• Video galereya

Turk tashqi siyosatiga nazar 21-qism

Dasturimizning bugungi sonida Eron turklari va bu mavzuning Turkiya tashqi siyosatiga ko’rsatgan ta’sirini ko’zdan kechiramiz.

Turk tashqi siyosatiga nazar 21-qism

 

O’tgan haftalarda Eron prezidentining o’rinbosari Ali Yunusiy “Eron turklari turkiyzabon forslardır” degan edi. Bu esa mamlakatda taranglikka sabab bo’ldi. Dasturimizning bugungi sonida Eron turklari va bu mavzuning Turkiya tashqi siyosatiga ko’rsatgan ta’sirini ko’zdan kechiramiz.

Eron prezidentining o’rinbosari Ali Yunusiy “Eron turklari (ozarbayjonlar)-turkiyzabon forslardır” degan izohi Eron turklari tomonidan tanqid qilindi. Bu ham yetmagandek, Eron hukumati Rossiyaga mamlakatda fors tilini ikkinchi til sifatida o’qitilishini taklif qildi, ayni shaklda Eronda ham rus tilining maktablarda ikkinchi til sifatida o’qitilishini taklif qildi. Bu esa, Eron turklarining g’azabini yanada kuchaytirdi.

Eron majlisi deputati Nodir Gazipur va Hadi Bahodir Eron prezidenti Hasan Ruhoniyga maktub yozdi. Bu maktubga Eron turklaridan bo’lgan 50 deputat imzo chekdi. Yunusiyning izohlari mamlakat xavfsizligiga zarar berganligi yozilgan maktubda, Eronda turli irq va millatdan insonlar yashashi, qur’onga ko’ra millat ajratish gunoh ekanligi qayd etildi. Qolaversa, bir millatning tiliga xiyonat qilish o’sha millatning o’ziga xiyonat qilish bilan barobar ekanligi ta’kidlandi.

Eslatish joizki, o’tgan yillarda Eronda turli sabablar bilan turk-fors tarangligi ro’y bergandi. 2006 yili Eronda davlatga tegishli bir gazetada chop etilgan karikaturada turkcha gapirayotgan bir hasharot chizilgan edi. Agar, eronliklar o’z vatanini haqiqatdan sevadigan bo’lsa, bu hasharotlarni o’ldirishi kerakligi karikaturada aks etgan edi.

 Bu karikatura Tebriz va turklar gavjum yashaydigan boshqa shaharlarda qattiq e’tirozlarga sabab bo’lgan edi. Millionlab inson namoyish o’tkazgan edi. Bu namoyishlar natijasida davlat ushbu gazetani yopishga buyruq bergandi va javobgarlarni qo’lga olib, vaziyatni tinchitishga harakat qilgan edi.

Biroq, kech aytilgan uzr xalqni qoniqtirmadi. So’ngra davlat bu voqealarni qurol bilan bostirishga harakat qildi. Buning oqibatida 50dan ortiq namoyishchi halok bo’ldi. Yaradorlar soni esa 100 dan oshib ketdi va minglab namoyishchi qo’lga olindi.

Bu hodisalardan 10 yil o’tgach, 2015 yili takror bunga o’xshash nashr orqali mamlakatda yashagan turkiyzabon aholi yana haqorat qilindi. Eron davlat televideniyesida namoyish qilingan bolalar ko’rsatuvida, turkiylarga nisbatan haqoratomuz ifodalar o’rin oldi. Yana namoyishlar boshlandi. Bu hodisalardan uch yil o’tgach, Yunusiyning ushbu izohlari Eronda ushbu nozik masalada yetarlicha ibrat olinmaganligidan darak beradi.

Eron turklari 30 mlndan ortiq aholisi bilan mamlakatda forslardan keyingi eng kuchli jamiyat bo’lib hisoblanadi. Turklar geopolitik joylashuvi, ijtimoiy-madaniy tuzilishi, iqtisodiy kuchi va aholi salohiyati jihatidan Eronda ro’y bergan siyosiy o’zgarishlarda muhim ro’l o’ynadilar.

10- va 11-asrlarda Saljuqiy boshqaruvi ostida o’g’uzlarning Ozarbayjonga ko’chib kelishi mintaqada ulkan turk hukmronligiga zamin yaratdi. 1501-yilda Safaviy davlatining tashkil topishi bilan mintaqa xalqlarining shaxsiyati ham katta darajada o’zgara boshladi. Ozarbayjonda tuzilgan bu rejim Eronga muhim mintaqaviy kuch olib keldi. Qolaversa, aksariyati sunniy bo’lgan xalqlar shiya mazhabiga o’tishga majburlandi. Keyingi yillarda mintaqada hukmron bo’lgan Afshar va Kachar sulolalari davrida turklik ongi va shiya mazhabi o’z ahamiyatini saqlab qoldi.

 Eronda asrlar mobaynida hukm surgan turk sulolasi hukmronligi 20 asrning birinchi choragida yakun topdi. So’ngra, fors millatiga mansub Pahlaviylar davri boshlandi. Bu jarayon Eron turklari jihatidan muhim burilish nuqtasi bo’ldi. Bu davrda turkiylar turli bosimlarga duch keldi. Pahlaviy davrida qabul qilingan forslashish ideologiyasi mintaqada yashagan turkiylar uchun shaxsiyatlarini saqlab qolish va rejimga qarshi o’zini ifoda etish ongini paydo qildi. Shox taxtdan to’ntarilgan jarayonda faol bo’lgan turkiylar islom inqilob harakatiga boshchilik qilgan güruhlar safidan joy oldi.

Kunimizda turkiylar Eronda siyosat va iqtisodiyotda juda faollar. Biroq, turk tilining rasmiy til emasligi, turkcha ta’limga ruxsat berilmasligi kabi sabablar tufayli, vaqti-vaqti bilan Eron hukumatiga qarshi e’tiroz bildirmoqdalar.

 Erondagi turkiylarni biron mamlakatdagi etnik xalq sifatida ko’rmaslik kerak. Zero, taxminan 1000 yildan beri Eron mintaqasining siyosiy tarixidagi voqealarning shakllanishida turkiylarning ro’li katta. Fors va turk madaniyati Eronda tabiiy ravishda bir-biriga ta’sir ko’rsatgan. Bu ikki azaliy madaniyatning bir-biriga qo’shgan hissasi beqiyos. Xalqlar birgalikda jamuljam yashashlari uchun bir-biriga nisbatan hurmatni kanda qilmasligi zarur. Eron hukumati an’analarga boy tajribali davlat. Ona tilida ta’lim va matbuot erkinligi kunimizda asosiy inson huquqlaridan biridir. Eron davlati turkcha ta’lim va turkcha matbuot erkinligi mavzularida xalqning talablarini inobatga olsa maqsadga muvofiq bo’lardi. Chunki, bu nafaqat Turkiya-Eron munosabatlariga, balki mintaqada barqarorlikka ijobiy hissa qo’shadi.

Otaturk Universiteti Xalqaro aloqalar bo’limi xodimi Jemil Do’g’ach Ipekning mavzuga doir mulohazalarini e’tiboringizga havola qildik.

 

 

         

 


Tanlangan kalimalar: Ali Yunusiy , fors , Eron turklari , Eron , Turkiya

Aloqador xabarlar