O'zbekistondan xabarlar 2-qism

O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 8 yanvar kuni joriy yilgi investitsiya loyihalarini amalga oshirishni jadallashtirish masalalariga bag`ishlangan videoselektor yig`ilishi bo`lib o`tdi.

O'zbekistondan xabarlar 2-qism

O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 8 yanvar kuni joriy yilgi investitsiya loyihalarini amalga oshirishni jadallashtirish masalalariga bag`ishlangan videoselektor yig`ilishi bo`lib o`tdi.

Unda hukumat a`zolari, Toshkent shahri va viloyatlar hokimlari, mamlakatning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari ishtirok etdi.

Videoselektorda mazkur yirik va muhim loyihalarni o`z muddatida va sifatli amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Yig'ilishda, xorijiy davlatlar va investorlar bilan faol ish olib borilayotgani natijasida jami investitsiyalarning 25 foizini to`g`ridan-to`g`ri chet el sarmoyalari tashkil etganligi, xususan, joriy yilda shunday investitsiyalar ishtirokidagi 320 ta loyiha doirasida 4,2 milliard dollar o`zlashtirilishi ko`zda tutilganligi qayd etildi.

Mirziyoyev, to`g`ridan-to`g`ri xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi loyihalarni so`zsiz amalga oshirish, chet ellik investorlarga har tomonlama yordam berish hukumatning eng muhim vazifasi bo`lishi kerakligini ta`kidladi.

Bu boradagi vazifalar Vazirlar Mahkamasi komplekslari bo`yicha tahlil qilindi.

Jig`ilishda to`g`ridan-to`g`ri xorijiy investitsiyalar hisobiga hududiy loyihalarni amalga oshirish masalasiga alohida e`tibor qaratildi.

Endilikda hududlar va tarmoqlarda to`g`ridan-to`g`ri xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi loyihalar ko`lamini kengaytirish, ularni amalga oshirishda qat`iy nazorat mexanizmini o`rnatish uchun yangi tizim tashkil etilishi ma`lum qilindi.

Videoselektor yig`ilishida yana bir muhim masala – xorijiy investorlar loyihasini davlat tomonidan qo`llab-quvvatlash masalasi muhokama qilindi.

Xalqaro tajribadan kelib chiqqan holda, xorijiy investorlarni qo`llab-quvvatlash jamg`armasini tashkil etish vazifasi qo`yildi.

Jig`ilishda uzoq muddatli, past foizli to`g`ridan-to`g`ri xorijiy kredit resurslarini jalb etish ishlarini kuchaytirish lozimligi ta`kidlandi.

Videoselektorda Investitsiya dasturiga kiritilgan loyihalar ijrosini tashkil etish yuzasidan ko`rilayotgan choralar haqida hukumat a`zolari, vazirlik va idoralar, xo`jalik birlashmalari rahbarlari va viloyat hokimlarining hisoboti tinglandi     

Samarqandda "Hindiston – Markaziy Osiyo" uchrashuvi bo`lib o`tadi.

12-13 yanvar kunlari Samarqandda Hindiston va Markaziy Osiyo davlatlari tashqi ishlar vazirlari uchrashuvi bo`lib o`tadi.

Bu xaqda O`zbekiston Tashqi ishlar vazirligi xabar qildi.

"12-13 yanvar kunlari Samarqand shahrida "Hindiston – Markaziy Osiyo" muloqoti tashqi ishlar vazirlarining Afg`oniston ishtirokida ilk uchrashuvi bo`lib o`tadi", deyiladi xabarda.

Uchrashuvda mamlakatlar orasida savdo hajmini oshirish, transport va logistikani rivojlantirish, sanoat, energetika, axborot texnologiyalari, tibbiyot, farmatsevtika, qishloq xo`jaligiga investitsiyalar jalb qilish masalalari hamda madaniyat, ilm-fan, ta`lim va turizm sohalarida hamkorlik masalalari muhokama qilinadi. Uchrashuv yakunlari bo`yicha Qo`shma bayonot qabul qilinishi ko`zda tutilgan.

Uchrashuvda Hindiston tashqi ishlar vaziri Sushma Svaraj, Qirg`iziston tashqi ishlar vaziri Chingiz Aydarbekov, Tojikiston tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muhriddin, Turkmaniston tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov, O`zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov, Qozog`iston tashqi ishlar vazirining birinchi o`rinbosari Muxtor Tleuberdi, shuningdek, Afg`oniston tashqi ishlar vaziri Salohuddin Rabboniy ishtirok etadi.       

O`zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Shanxay hamkorlik tashkiloti bosh kotibi lavozimiga kirishgan Vladimir Norovni qabul qildi.

O`zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev 3 yanvar kuni joriy yil 1 yanvardan boshlab Shanxay hamkorlik tashkiloti bosh kotibi lavozimiga kirishgan Vladimir Norovni qabul qildi.

Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Shavkat Mirziyoyev O`zbekiston Respublikasi vakilining shunday yuqori va mas`uliyatli Shanxay hamkorlik tashkiloti Bosh kotibligiga tasdiqlanishi tarixiy voqea ekanini ta`kidladi.

Uchrashuv chog`ida O`zbekiston prezidenti ochiq va konstruktiv muloqot uchun samarali maydon, ko`p qirrali hamkorlikning ta`sirchan mexanizmi, Markaziy Osiyo mintaqasida xavfsizlik va barqarorlikning muhim omiliga aylangan Shanxay hamkorlik tashkiloti faoliyatiga yuqori baho berdi.

Shavkat Mirziyoyev Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasida ishga solinmagan ulkan salohiyati mavjudligiga alohida e`tibor qaratdi. Xavfsizlikni mustahkamlash, savdo, iqtisodiyot, investitsiya, transport kommunikatsiyalari, turizm, qishloq xo`jaligi hamda mintaqalararo hamkorlik sohalaridagi aloqalarni rivojlantirish kelgusidagi ustuvor yo`nalishlar sifatida qayd etib o`tildi.

Uchrashuv so`ngida Mirziyoyev, Norovga Shanxay hamkorlik tashkiloti bosh kotibi lavozimida muvaffaqiyatlar tiladi.      

O`zbekistonda yana bir siyosiy partiya - O`zbekiston ekologik partiyasi ta`sis etildi.

O`zbekiston Ekologik harakatining 250 nafar vakillari ishtirokida tashkil etilgan majlisda, O`zbekiston Ekologik partiyasini ta`sis etish haqidagi qaror qabul  qilindi.

Buning natijasida O`zbekiston Ekologik harakati O`zbekiston Ekologik partiyasiga aylandi.

Yig'ilishda, partiyaning Markaziy Kengashi a`zolari, Nazorat-taftish komissiyasi a`zolari saylab olindi.

Delegatlar tomonidan bildirilgan taklif va tavsiyalar asosida O`zbekiston ekologik partiyasi Ustavi va Dasturi loyihalari hamda boshqa masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi. Partiyaning ramzlari tasdiqlandi.

Partiya ijro qo'mitasi raxbarligiga O`zbekiston Ekologik harakati rahbari Boriy Alixanov saylandi.

Ma'kumki, shu kunga qadar respublikada O`zbekiston Xalq-demokratik partiyasi, "Milliy tiklanish” demokratik partiyasi, “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi va O`zbekiston liberal-demokratik partiyasi faoliyat yuritayotgan edi.

O`zbekiston Ekologik harakati 2008 yilda tashkil etilgan edi.

         

 


Tanlangan kalimalar: Yangiliklar , So'ngi , O'zbekiston

Aloqador xabarlar