Turkiya tashqi siyosatiga nazar 46-qism

Dasturimizning bugungi sonida Eronga nisbatan joriy etilgan sanksiyalar va buning Turkiya tashqi siyosatiga ko’rsatgan ta’siri haqida bahs yuritamiz.

Turkiya tashqi siyosatiga nazar 46-qism

             

AQSh tomonidan Eronga nisbatan joriy etilgan sanksiyalar nafaqat Eronga, balki Eron bilan savdo-iqtisodiy aloqalarga ega bo’lgan mamlakatlarga ham har tomonlama ta’sir ko’rsatadi. Dasturimizning bugungi sonida Eronga nisbatan joriy etilgan sanksiyalar va buning Turkiya tashqi siyosatiga ko’rsatgan ta’siri haqida bahs yuritamiz.

Barchaga ma’lum bo’lganidek, AQSh tomonidan Eronga nisbatan joriy etilgan sanksiyalarning ikkinchi bosqichi shu yilning 5 noyabr kuni kuchga kirdi.

AQShning yangi sanksiyalari Eron iqtisodiyotining muhim sohalari – neft qazib olish va bank sohalariga oid bo‘lib, 5 noyabrdan boshlab Vashington Erondan neft eksport qilish va Eronning neft qazib oluvchi kompaniyalari bilan biznes yuritishni taqiqladi.

AQSh prezidenti Donald Tramp Eronga nisbatan sanksiyalarni “shu paytgacha mavjud bo‘lgan sanksiyalar ichida eng keskin sanksiyalar” deb atadi. Yangi sanksiyalardan tashqari, Eron moliyaviy sektoriga taalluqli ilgari kiritilgan cheklov choralari ham amal qilishda davom etadi. Amerika kompaniyalariga Eron banklari bilan har qanday operatsiya o‘tkazish taqiqlandi.

Vashingtonning fikricha, sanksiyalar kiritilganidan so‘ng Eronning neft eksport qilishi butunlay to‘xtaydi. Hattoki, Amerika Qo‘shma Shtatlari bu maqsadini amalga oshira olmagan taqdirda ham Eron neftiga nisbatan har qanday cheklov ushbu mamlakat iqtisodiyoti uchun o’ta og’ir ta'sir qiladi. Chunki, Eron davlat byudjyetining 80 foizini neft sotishdan tushadigan daromad tashkil qiladi.

5 noyabr kuni Eron banklari SWIFT xalqaro to‘lov tizimi yordamida xalqaro operatsiyalarni amalga oshirish imkonidan mahrum qilindi.   

Endilikda, tizimdan uzilgan banklar xalqaro to‘lov operatsiyalarini amalga oshira olmaydi. Ta'kidlanishicha, ushbu qaror xalqaro bank tizimida barqarorlikni saqlab qolish uchun qabul qilingan.  

Bu yerda sanksiyalardan maqsad nima? degan savol tug’iladi.

Vashingtonning bayonotiga ko‘ra, AQSh “maksimal bosim” ko‘rsatish orqali Eronni yadroviy maqsadidan voz kechdirib, uning go’yo “yovuz” fe'l-atvorini o‘zgartirmoqchi.

AQSh davlat kotibi Mayk Pompeo 21 may kuni so‘zlagan nutqida Eron sanksiyalarga duch kelmaslik uchun bajarishi kerak bo‘lgan 12ta shartni aytgandi. Sanab o‘tilgan shartlar orasida Eronning raketa dasturini to‘xtatishi va kelgusida Yaqin Sharqdagi nizolarga aralashmasligi talab qilingan. Vashington Tehronni Yaqin Sharqdagi terrorchilar – Yamandagi husiychilar, Livandagi “Hizbulloh”, XAMAS va Falastindagi “Islom jihodi” tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatishga majbur qilmoqchi.

Eron shuningdek, Suriyadan o‘z qo‘shinlarini olib chiqib ketishi va Iroqdagi shia harbiy guruhlarini qurolsizlantirishi lozim.

