O'zbekistondan xabarlar 35-qism

Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari Turkmanistonda uchrashdi.

O'zbekistondan xabarlar  35-qism

Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari Turkmanistonda uchrashdi.

Turkmanistonning Turkmanboshi shahrida Orolni qutqarish xalqaro jamg`armasi ta`sischi davlatlari rahbarlari majlisi bo'lib o'tdi.

Majlisda O`zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov, Tojikiston prezidenti İmomali Rahmon, Qozog`iston prezidenti Nursulton Nazarboev va Qirg`iziston prezidenti Sooronbay Jeenbekov ishtirok etdi.

Uchrashuvda Orol muammosi, hududdagi ekologik holatni yaxshilash bo`yicha olib borilayotgan ishlar, Orol muammosi oqibatlarini yushatish, suvni tejash va hududdagi ekologik holatni yaxshilash, Markaziy Osiyo mamlakatlarining bu boradagi sa`y - harakatlarini birlashtirish masalalari muhokama qilindi.

Davlat rahbarlari Orol fojiasi oqibatlarini yumshatish, Orolbo`yidagi ijtimoiy - iqtisodiy vaziyatni yaxshilash, suv va ekologiya bilan bog`liq muammolarni birgalikda hal qilishga kelishib oldi.

Majlisda Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqarorlikni ta`minlash suv resurslaridan birgalikda foydalanish masalasiga bevosita bog`liq ekani, bu boradagi oqilona qarorlar va yaqin hamkorlik mintaqa mamlakatlari farovonligiga xizmat qilishi ta`kidlandi.

Bu masalani hal qilishda mintaqadagi barcha mamlakatlar manfaatlarini hisobga olish zarurligi, shunday yondashuvdan boshqa echim yo`qligi alohida qayd etildi.

Majlis yakuni bo`yicha davlat rahbarlarining Qo`shma bayonoti qabul qilindi.

Ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda ushbu sammit o`z ahamiyatiga ko`ra nafaqat jamg`arma faoliyatida, balki Markaziy Osiyo mamlakatlarining ekologiya va suvdan foydalanish borasidagi hamkorligini rivojlantirishda yangi bosqichni boshlagani, ilgari surilgan taklif va tashabbuslar mintaqa xalqlari farovonligini oshirish, ko`p qirrali munosabatlarni yanada rivojlantirishga xizmat qilishi ta`kidlandi.

Orolni qutqarish xalqaro jamg`armasi 1993 yili O`zbekiston, Qozog`iston, Qirg`iziston, Tojikiston va Turkmaniston rahbarlari tashabbusi bilan Orol dengizi havzasida ekologik inqiroz oqibatlariga barham berish va ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni yaxshilash maqsadida tuzilgan. Turkmaniston tomoni Orolni qutqarish xalqaro jamg`armasiga 2017 yildan beri raislik qilib kelmoqda.

O`zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov uchrashdi.

O'tgan xaftada Turkmanboshi shahrida O`zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov uchrashuv o`tkazdi.

Bu haqda O`zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.

Gurbanguli Berdimuhamedov O`zbekiston davlat rahbarini Turkmanistonga tashrifi bilan qutlab, Orolni qutqarish xalqaro jamg`armasining ta`sischi mamlakatlari sammiti ham ikki tomonlama, ham ko`p tomonlama hamkorlikni muhokama qilish uchun yaxshi imkoniyat ekanini ta`kidladi.

Shavkat Mirziyoyev Turkmanistonning Orolni qutqarish xalqaro jamg`armasiga raisligini yuqori baholab, O`zbekiston bilan Turkmanistonning bu boradagi loyihalari va tashabbuslari bir-birini to`ldirishini qayd etdi.

Uchrashuvda mamlakatlar o`rtasidagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi. Turkmaniston prezidentining joriy yil aprel oyidagi O`zbekistonga davlat tashrifi ko`p qirrali aloqalarga yangi sur`at baxsh etib, uni amaliy mazmun bilan boyitgani ta`kidlandi.

Muloqotda avval erishilgan kelishuvlar ijrosiga e`tibor qaratildi. O`zbekiston va Turkmaniston o`rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlash, siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, sanoat, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.

O'tgan xaftada Qirg`izistonning Cho`pon-ota shahrida Shanxay hamkorlik tashkilotiga a`zo davlatlar adliya vazirlarining oltinchi majlisi o'tkazildi.

