa turnir yakuniga ko‘ra, O‘zbekiston boks terma jamoasi umumjamoa hisobida 2-o‘rinni qo‘lga kiritdi, Tokio Olimpiadasi uchun esa 7ta yo‘llanmaga ega chiqdi. Bular – Mirazizbek Mirzaxalilov (oltin), Elnur Abduraimov (oltin), Bahodir Jalolov (oltin), Shahobiddin Zoirov (bronza), Bobousmon Baturov (bronza), Sanjar Tursunov (bronza) va Tursunoy Rahimova.

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 


Tanlangan kalimalar: #Hamkorlik , #Turkiya , #O'zbekiston

Aloqador xabarlar