Turkiya tashqi siyosatiga nazar 28-qism

Dasturimizning bugungi sonida Turkiyadagi saylov jarayoni va buning tashqi siyosatga ko’rsatgan ta’siri haqida mulohaza yuritamiz.

Turkiya tashqi siyosatiga nazar 28-qism

 

Turkiyada 24 iyunda bo’lib o’tgan prezident saylovlari hamda parlament saylovlarining rasmiy natijalari ma’lum bo’ldi. Dasturimizning bugungi sonida Turkiyadagi saylov jarayoni va buning tashqi siyosatga ko’rsatgan ta’siri haqida mulohaza yuritamiz.

Turkiya Respublikasida 24 iyun kuni bo’lib o’tgan prezident va parlament saylovlarining rasmiy natijalari ma’lum bo’ldi. Nafaqat g’arb mamlakatlarida, balki butun dunyoda saylovlarga nisbatan qiziqish juda katta bo’ldi. Bu esa, Turkiyaning tobora kuchayib borayotgan mintaqaviy va global ro’liga berilgan ahamiyatni ko’rsatadi.

Prezident saylovida amaldagi prezident Rajap Tayyip Erdo’g’an g’alaba qozondi. Parlament saylovida esa, Ak partiya bilan Milliyatchi harakat partiyasi ittifoqi g’oliblikni qo’lga kiritdi. Saylovda davomat katta bo’ldi. Bu juda muhim. Chunki, bu davomat Turkiya demokratiyasining bugungi vaziyati xalq tomonidan qo’llab quvvatlanganini ko’rsatadi.

Saylovlar oldidan tashqi siyosat birganiga jonlana boshladi. Zero, amalga oshiriladigan ishlar ro’yxati juda uzun va o’zgarishlar juda tezkor. Bu jihatdan Turkiya tashqi siyosatda yangi davrga qadam bosdi desak mubolag’a bo’lmaydi. Zero, saylovlardan keyin Turkiyaning oldida bitta mavzu ko’ndalang turibdi. U ham bo’lsa tashqi siyosat va bu bilan bog’liq bo’lgan terrorizmga qarshi kurash jarayoni.

Kelgusidagi jarayonda nafaqat Yevropa Ittifoqi, balki butun g’arb davlatlari Turkiya bilan munosabatlarida yangi sahifa ochishni xohlaydi. Kelgusi 6 oyda Yevropa Ittifoqini vaqtinchalik boshqaradigan Avstriya davrida tezkor qadam tashlanishini kutish qiyin. Biroq, avvalgiga nisbatan yana ham e’tiborli munosabatni kuzatishimiz ehtimoldan holi emas. Qochqinlar masalasi hamon hal bo’lmadi va Yevropa Ittifoqining Turkiyasiz bu masalani hal qilishi amri mahol.

 AQSh bilan bo’lgan munosabatlarda esa, ortda qolgan 2-3 yilga nisbatan yana ham iliq davr boshlanadi desak mubolag’a bo’lmaydi. Chunki, AQSh prezidenti Donald Tramp Turkiya bilan yaxshi munosabatlarni yo’lga qo’yish tarafdori.  AQSh bilan Turkiya o’rtasidagi munosabatlar ichki va tashqi xavfsizlik, tashqi siyosat, iqtisodiyot, finans, davlat diplomatiyasi va huquqiy masalalarni o’z ichiga oladi. AQSh bilan Turkiya o’rtasidagi muammolar Turkiyaning 3-tomonlar bilan masalan NATO, Yevropa Ittifoqi kabi tashkilotlar bilan bo’lgan munosabatiga ham ta’sir ko’rsatmoqda. Shubhasiz, bu vaziyat AQShga ham ta’sir ko’rsatmoqda.

Qisqasi, AQSh-Turkiya munosabatlari jiddiy inqirozga yuz tutgan vaziyatda. S-400 havo mudofaa tizimi bu inqirozning asosiy sababchisidir. AQSh esa Turkiyani qaroridan voz kechirmoqchi. Lekin, asl muammo buni ta’minlaydigan strategiyani belgilashda. Turkiyani qaroridan voz kechirish uchun olib boriladigan strategiya qattiq sanksiyalar bilan yoki iliq diplomatik ziyoratlarga borib taqaladimi buni vaqt ko’rsatadi.

Qattiq sanksiyalar AQSh hukumati uchun yaxshi natija olib kelmaydi. Sanksiyalar Turkiyani xavfsizlik sohasida bir muncha qiynasa ham kutilgan natijani bermaydi. Aksincha, Turkiyani yanada tezkor ravishda g’arb dunyosidan uzoqlashtiradi.

Prezident Erdo’g’an saylov oldi tashviqotlarida terrorizmga qarshi kurashga alohida o’rin ajratdi va bu kurashni yanada kuchaytirishga va’da berdi. Buning qanchalik ahamiyatli ekanligi barchamizga oshikor.

Zero, Turkiyadagi terror muammosi kundan kunga o’zini yana ham yorqin namoyon qilmoqda. Bunda global, mintaqaviy va mamlakat miqyosidagi o’zgarishlarning ro’li katta. Kelgusi davrda bu masalaga yana ham katta ahamiyat berilishi ehtimoldan holi emas.

Turkiya atrofidagi harakatlanishlar va ittifoqlar Suriya, Iroq va Eron bilan bog’liq yangi o’zgarishlarga ishora qiladi. Asosan, Suriya masalasi tarkibini o’zgartirmoqda. Shuningdek, prezident Erdo’g’an terrorizmga qarshi kurashda yana ham qat’iy bo’lishni tilga olar ekan, bu muammoni faqatgina terror tashkiloti bilan ta’rif etib bo’lmasligini farqida. Mintaqaviy o’zgarishlar terror tashkiloti PKKdan ham kattaroq muammo borligini ko’rsatadi.

Kelgusi jarayonda Turkiya tashqi siyosatida quyidagi uchta muhim omilning asosiy o’rinda bo’lishi taxmin qilinadi:

  1. Zamonaviy dunyodagi o’zgarishlarni yaqindan kuzatib borayotgan pro-aktif siyosat yuritayotgan Turkiya;
  2. Xalqparvarlik: Tashqi siyosatda turk xalqining va turk dunyosining talablarini inobatga olgan va Markaziy Osiyo bilan munosabatlarini yanada rivojlantirgan Turkiya;
  3. Muhofazakor: Ezilgan barcha xalqlar va musulmon jamiyatlar bilan aloqalarini yanada kuchaytirgan Turkiya...

Xulosa qilib aytadigan bo’lsak, turk xalqi bu saylovlarda Turkiya Respublikasining tarixini Erdo’g’an bilan shakllantirishga qaror berdi. Parlamentar tizimdan prezidentlik boshqaruv shakliga o’tish jarayonini 5 yil mobaynida Erdo’g’an boshqarib boradi. Bu Turkiya uchun ilk tajriba va ilk sinov bo’lib hisoblanadi. Bu juda katta vazifa ayni paytda. Bu qolaversa, mamlakatni jonlantirish va yangilash fursatini ham beradi. Yangi tizim bilan yanada rivojlanadigan Turkiya, mana shunday qilib, tashqi siyosaatda avvalgidan ham faol bo’lish omadini qo’lga kiritadi.

Otaturk Universiteti Xalqaro aloqalar bo’limi xodimi Jemil Do’g’ach Ipekning mavzuga doir mulohazalarini e’tiboringizga havola qildik.

 



Aloqador xabarlar