O'zbekistondan xabarlar 19-qism

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 4 may kuni Qozog`iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboev bilan telefon orqali muloqot qildi.

O'zbekistondan xabarlar 19-qism

Shavkat Mirziyoyev va Nursulton Nazarboev o`rtasida telefon muloqoti bo`lib o`tdi.

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 4 may kuni Qozog`iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboev bilan telefon orqali muloqot qildi.

Muloqotda davlat rahbarlari oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida ko`p qirrali O`zbekiston – Qozog`iston hamkorligini yanada kengaytirish va mustahkamlashning dolzarb masalalarini muhokama qildilar.

Siyosiy iroda va bir-birini qo`llab-quvvatlash tufayli O`zbekiston Respublikasi bilan Qozog`iston Respublikasi o`rtasidagi do`stlik, yaxshi qo`shnichilik va strategik sheriklikka asoslangan munosabatlarda mavjud ulkan salohiyat to`liq ro`yobga chiqayotgani katta mamnuniyat bilan ta`kidlandi.

Hamkorlikning erishilgan yuksak darajasi qardosh mamlakatlar va xalqlar sherikligining yorqin namunasi ekani alohida qayd etildi.

Shu ma`noda, qo`shma loyiha va dasturlarni ilgari surishning samarali mexanizmi bo`lgan Ikki tomonlama hamkorlik bo`yicha hukumatlararo qo`shma komissiya faoliyati amaliy natijalar berayotgani ta`kidlandi.

Muloqotda Markaziy Osiyo mamlakatlari o`rtasida yaxshi qo`shnichilik munosabatlarini rivojlantirish masalasiga alohida e`tibor qaratildi.

Joriy yil mart oyida Ostonada bo`lib o`tgan mintaqa davlatlari rahbarlarining birinchi sammiti samarali natijalar bergani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Davlat rahbarlari xalqaro siyosat va mintaqaviy hamkorlikning qator dolzarb masalalari yuzasidan ham fikr almashdilar.

Suhbat yakunida O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog`iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboev qardosh mamlakatlarimiz va xalqlarimiz manfaatlari yo`lida serqirra hamkorlikni kengaytirish hamda ko`p asrlik do`stlik va sheriklik aloqalarini mustahkamlash borasida qat`iy ekanliklarini ta`kidladilar.

         

Buxoroda Abu Ali ibn Sino merosi majmuasi barpo etiladi.

Mazkur majmua 2019 yilning avgust oyiga qadar ishga tushiriladi.

O`zbekiston Hukumatining 2018 yil 3 maydagi farmoyishiga muvofiq, Buxoro viloyatining Peshku tumanidagi Afshona qishlog`ida xalq tabobati markazi, ekobog', hovuz, milliy choyxona, tabiiy giyohlar, dorivorlar, alloma ijodi va tabobatga oid adabiyotlar savdo shoxobchasi, kutubxona hamda zamonaviy mehmonxonani o`z ichiga olgan Abu Ali ibn Sino merosi majmuasi barpo etiladi.

Mazkur majmua mahalliy va xorijiy investorlar mablag`larini jalb etilgan holda 2019 yilning avgust oyiga qadar ishga tushiriladi.

Farmoyish doirasida Buxoro aeroporti va temir yo`l vokzalidan Afshona qishlog`iga xavfsizlikni ta`minlagan holda turistik avtobus, mikroavtobus va taksi xizmatlari tashkil etiladi.

Farmoyishda shuningdek, Abu Ali ibn Sino dovrug`ini jahon miqyosida yanada keng targ`ib qilish bo`yicha muntazam ravishda xorijiy mamlakatlar, ayniqsa buyuk olim haykali o`rnatilgan Frantsiya, Avstriya, Belgiya, Turkiya, Eron va Tojikiston davlatlari delegatsiyalarining O`zbekistonga tashriflarini tashkil etish ham nazarda tutilmoqda.   

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Koreya Respublikasi delegatsiyasini qabul qildi.

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 3 may kuni Koreya Respublikasining Shimol bilan iqtisodiy hamkorlik bo`yicha qo`mitasi raisi Son Yon Gil boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Davlat rahbari mehmonni samimiy qutlar ekan, Janubiy Koreya rahbariyati va xalqini joriy yil 27 aprel kuni Pxanmunjomda Koreyalararo sammit muvaffaqiyatli o`tgani bilan yana bir bor tabrikladi.

Ushbu tarixiy tadbir Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje Inning Shimoliy Koreya bilan munosabatlarni yaxshilash, mintaqada xavfsizlik va barqarorlikni ta`minlash, ishonch muhitini mustahkamlashga qaratilgan «Yangi shimoliy siyosat»ni ro`yobga chiqarish borasidagi qat`iy pozitsiyasi va sa`y-harakatlari tufayli samarali natijalar berayotgani alohida ta`kidlandi.

O`zbekiston Respublikasi bilan Koreya Respublikasi o`rtasidagi strategik sheriklik izchil rivojlanib, ko`p qirrali hamkorlik kengayib borayotgani chuqur mamnuniyat bilan qayd etildi.

Suhbatda mamlakatlarimiz o`rtasida savdo-iqtisodiy, moliyaviy-investitsiyaviy, innovatsiya va gumanitar, jumladan, ta`lim va sog`liqni saqlash sohalaridagi o`zaro manfaatli hamkorlikni yanada mustahkamlash istiqbollari muhokama qilindi.

Shuningdek, xalqaro siyosat va mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Son Yon Gil davlatimiz rahbariga samimiy qabul va tabrik uchun minnatdorlik bildirib, Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje Inning salomi va ezgu tilaklarini etkazdi.

Son Yon Gil Koreya Respublikasi bepoyon mintaqaning tinchligi, barqarorligi va izchil taraqqiyoti yo`lida O`zbekiston Respublikasi bilan keng ko`lamli va ko`p formatli sheriklikni yanada kengaytirish va mustahkamlashdan manfaatdor ekanini ta`kidladi.

          O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog`iston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o`rinbosarini qabul qildi.

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 4 may kuni tashrif bilan mamlakatimizda bo`lib turgan Qozog`iston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o`rinbosari, Ikki tomonlama hamkorlik bo`yicha hukumatlararo qo`shma komissiya hamraisi Asqar Maminni qabul qildi.

Bu xaqda O'zbekiston Prezindenti matbuot xizmati xabar qildi.

Shavkat Mirziyoyev mehmonni qutlar ekan, O`zbekiston – Qozog`iston hukumatlararo komissiyasi samarali faoliyat ko`rsatayotgani va amaliy natijalar berayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.

Uchrashuvda Shavkat Mirziyoyev, savdo-iqtisodiy, investitsiya, transport - kommunikatsiya, gumanitar va boshqa sohalarda o`zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish, istiqbolli loyiha va dasturlarni birgalikda amalga oshirish muhim ekanini ta`kidladi.

O`z navbatida, Asqar Mamin Shavkat Mirziyoyevga samimiy qabul uchun chuqur minnatdorlik bildirib, Qozog`iston oliy darajada erishilgan kelishuvlarning so`zsiz va o`z vaqtida ijrosini ta`minlash maqsadida qardosh mamlakatlar o`rtasidagi keng ko`lamli sheriklikni yanada rivojlantirish va mustahkamlashga tayyor ekanini qayd etdi.

         

 


Tanlangan kalimalar: Qabul , Muloqot , O'zbekiston

Aloqador xabarlar