Toshkent Haftanomasi 8-qism

O`zbekiston Markaziy Saylov Komissiyasi va Koreya Respublikasi Milliy saylov komissiyasi o`rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

427914
Toshkent Haftanomasi 8-qism

O`zbekiston Markaziy Saylov Komissiyasi va Koreya Respublikasi Milliy saylov komissiyasi o`rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

2 Fevral kuni O`zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining raisi Mirzo-Ulug`bek Abdusalomovning Butunjahon saylov organlari assotsiatsiyasi va Koreya Respublikasi Milliy saylov komissiyasining bosh kotibi Kim Yon Xi boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuvi bo`lib o`tdi.

Bu haqda Markaziy saylov komissiyasi matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuvda, ikki davlat saylov organlarining hamkorligi istiqbollari, saylov qonunchiligi va huquqni qo`llash amaliyotini takomillashtirish sohasida tajriba almashish masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunida O`zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining raisi Mirzo-Ulug'bek Abdusalomov va Butunjahon saylov organlari assotsiatsiyasi hamda Koreya Respublikasi Milliy saylov komissiyasining bosh kotibi Kim Yon Xi tomonidan O`zbekiston Markaziy saylov komissiyasi va Koreya Respublikasi Milliy saylov komissiyasi o`rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

Imzolangan hujjatda ikki tomonning saylov to`g`risidagi qonunchilikni va saylov amaliyotini takomillashtirish sohasida tajriba almashish, saylovga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazish sohasida axborot almashish, saylov jarayoniga zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilishga qaratilgan qo`shma tadbirlar va loyihalarni amalga oshirish nazarda tutilgan.

Ma`lumki, Butunjahon saylov organlari assotsiatsiyasi xalqaro tashkilot sifatida 2013 yil oktyabr oyida tashkil topgan bo'lib, qarorgohi Koreya Respublikasida joylashgan. Assotsiatsiya hozirgi vaqtda 102 mamlakatning 106ta saylov organini birlashtiradi. Tashkilotning maqsadi ochiq, shaffof saylovlar tashkil qilish va o`tkazish masalalarida axborot hamda tajriba almashish bo`yicha xalqaro hamkorlikka ko`maklashishdan, shuningdek saylov organlarini demokratik saylov o`tkazishning tashkiliy-huquqiy asoslarini, kasbiy darajasini mustahkamlash va rivojlantirishda qo`llab quvvatlashdan iboratdir.

O`zbekiston Markaziy saylov komissiyasi Butunjahon saylov organlari assotsiatsiyasining to`laqonli a`zosi hisoblanadi.

Pekinda O`zbekiston va Xitoy tashqi ishlar vazirliklari rahbarlari o`zaro hamkorlik masalasini muhokama qilishdi.

Shu yilning 29 yanvar kuni Xitoy Xalq Respublikasida amaliy tashrif bilan bo`lib qaytgan O`zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Pekin shahrida Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I bilan uchrashdi.

Bu haqda O`zbekiston tashqi ishlar vazirligi sayti xabar berdi.

Xabarda, O`zbekiston va Xitoy tashqi siyosat idoralari rahbarlari ikki tomonlama hamkorlik masalalarini hamda xalqaro va mintaqaviy siyosatning ba`zi muammolarini muhokama qilishganligi malum qilinadi.

Uchrashuvda shuningdek, ikki davlatning Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasidagi hamkorlik, iyun oyida Toshkent shahrida bo'lib o'tadigan Sammit, O`zbekistonning mazkur tashkilotga raisligi davridagi boshqa tadbirlarga tayyorgarlik masalalariga alohida e`tibor qaratildi.

Abdulaziz Komilov shuningdek Pekin shaxrida Shanxay hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi Rashid Alimov bilan xam uchrashuvlar o'tkazdi.

O`zbekiston Respublikasi tashqi ishlar Vaziri Abdulaziz Komilov Xitoy Xalq Respublikasida amaliy tashrifi doirasida Shanxay hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi Rashid Alimov bilan uchrashdi.

Abdulaziz Komilov Rashid Alimovni Shanxay hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi lavozimini bajarishga kirishganligi bilan tabriklab, tashkilot doirasida a`zo davlatlar hamkorligini yanada rivojlantirishda Shanxay hamkorlik tashkiloti Kotibiyatining muhim rol o`ynashini ta`kidladi.

O'z navbatida Bosh kotib Alimov, O'zbekiston raisligi ostida Shanxay hamkorlik tashkiloti Xartiyasi va boshqa asosiy hujjatlarda belgilangan maqsad va vazifalarni amalga oshirish borasidagi izchil tadbirlarni yuqori baholadi.

Uchrashuv davomida Shanxay hamkorlik tashkiloti 2001 yilda tashkil etilgan vaqtidan boshlab jahon siyosatida sezilarli rol o`ynovchi nufuzli xalqaro tuzilmaga aylangani qayd etildi.

