O'zbekistondan xabarlar 32-qism

O`zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Falastin tashqi ishlar vaziri bilan muzokaralar o`tkazdi.

O'zbekistondan xabarlar 32-qism

Abdulaziz Komilov Falastin tashqi ishlar vaziri bilan muzokaralar o`tkazdi.

Shu yilning 1- avgust kuni O`zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Toshkent shahriga tashrif bilan kelgan Falastin davlati delegatsiyasiga boshchilik qilayotgan tashqi ishlar vaziri Riyod al-Malikiy bilan uchrashdi.

Bu haqda O`zbekiston tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuvda, turli darajadagi muntazam O`zbekiston - Falastin muloqotining davomi sifatida vazirlar ikki tomonlama munosabatlarning, jumladan Birlashgan Millatlar Tashkiloti, İslom Hamkorlik Tashkiloti va boshqa xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlikning hozirgi holati va mustahkamlash istiqbollarini batafsil muhokama qildi.

Suhbat chog`ida, ikki tomon ham siyosiy, savdo - iqtisodiy, madaniy - gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlikni rivojlantirishdan birdek manfaatdor va bu uchun qo`shimcha imkoniyatlarni izlab topishga tayyor ekanliklarini ta'kidladi.

O`zbekiston tomonining Falastin xalqi bilan uning o`z suveren davlatini tashkil etish intilishlari borasida birdamligi va Falastinning Yaqin Sharqdagi mojarolarni tinchlik muzokaralari o`tkazish yo`li bilan bartaraf etish bo`yicha sa`y - harakatlarini qo`llab - quvvatlashi muzokaralar davomida e`tirof etildi.

Tashqi siyosat idoralari rahbarlari dolzarb kun tartibining boshqa masalalarini ham ko`rib chiqdilar.

Uchrashuvda Falastinning O'zbekistondagi elchisi Muhammad Tarshahani ham ishtirok etdi.

        

O`zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashrif bilan mamlakatga kelgan Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Suma Chakrabartini qabul qildi.

Bu haqda O`zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuvda, davlat rahbari mehmonni qutlar ekan, O`zbekiston va Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki o`rtasidagi o`zaro manfaatli hamkorlik yuqori sur`atlarda rivojlanayotganligidan chuqur qoniqish hosil qilayotganligini bildirdi.

Uchrashuvda o`zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish, uni asosiy tarmoqlardagi islohotlarni qo`llab - quvvatlash va ularning strategiyalarini ishlab chiqish, ishlab chiqarish korxonalarini xususiylashtirishga tayyorlash, davlat - xususiy sheriklik mexanizmlarini joriy etish, hududlarni kompleks rivojlantirish, shuningdek, mamlakat iqtisodiyotiga xususiy investitsiyalarni jalb etishga qaratilgan yangi dastur va loyihalar bilan boyitish masalalari muhokama qilindi.

Suma Chakrabarti O`zbekistonda davlat va jamiyat hayotining turli sohalarida hamda iqtisodiyotni liberallashtirish bo`yicha yangi bosqichda amalga oshirilayotgan, mamlakatning barqaror rivojlanishi, aholi turmush darajasi va sifati oshishi, shuningdek, O`zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzi yuksalishiga xizmat qiladigan islohotlar va o`zgarishlarni yuqori baholadi.

Suma Chakrabarti O`zbekiston prezidentining o`zaro manfaatli va samarali mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash, Markaziy Osiyoda tinchlik, barqarorlik va farovonlikni ta`minlashga qaratilgan tashabbuslarining muhim ahamiyatga ega ekanligini ta`kidladi va bu tashabbuslarni qat`iy qo`llab - quvvatlashini bildirdi.

Ma'lumki, 2017 yil mart oyida Toshkent shahrida tomonlar o'rtasida bo`lib o`tgan uchrashuvdan buyon bank tomonidan O`zbekistonda tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan loyihalarni moliyalashtirish uchun umumiy qiymati 190 million dollardan ortiq kredit liniyalari ajratildi. Shuningdek, o`tgan yil noyabr oyida Toshkent shahrida bank vakolatxonasi o`z faoliyatini qayta tikladi.

      

Bu yil yetti mingdan ortiq O'zbekistonlik ziyoratchilar haj amalini ado etadilar.

O'zbekiston hükümati tomonidan amalga oshrilayotgan haj dasturi doirasida Toshkent, Namangan, Samarqand, Qarshi va Buxoro shaharlaridan 32 ta reys yo'lga qo'yiladi.

"O`zbekiston havo yo`llari" Milliy aviakompaniyasi 29 iyuldan boshlab "Haj - 2018" dasturi doirasida parvozlarni amalga oshirishni boshladi.

Bu haqda O`zbekiston havo yo`llari" Milliy aviakompaniyasi matbuot xizmati xabar berdi.

"Haj amalini ado etish niyatidagi o`zbekistonlik ziyoratchilar shu yilning 13 avgustiga qadar Boeing - 767 samolyotlarida Saudiya Arabistonining Madina shahriga yetkazib qo`yiladi", deyiladi matbuot xizmati xabarida.

Dasturni amalga oshirish doirasida Toshkent, Namangan, Samarqand, Qarshi va Buxoro shaharlaridan 32 ta reysda O`zbekistondan 7200 nafar ziyoratchi olib boriladi.

Haj safaridan qaytish reyslari esa jidda shahridan 27 avgustdan boshlab 14 sentyabrga qadar amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

  

O'zbekistonda chet el kapitali ishtirokida firma ochish osonlashdi.

O`zbekiston Prezidenti farmoni bilan chet el investitsiyasi ishtirokidagi firmalarning ustav fondining eng kam miqdori va ustav fondidagi xorijiy sarmoya ulushi kamaytirildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev, 1 avgust kuni "O`zbekiston Respublikasida investitsiya muhitini tubdan yaxshilash chora - tadbirlari to`g`risida"gi farmonni imzoladi.

Mazkur farmonga asosan, chet el investitsiyalari ishtirokidagi firmalar ustav fondining eng kam miqdori 600 million so`mdan 400 million so`mgacha, chet el investitsiyalari ishtirokidagi firmalar ustav fondidagi xorijiy investitsiyalar ulushining eng kam miqdori esa 30 foizdan 15 foizgacha kamaytirildi.

Yangi farmonga asosan, chet el investitsiyalari ishtirokidagi firmalarning ishtirokchisi sifatida xorijiy yuridik shaxs qatnashishi shartligi to`g`risidagi talab bekor qilindi.

Chet el investitsiyalari ishtirokidagi firmalarni davlat ro`yxatidan o`tkazish uchun davlat boji miqdori ham uch baravarga kamaytirildi.

        

 


Tanlangan kalimalar: xabarlar , Shavkat Mirziyoyev , Toshkent , O'zbekiston

Aloqador xabarlar