Shu bilan birga, Qo‘shma Shtatlar sakkizta davlatni Eronga kiritilgan neft sanksiyalaridan ozod qildi. Bular orasida Turkiya ham bor. AQSh Eron neft importini nolga tushirish uchun boshqa davlatlar bilan muzokaralarni davom ettirmoqda.

Tramp Eron rejimini sanksiya yo’li bilan bu siyosatidan voz kechirmoqchi. Ko’rinishdan reja shunday: sanksiyalar tufayli kelib chiqadigan qiyinchiliklar xalqni bezdiradi va rejimga qarshi bosh ko’tarishga chorlaydi. Natijada hukumat to’ntariladi yoki siyosatini o’zgartirishga majbur bo’ladi.

Turkiya Eronga tadbiq etilgan sanksiyalarning bir tomonlama ekanligini aytib bunga qarshi chiqmoqda. Zero, Turkiya Eron tabiiy gazining eng katta 2-xaridori bo’lib hisoblanadi. Turkiya Erondan yilda taxminan 9.5 mlrd kub metr tabiiy gaz import qiladi va shartnoma hukmlariga ko’ra, Turkiyaning Eron bilan tabiiy gaz bo’yicha biznesi davom etishi taxmin qilinmoqda. 2017 yilgi ma’lumotlarga ko’ra, Turkiyaning neft import qilgan davlatlar orasida Eron birinchi o’rinda turadi.

Turkiya vaqt o’tishi bilan Erondan neft import qilishni kamaytirib, boshqa davlatlarga yo’nalishi taxmin qilinadi. Shu bilan birga, Turkiya yaqinda Eron bilan olib borayotgan barcha biznes faoliyatlarini mahalliy pul birligi bilan amalga oshirishi mumkin. Qolaversa, Turkiya neft mahsulotlari iste’moli bo’yicha tejamkorlik qilgan holda, yuzaga keladigan muvozanatsizlikni bartaraf etishga harakat qilishi mumkin.

O’tmishga nazar tashlaganimizda, otokratik rejimlarda sanksiyalar unchalik katta o’zgarishlarga sabab bo’lmaganligi kuzatiladi. Tarixda xalqaro aloqalarda iqtisodiy sanksiyalarning qo’llanilishi juda qadimga borib taqaladi. Biroq, sanksiyalar juda noyob bo’lsa ham davlatlarning yoki qaror beruvchilarning boshlang’ichda orzu qilganidek siyosat o’zgarishini ta’minlash jihatidan yutuqli bo’lishi mumkin.

Siyosat, xalqaro aloqalar va iqtisod bo’yicha sanksiyalar savdo hajmini va iqtisodiy unumdorlikni pasaytirganligi va jamiyat farovonligiga salbiy ta’sir ko’rsatganligi kuzatiladi.

Qolaversa, sanksiyalarga duch kelgan rejimlar uchun bir mag’lubiyat tushunchasi hosil qilinib, jamiyatlarning yetakchilar atrofida jamlanishiga sabab bo’lganligi, yoki sanksiyalarni qo’llagan davlatlarga qarshi xalqaro birdamlikka zamin yaratganligiga guvoh bo’lish mumkin.

Sanksiyalar afsuski xalqqa ta’sir ko’rsatmoqda, bundan aslida xalq zarar ko’rmoqda. Bunday sanksiyalar ayniqsa diktator rejimlarda radikalizmni avj oldiradi. Eron uchun ham yangi sanksiyalar bunga o’xshash natija olib kelishi mumkin. Bu vaziyat Eron rejimining Yaqin sharqdagi siyosatiga qattiq aks etishi ehtimoldan holi emas.

Xulosa qilib aytadigan bo’lsak, ushbu sanksiyalar xalqaro maydonda yangi keskinliklarga sabab bo’lishi mumkin. Iqtisodiy jihatdan esa, neft bahosida favqulodda harakatlanish bir qator mamlakatlarda inflyatsiya muammosi va turg’unlikka zamin yaratishi mumkin.

Karatekin Universiteti xalqaro aloqalar bo’limi xodimi Jemil Dog’ach Ipekning mavzuga doir mulohazalarini e’tiboringizga havola qildik.

 


Tanlangan kalimalar: AQSh , sanksiyalar , Eron , Turkiya

Aloqador xabarlar