Suhbat davomida 2016 yil iyun oyida Toshkent shahrida Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisini va joriy yildagi boshqa asosiy tadbirlarni o`tkazishga tayyorgarlik jarayoni amaliy jihatdan muhokama qilindi.

Pekin shaxrida Shanxay hamkorlik tashkiloti Milliy koordinatorlari kengashining navbatdagi majlisi boshlandi.

2 fevral kuni Shanxay hamkorlik tashkiloti bosh qarorgohi joylashgan Pekin shahrida tashkilot Milliy koordinatorlari kengashining navbatdagi majlisi ochildi.

Unda tashkilotga a'zo davlatlarning Milliy koordinatorlari bilan birga Shanxay hamkorlik tashkiloti bosh kotibi Rashid Alimov va Shanxay hamkorlik tashkiloti Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Ijroiya qo`mitasi direktori Evgeniy Sisoev xam qatnashmoqda.

5 fevralga qadar davom etadigan majlis kun tartibidan 30ga yaqin masalalarni ko`rib chiqish, jumladan tashkilotning 2016 yilda nishonlanadigan 10 yillik yubileyiga tayyorgarlik ko`rish masalasai o'rin olgan.

Majlisda ko`riladigan asosiy masala esa Toshkentda 23-24 iyun kunlari o`tkaziladigan Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitiga tayyorlanish masalasi hisoblanadi.

Malumki, o'tgan yilning yozida Ufadagi sammitdan so`ng Shanxay hamkorlik tashkiloti raisligi Rossiyadan O`zbekistonga o`tgan edi.

O`zbekiston Haj delegatsiyasi Saudiya Arabistoniga jo'nab ketdi.

Su yilning 3 fevral kuni O`zbekiston Respublikasi delegatsiyasi bu yilgi Haj mavsimiga tayyorgarlik ko'rish masalalarini muhokama qilish uchun Saudiya Arabistoniga safar qildi.

Bu haqda O`zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati xabar berdi.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo`yicha qo`mita raisi Ortiqbek Yusupov va O`zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimovdan iborat O'zbekiston delegatsiyasi bir hafta davom etadigan safar davomida Saudiya Arabistoni Haj vaziri Bandar Hajjor bilan uchrashishi va 2016 yilgi Haj mavsumini tashkil etishga taalluqli tashkiliy masalalarni kelishib olishi rejalashtirilgan.

Delegatsiya a`zolari shuningdek, bu yilgi Haj mavsumida hojilarga xizmat ko`rsatuvchi Umumiy Bosh Muassasa, Transport Uyushmasi, Haj vazirligining Makka va Madina shaxarlaridagi filiallari rahbarlari bilan ham uchrashadi.

O'zbekiston delegatsiyasi safar davomida saudiyalik martabali mas`ullar bilan Haj safarini ko`ngilli o`tkazishga taalluqli masalalarni muvofiqlashtirib oladi.

Fevral oyi O'zbekistondagi barcha umumta`lim maktablarida "Navoiyxonlik" va "Boburxonlik" oyligi deb e`lon qilindi.

O`zbekiston Respublikasi Xalq ta`limi vazirligi va Respublika ta`lim markazi tomonidan Alisher Navoiy tavalludining 575 yilligi va Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 533 yilligi munosabati bilan fevral oyi respublikadagi barcha umumta`lim maktablarida "Navoiyxonlik" va "Boburxonlik" oyligi deb e`lon qilindi.

Bunga asosan Xalq ta`limi vazirligi, viloyat xalq ta`limi boshqarmalari, tuman xalq ta`limi bo`limlari tomonidan Navoiy va Boburning ijodi va faoliyatini o`rganish tadbirlari rejasi ishlab chiqildi.

Maktablarda "Navoiyxonlik" va "Boburxonlik" kunlarini o`tkazish yuzasidan metodik tavsiya tayyorlanib, umumta`lim maktablariga etkazib berildi.

"Navoiyxonlik" va "Boburxonlik" oyligi doirasida "Navoiy va Bobur ijodida Vatan madhi", "O`zbek adabiy tili rivojida Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur ijodining o`rni" mavzularida ilmiy-amaliy seminarlar tashkil etiladi.

Ta`lim muassasalarida Navoiy va Bobur siymosi, hikmatli so`zlari, ijodi va faoliyati aks etgan ko`rgazmalar nomoyish qilinadi.

"Navoiyxonlik" va "Boburxonlik" oyligi doirasida umumta`lim maktablarida Navoiy va Bobur ijodiga bag'ishlangan diktant, bayon va insholar tanlovi, turli ko`rik-tanlovlar o`tkaziladi. Shuningdek, Navoiy va Bobur mavzularida adabiyotshunos olimlar bilan davra suhbatlari, seminarlar tashkil etilishi rejalashtirilgan.


Tanlangan kalimalar: #O'zbekiston , #Toshkent , #Haftanomasi , #gazetalar

Aloqador xabarlar