Turkiyaning madaniy xazinalari 8-qism

Turkiya, Armaniston, Eron va Nahchivan Avtonom Respublikasi chorrahasida joylashgan Ag'ri tog'i (Ararat tog'i) haqida...

437940
Turkiyaning madaniy xazinalari 8-qism


Ag'ri tog'i Turkiyaning shimoli sharqida, Turkiya, Armaniston, Eron va Nahchivan Avtonom Respublikasi chorrahasida joylashgan. Turklar tomonidan “Ag'ri tog'i” deb atalgan bu tog' dunyoda “Ararat” degan nom bilan taniladi. 50-60 km uzoqlikdan ko'rinib turgan bu haybatli tog' Anadoluning eng baland tog'i hisoblanadi. Yonginasida joylashgan kichik Ag'ri tog'i 3925 metr balandlikka ega. Katta Ag'ri tog'i 5137 metr balandlikka ega bo'lib, cho'qqisi hamisha oppoq qor bilan qoplanib turadi. Cho'qqisida oppoq qori bilan qishin-yozin 4 mamlakatdan ko'rib turadigan bu ulkan tog' juda chiroyli manzara hosil qiladi.

Tomosha qilganlar tog'ning qudratini ko'rib hayratini yashira olmaydi. Tog' haqida turli madaniyatlarda har-xil afsonalar aytiladi. Bulardan eng mashhuri Tavrot va Qur'onda nomi zikr etilgan Nuh payg'ambar va uning kemasi bilan bog'liq.

Tavrot va Qur'onga ko'ra, Nuh payg'ambar katta gunoh qilgan insonlarning Alloh tomonidan jazolantirilishi va yo'q qilinishini bilib qoladi. Shunda Nuh alayhis-salom Allohdan yordam berishni, kofirlarni jazolashni so'radi. Alloh uning iltijosini qabul etib, Nuh alayhis-salomga kema yasashni va barcha jonivorlardan bir juftdan olib kemaga joylashtirishni buyurdi. Keyin osmondan juda ko'p yomg'ir yog'dirdi, yerning har tomonidan suv chiqardi. Osmon suvi bilan yer suvi qo'shilib ulkan to'fon paydo bo'ldi. To'fonda barcha kofirlar halok bo'ldi, faqat kemadagilar tirik qoldilar. To'fon boshlanishidan oldin Nuh alayhis-salomning farzandlaridan biri kemaga chiqmadi. Nuh alayhis-salomning otalik mehri qo'zg'ab, o'g'lini kemaga chiqishga undadi. Allohga kufr keltirgan farzand esa, otasining gapiga kirmasdan imon keltirishdan yana bosh tortdi va toqqa chiqib jon saqlamoqchi bo'ldi, lekin u ham halokatga uchradi. Suv pasaygandan keyin kema Judiy tog'i, Tavrotga ko'ra Ag'ri tog'i ustida to'xtadi. Kema tog' tepasiga kelib to'xtab, yer to'fon suvini yutib bitirgach, Alloh Nuh alayhis-salomni kemadan yerga tushishga buyurdi. Nuh alayhis-salom va unga imon keltirgan kishilar kemadan tushdi. Nuh alayhis-salom qissasini bayon qiluvchi Nuh surasi ham nozil bo'lgan.

Islomiy e'tiqodga ko'ra, kemadagi omon qolgan insonlar yonidagi yeguliklar bilan ashure shirinligini pishiradilar. Kunimizda har yili muharram oyida ashure pishirilib, qo'ni-qo'shnilarga tarqatiladi.

Nuh payg'ambarning kemasi to'fon pasaygach, Ag'ri tog'ining tepasiga joylashib qolgani haqidagi tushuncha bugungi kunda ko'plab olimlarni ilmiy izlanuvga chorladi. 1850 yillarda toqqa chiqqan xorijlik olimlar Nuhning kemasi topilganini ilgari surdilar. 30 smlik mixlar bilan bir-biriga qoqilgan va uzun daraxt hodalaridan yasalgan kema qoldig'ining cho'qqiga yaqin joyda muz qoplangan shaklda topilgani ilgari surildi. Keyinchalik bir qator olimlar kema qoldiqlarini topish uchun ilmiy faoliyatlarni olib bordi. Lekin, barcha say-harakatlarga qaramasdan, kemaning qoldiqlari topilgani haqidagi iddaolar ilmiy ravishda isbotlanmadi.

Turk adabiyotida Ag'ri tog'ining ahamiyati juda katta. Yozuvchi Yashar Kemal “Ag'ri tog'i afsonasi” nomli romanida insonparvarlik tuyg'ulari, an'anaviy madaniy aloqalar va eski hayot tarzlari haqida hikoya qiladi. Bir qancha tilga tarjima qilingan bu asarida Yashar Kemal Ag'ri tog'i atrofida bo'lib o'tgan voqealarni anglatadi. Keyinchalik bu roman asosida kinofil'm tasvirga tushirildi va opera sahnalashtirildi.

Kunimizda Ag'ri tog'iga ko'plab sportchilar tirmanmoqda, qolaversa yosh olimlar ham Nuhning kemasini qidirish uchun toqqa tirmanmoqda. Agar yo'lingiz tushsa, insoniyatning mushtarak madaniy merosidan biri bo'lgan Ag'ri tog'iga sayohat qilishingizni tavsiya qilamiz. Darvoqe, tog'ning 15 km yaqinida joylashgan Dog'ubeyazit tumanida Usmoniy davridan qolgan Ishakpasha saroyini ham tomosha qilishingiz mumkin.



Aloqador xabarlar