O'zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiya prezidenti R.T.Erdo'g'an bilan muloqot qildi

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Tayyib Erdo'g'anni davlat tashrifi bilan O’zbekistonga taklif qildi.

O'zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiya prezidenti R.T.Erdo'g'an bilan muloqot qildi

Kecha, 7 fevral kuni O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Tayyib Erdo'g'an bilan telefon orqali muloqot o’tkazdi.

Suhbat chog'ida ikki davlat rahbarlari tomonidan 2017 yilning oktyabr oyida Turkiya Respublikasiga amalga oshirilgan oliy darajadagi samarali tashrif ko'p qirrali va o'zaro manfaatli o'zbek-turk hamkorligini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqqanligi mamnuniyat bilan qayd etildi.

Ushbu tarixiy tashrif yakunlari bo'yicha erishilgan aniq kelishuv va imzolangan bitimlarning bajarilishi, jumladan savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, texnologik, bank-moliya, transport, turizm va boshqa muhim sohalardagi yirik qo'shma loyihalarni tayyorlash hamda amalga oshirish masalalari atroflicha ko'rib chiqildi.

Mazkur kelishuvlarni hayotga to'liq va muddatida tatbiq etish, muhim loyihalarni jadallashtirish maqsadida ikki mamlakat hukumatlari o'rtasida muntazam ravishda muloqotlar olib borilishi va uchrashuvlar o'tkazilishi yuzasidan kelishib olindi.

Shunigdek, Rajab Tayyib Erdo'g'an O'zbekistonda Turkiya fuqarolari uchun 30 kun muddatga vizasiz rejim joriy etish bo'yicha qaror qabul qilinganini yuqori baholab, Shavkat Mirziyoyevga samimiy minnatdorligini bildirdi.

O'zbekiston Prezidenti mazkur qaror oliy darajadagi uchrashuvlar doirasida erishilgan kelishuvlarning amaliy natijasi ekanini alohida qayd etdi. Bunday qarorning qabul qilinishi savdo-iqtisodiy, investitsiya va turizm sohalarida yangi imkoniyatlar yaratishga xizmat qilishi va eng asosiysi, qardosh xalqlar o'rtasidagi do'stlik rishtalarini yanada mustahkamlab, Turkiya fuqarolarining O'zbekistonga tashrif buyurishlari uchun keng yo'l ochib berishi ta’kidlandi.

Suhbat davomida xalqaro va boshqa dolzarb masalalar muhokama qilindi.

Shavkat Mirziyoyev mintaqada tinchlik, osoyishtalik va barqaror taraqqiyotni ta`minlash maqsadida joriy yil mart oyida Toshkent shahrida o'tkazilishi rejalashtirilayotgan Afg'onistonda tinchlikka erishish bo'yicha xalqaro konferensiyaga Turkiya Respublikasi delegatsiyasini taklif etdi.

O'z navbatida, Rajab Tayyib Erdo'g'an ushbu tashabbusni yuksak baholab, uni amalga oshirishni to'liq qo'llab-quvvatlashi hamda mazkur tadbirda Turkiyadan yuqori darajadagi vakillar ishtirok etishini bildirdi.

Muloqot so'ngida ikki davlat rahbarlari O'zbekiston va Turkiya o'rtasidagi azaliy do'stlik va qardoshlik aloqalari hamda an’anaviy yaqin hamkorlikni har tomonlama rivojlantirish va mustahkamlashga tayyor ekanliklarini yana bir bor tasdiqlashdi.

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Tayyib Erdo'g'anni davlat tashrifi bilan O’zbekistonga taklif qildi.



Aloqador xabarlar