Turkiya tashqi siyosatiga nazar 42-qism

Dasturimizning bugungi sonida Iroq shimolida bo’lib o’tgan saylovlar va buning Turkiya tashqi siyosatiga ko’rsatgan ta’siri haqida bahs yuritamiz.

1070690
Turkiya tashqi siyosatiga nazar 42-qism

     

Ko’p o’tmay Iroq shimolidagi mintaqaviy boshqaruvda parlament saylovlari bo’lib o’tdi. Dasturimizning bugungi sonida Iroq shimolida bo’lib o’tgan saylovlar va buning Turkiya tashqi siyosatiga ko’rsatgan ta’siri haqida bahs yuritamiz.

    2018 yilning 30 sentyabr kuni Iroq shimolidagi mintaqaviy boshqaruvda parlament saylovlari bo’lib o’tdi. Shu munosabat bilan Erbil, Sulaymoniya va Duhokda yashagan iroqliklar mintaqaviy parlamentdagi 111 deputatini saylash uchun ovoz berdi. Mintaqaviy parlament saylovi avvalgi yillarda o’tkazilgan saylovlarga nisbatan biroz zerikarli o’tdi, qolaversa saylov kuni ro’y bergan hodisalar ham katta tortishuvlarga sabab bo’ldi.

Bu saylovlar tafsiloti va amalga oshirilgan muhiti jihatidan 2009 va 2013 yillarda bo’lib o’tgan saylovlarga nisbatan katta farq qiladi. Bu saylovning avvalgi saylovlardan eng muhim farqi shundaki, mintaqa rahbarligi saylovlari bilan birgalikda o’tkazilmaganligidir. 2017 yildagi o’zgarishlardan so’ng, Mesut Barzaniyning lavozimni tark etishi bilan yuzaga kelgan bo’shliq Iroq mintaqaviy boshqaruvining asosiy qonuni va rahbarning xizmat muddati hamda takror saylanishiga doir tortishuvlar natijasida bir paytni o’zida o’tkazilmadi. Shu sababli, 30 sentyabr kuni faqatgina mintaqaviy parlament saylovi o’tkazildi xalos.

Bu saylovning avvalgi saylovlardan yana bir farqi shundaki, o’tmishdagi saylovlarga nisbatan yana ham farqli iqtisodiy va ijtimoiy o’zgarishlar ro’y bergan muhitda amalga oshirilganligidir. So’ngi 6 oyda asosan Sulaymoniya va uning sharqiy hududlarida iqtisodiy muammolardan kelib chiqqan namoyishlar katta kuch bilan bostirildi. Shu sababli, xalqning avj olgan iqtisodiy muammolarga nisbatan ko’rsatadigan noroziligi maroq bilan kutilayotgan edi.

Ta’kidlash joizki, saylovdagi davomat avvalgi parlament saylovlariga nisbatan juda past bo’ldi. 2013 yilgi saylovlarda davomat 73% ekan, ushbu saylovlarda esa, bu nisbat 57.96%ga pasaydi. Saylov kuni davomatni kuzatib borgan xalqaro kuzatuvchilarning ta’kidlashicha, aslida, saylovda davomat bundan ham past bo’lgan. Erbil va Sulaymoniyada saylov uchastkalari o’z ishini yakunlagach, ilk e’lon qilingan davomat bilan keyingi rasmiy natijalar o’rtasida 10%lik farq bor. Bu esa, tabiiy ravishda insonlarda shubha uyg’otadi.

Qolaversa, Iroq Kurd mintaqaviy boshqaruvida faoliyat ko’rsatgan Kurdiston yurtsevarlar ittifoqi “Yangi nasl” kabi partiyalar Erbilda va Sulaymoniyada soxta hujjatlardan foydalanib, qayta-qayta ovoz berganligini va qonunbuzarlikka yo’l qo’yganligini iddao qildilar. Shuningdek, mustaqil manbalarda aks etgan fotosurat va video tasvirlarda ovoz berish jarayonidan so’ng, qurolli kishilar saylov markazlariga bostirib kirgan, u yerdagi xodimlarga nisbatan kuch ishlatgan, partiyalar tomonidan safarbar etilgan guvohlarga esa qo’pol muomala qilgan. Bu haqda jiddiy dalillar bor. Shu sababli, saylovlarda partiyalarga berilgan ovoz miqdoriga nazar tashlanganda, Iroq kurd mintaqaviy boshqaruvidagi siyosiy partiyalarga xalqning munosabatini aniqlash qiyin ko’rinadi.

