8-Mart Xalqaro xotin-qizlar bayrami muborak bo'lsin!

Ko'klamning ikkinchi haftasida 8-Mart Xalqaro xotin-qizlar bayramini nishonlaymiz. Xo'sh, munis onaxonlar va xotin-qizlar bayramini nishonlashimizning sababi nimada?

446191
8-Mart Xalqaro xotin-qizlar bayrami muborak bo'lsin!


Bahor bayramlar bilan boshlanadi. Ko'klamning ikkinchi haftasida 8 Mart Xalqaro xotin-qizlar bayramini nishonlaymiz. Xo'sh, munis onaxonlar va xotin-qizlar bayramini nishonlashimizning sababi nimada? Nega ayollar bunchalik ulug'lanadi? Xuddi shu kuni butun dunyo ayollari bayram qiladilarmi? Bu savollarga javob topish uchun tarixga bir nazar tashlaymiz.

Ma'lumotlarga ko'ra, “ayol" arabcha so'z bo'lib, “oila" kalimasi bilan o'zakdoshdir. Biroq 8 Martga nisbatan “ayol" so'zi emas, balki “xotin-qizlar" degan so'z keng qo'llaniladi.

Ushbu kunning o'tmishiga nazar tashlaydigan bo'lsak, xotin-qizlar bayrami ularning o'z huquqlari uchun kurashish kunidan kelib chiqqaniga guvoh bo'lishimiz mumkin. Ya'ni, 1857-yil 8-mart kunida Nyu-Yorkning poyafzal hamda tikuv fabrikasi ishchi xotin-qizlari namoyish o'tkazadilar. Ular 10 soatlik ish kuni, yorug' va quruq ish xonalari hamda erkaklar bilan bir xil maosh olishlarini talab qilib chiqadilar. Xuddi shu kuni Nyu-Yorkdagi yuzlab ayollar namoyishlarga chiqib, saylash huquqini ham talab qiladilar. Chunki, o'sha paytlarda juda kam maosh oluvchi ayollar kuniga 16 soat mexnat qilganlar. Erkaklar esa, turli chiqishlari orqali 10 soatlik ish kunini qo'lga kiritganlar. 8-martdagi xuddi shu voqeadan so'ng, ayollar tashkiloti tuziladi va birinchi marta xotin-qizlar unga a'zo bo'ladilar. Biroq, bu kun birinchi marta 1891-yil 19-mart kuni Avstriya, Daniya, Germaniya va Shveysariyada xotin-qizlar bayrami sifatida nishonlandi. O'shanda milliondan ortiq erkak va ayollar namoyishlarda ishtirok etadilar. Saylash va saylanish huquqidan tashqari, ayollar erkaklar bilan teng huquqli bo'lishga harakat qiladilar.

1910-yili Kopengagenda o'tgan xalqaro konferentsiyada 8-mart kunini xalqaro xotin-qizlar kuni sifatida nishonlash taklifi ko'tarildi. Shundan so'ng ko'pgina mamlakat ayollarining jamiyatda faollashuvi boshlanadi. Ular mehnat huquqi va hurmatiga ega bo'lish, kambag'allikka qarshi kurash hamda tinchlik uchun kurash olib boradilar.

Rossiyada esa, xalqaro xotin-qizlar kuni birinchi marta 1913-yili Peterburg shahrida bayram qilindi. Rossiya Dumasiga ayollar muammosi bo'yicha ariza berildi va hukumat a'zolari 1913-yil 2-mart kuni bir yarim ming aholini yig'ib, bu masalani hal etishga ruxsat berdi. Unda ayollarning saylash huquqi, onalikni davlat tomonidan ta'minlash va muhofaza qilish masalalari ko'rib chiqildi.

8-mart xalqaro xotin-qizlar kuni 1965-yildan boshlab dam olish kuni deb belgilandi. Shu kunda hukumat tantanali tadbirlarda ayollarga nisbatan davlat siyosatining amalga oshirayotgan ishlari to'g'risida hisobot berardi. Asta-sekin xalqaro xotin-qizlar kuni ayollarning o'z huquqlarini talab qilganliklari uchun emas, balki ularni qadrlash, hurmat qilish va e'zozlash kuni sifatida nishonlana boshlandi.

Sobiq sho'ro ittifoqi barham topgach, 8 mart — xalqaro xotin-qizlar bayrami MDH
davlatlari: Ozarbayjon, Gruziya, Qozog'iston, Qirg'iziston, Moldaviya, Tojikiston, Turkmaniston, Ukraina, Belorussiya va O'zbekistonda ham bayram qilina boshladi.

Turkiyada ham dunyoning bir qator davlatlaridan oldin 8 mart — xalqaro xotin-qizlar bayrami nishonlana boshladi. 1921-yili Respublika e'lon qilinishidan 2 yil oldin, 8- mart mehnatkash ayollar kuni sifatida nishonlana boshladi. Lekin, 1975 yildan e'tiboran ushbu bayram butun mamlakat bo'ylab keng nishonlana boshladi. 1990-yillardan e'tiboran ayol jamiyatlarining soni ko'paydi.

Turk jamiyatida ayolning tutgan o'rni katta ahamiyatga ega. Markaziy Osiyo mintaqasi va unga tutash bir necha oʻlkalarni oʻz ichiga olgan yirik saltanat Turk xoqonligi va boshqa turk davlatlarida hukmdorning rafiqasi ham davlat boshqaruvida katta mavqega ega bo'lgan. Mamlakatni boshqarishda katta qarorlar ayollar bilan birgalikda olingan. Ozodlik urushida ham turk ayollar erkaklar bilan tengma-teng mamlakatni dushman qo'lidan qutqarish uchun katta kurash olib borgan.

Dasturimiz poyoniga yetar ekan, biz ham Turkiya ovozi radiosi xodimlari sifatida 8-Mart Xalqaro xotin-qizlar bayrami munosabati bilan barcha mo'tabar onaxonlarimizni, opa-singillarimizni chin yurakdan muborakbod etamiz! Bayramingiz qutlug' bo'lsin!



Aloqador xabarlar