Majlis Qirg`iziston Respublikasi adliya vaziri Maksatbek Esenaliev raisligida bo`lib o`tdi.

Majlis ishida, shuningdek, Hindiston Respublikasi huquq va adliya vaziri o`rinbosari Chandra, Qozog`iston adliya vaziri Beketaev, Xitoy Xalq Respublikasi adliya vaziri o`rinbosari Yuan Shuxung, Pokiston Islom Respublikasining Qozog`istondagi elchisi Imtiyoz Ahmad Qozi, Rossiya adliya vaziri Konovalov, Tojikiston adliya vaziri Shohmurod va O`zbekiston adliya vaziri Ruslanbek Davletov qatnashdi.

Tadbirda shuningdek, kuzatuvchilar sifatida Afg`oniston, Belarus, Eron va Mo`g`uliston vakillari xam qatnashdi.

Majlis yakunlari bo`yicha adliya vazirlari tomonidan Shanxay hamkorlik tashkilotining 2025 yilgacha rivojlanish Strategiyasiga muvofiq adliya vazirliklari o`rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishni ko`zda tutuvchi Qo`shma bayonot imzolandi.

Cho‘lpon ota shahrida shuningdek, Shanxay hamkorlik tashkiloti a'zo davlatlari Milliy koordinatorlari kengashining navbatdagi yig'ilishi bo'lib o'tdi.

Yig'ilishda Hindiston, Pokiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Rossiya, Tojikiston, Xitoy va O'zbekiston vakillari tashkilotga a'zo davlatlar rahbarlari tomonidan ilgari surilgan tashabbuslarni amalga oshirish istiqbollarini muhokama qildilar.

Shanxay hamkorlik tashkiloti a'zo davlatlari Milliy koordinatorlari kengashining navbatdagi yig'ilishida tashkilotga a'zo davlatlar Hukumat rahbarlari kengashi yig‘ilishini o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rish hamda tashkilot joriy kun tartibining boshqa masalalari ham ko‘rib chiqildi.

O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisining birinchi o`rinbosari Sodiq Safoyev boshchiligidagi delegatsiya 21-24 avgust kunlari Frantsiyada bo`lib bir qator uchrashuvlar o'tkazdi.

O`zbekiston Bosh vaziri o`rinbosari Aziz Abduhakimov, Qonunchilik palatasi Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari qo`mitasining raisi Akmal Saidov va boshqa rasmiylar bo`lgan O'zbekiston delegatsiyasi qator muzokaralar va uchrashuvlarda ishtirok etdi. Unda ikki tomonlama hamkorlikka oid istiqbolli kelishuvlarga erishildi.

Tashrif doirasida O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o`rinbosari Abduhakimov Frantsiya oliy ta`limini chet davlatlarda targ`ib qilish va xalqaro talabalar harakati bo`yicha Frantsiya davlat agentligi bosh direktori Beatris Kaya bilan uchrashdi.

Muloqotda tomonlar ikki mamlakat ta`lim tizimidagi aloqalarni faollashtirish maqsadida ikki davlatning oliy ta`lim muassasalari rektorlarining sammitini tashkil etish masalalarini muhokama qilishdi.

Shu bilan birga, O`zbekiston Respublikasi Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi bilan Frantsiya oliy ta`limini chet davlatlarda targ`ib qilish va xalqaro talabalar harakati bo`yicha Frantsiya davlat agentligi o`rtasida yaqin kelajakda hamkorlik rejasini imzolashga kelishib olindi.

O`zbekiston delegatsiyasi Frantsiyaga tashrifi davomida “Thales Alenia Space” kompaniyasi vitse-prezidenti Imbert bilan uchrashdi.

Muzokaralar davomida O`zbekistonda kosmik sohasini rivojlantirishda o`zaro manfaatli hamkorlik masalalari muhokama etildi.

O`zbekiston delegatsiyasi vakillari “Thales Alenia Space” kompaniyasining kosmik sun`iy yo`ldoshlarini yig`ish bo`yicha ishlab chiqarish ob`ektlarida bo`lishdi.

   


Tanlangan kalimalar: Orol fojiasi , Orol , Respublikalari , Turk

Aloqador xabarlar