Iroq Kurd mintaqaviy boshqaruvida faoliyat ko’rsatgan partiyalardan Kurdiston demokratik partiyasi kutilganidek saylovda birinchi o’rinni egalladi. Norasmiy natijalarga ko’ra, Kurdiston demokratik partiyasi parlamentda 45 o’rinni egallashi kutilayotgan edi. Bunga qo’shimcha ravishda etnik xalq kvotasidan majlisga kirgan 11 deputatning kamida 9 nafari Kurdiston demokratik partiyasi tarafdorlari tomonidan saylanganligi kuzatiladi. Saylov natijalari rasmiylashgach, Kurdiston demokratik partiyasi 2 yoki 3 o’rin bilan majlisda ishonch ovozi olish uchun zarur bo’lgan 56 o’rinni egallaydigan darajaga kelishi mumkin. Bu sababli, saylovning eng katta g’olibi yaqqol Kurdiston demokratik partiyasi deb aytish mumkin.

Kurdiston yurtsevarlar ittifoqi esa, barcha e’tirozlarga va saylov kuni yuzaga kelgan muammolarga qaramay, takror ikkinchi partiya darajasiga ko’tarildi. Bu davrda Kurdiston yurtsevarlar ittifoqi hukumatning bir parchasiga aylanish uchun qo’lidan kelgancha g’ayrat qiladi.

Avvalgi saylovda eng katta yuksalishni qo’lga kiritgan Go’ran harakatida kuzatilgan pasayish davom etmoqda. Go’ran harakati yetakchisi Nevshirvan Mustafoning vafotidan keyin partiyada rahbarlik talashlari va eski avlod bilan rahbarlikka nomzod bo’lgan yangi liderlar o’rtasida dahanaki jang avjiga chiqdi.

Avvalgi saylovga nisbatan yarmiga kamaygan o’rin soni mavjud rahbar Umar Sayit Alining lavozimni boy berishiga olib keladi. Shuningdek, Iroq kurd mintaqaviy boshqaruvi parlamenti sayloviga birinchi bor ishtirok etgan Yangi nasl harakati 2018 yilning may oyidagi saylovga nisbatan ovoz yo’qotgan bo’lishiga qaramay, o’z o’rnini saqlab qoldi. Go’ran harakati zayiflagan taqdirda, Kurdiston demokratik partiyasi va Kurdiston yurtsevarlar ittifoqidan mamnun bo’lmagan muxoliflarning yangi manzili Yangi nasl harakati bo’lishi mumkin.

Saylov jarayoni va natijalaridan shuni ko’rish mumkinki, Iroq kurd mintaqaviy boshqaruvidagi mavjud ijtimoiy-iqtisodiy jarayon davom etgan taqdirda, mintaqada mavjud siyosiy tashkilotlar yechim topa olmaydigan bo’xronga aylanishi ehtimoldan holi emas.

Xalqning tobora siyosiy tashkilotlarga bo’lgan ishonchi kamayishi ham saylovda davomatning tushishiga olib keldi. Shu sababli, Iroq shimolida xuddi Basrada bo’lganidek norozilik namoyishlari siyosiy partiyalarning nazoratidan chiqishi va qonli to’qnashuvlarga aylanib ketishi mumkin.

Mavzuga Turkiya tashqi siyosati jihatidan nazar tashlaganimizda, mahalliy, mintaqaviy va global jarayon e’tiborga olinganda, Ankara-Erbil munosabatlarining mavjud shartlar doirasida qaytatdan shakllanishini taxmin qilish mumkin. Hamma narsani unutib o’tmishga qaytish xalqaro munosabatlarning tabiatiga to’g’ri kelmaydi albatta, biroq ehtimoldan holi emas. Chunki, ikki tomon o’rtasidagi aloqalar va mushtarak kelajak ikki tomonlama manfaatlar asosida va shartlar doirasida qaytatdan shakllanadi desak mubolag’a bo’lmaydi.

Otaturk Universiteti Xalqaro aloqalar bo’limi xodimi Jemil Do’g’ach Ipekning mavzuga doir mulohazalarini e’tiboringizga havola qildik.



Aloqador xabarlar