Turk olamidan xabarlar 46-qism

O’zbekistondagi yirik masjidlarda azon ovoz kuchaytirgichlar orqali aytila boshladi.

847222
Turk olamidan xabarlar 46-qism

 

Birinchi xabarimiz Ozarbayjondan olingan.

Kuni kecha Adana shahar hokimiyati raisi va Chukurova hokimiyatlar ittifoqi rahbari Husayin So’zlu boshchiligidagi delegatsiya Ozarbayjonda bo’ldi.

Delegatsiya a’zolari Ozarbayjon shahar hokimiyatlari ittifoqi vakillari bilan bir qator uchrashuvlarni amalga oshirdilar.

Ozarbayjon shahar hokimiyatlari ittifoqi rahbari Temraz Tagiyev uchrashuv chog’ida, Ozarbayjon doimo qardosh Turkiyaning qo’llab quvvatlovidan bahramand bo’lib kelganini aytib o’tdi.

Turkiya delegatsiyasi rahbari Husayin So’zlu ham Ozarbayjon kundan kunga rivojlanib, kelajakka tomon mustahkam ravishda olg’a qadam tashlayotganini tilga oldi.

“Turkiyaning kuchi Ozarbayjonniki, Ozarbayjonning kuchi esa Turkiyaning kuchidir. Poydevorimizni yana ham mustahkam qilib qurishga majburmiz. Agar tijoratimizni pasaytirsak, madaniy aloqalarimizni yana ham rivojlantirmasak, o’rtadagi hamkorlik behuda bo’ladi”,-deydi Turkiya delegatsiyasi rahbari Husayin So’zlu.

Suhbat ortidan Chukurova hokimiyatlar ittifoqi bilan Ozarbayjon shahar hokimiyatlari ittifoqi o’rtasida hamkorlik protokoli imzolandi.

 

Navbatdagi xabarimiz Turkiyada tahsil olayotgan turkman yoshlarni yaqindan qiziqtiradi.

Turkmanistonning Turkiyadagi favqulodda va muxtor elchisi Ishankuli Amanliyev Karabuk universitetida tahsil olayotgan turkman yoshlar bilan uchrashdi.

Elchi Amanliyev Karabuk universiteti Teologiya fakultetining konferensiya zalida turkman talabalarga hitob qildi.

U turkmanistonlik talabalar bilan Turkiyada uchrashib turganidan baxtiyor ekanligini tilga oldi.

Karabuk universiteti zamonaviy va sifatli ta’lim dargohlaridan biri ekanini ma’lum qilgan Amanliyev: “Bu yerga kelishimizdan maqsad, avvalo siz bilan uchrashish, prezidentlarimiz tomonidan yuritilayotgan davlat siyosati haqida ma’lumot berish va Karabuk universitetidagi sharoitlar bilan tanishishdir. Qolaversa, bu yerda tahsil olayotgan turkman yoshlarning muammolarini o’rganish va ularga maslahatlar berish uchun keldik”,-dedi.

Amanliyev turkman yoshlar bilan suhbati chog’ida, ularni Turkmaniston mustaqilligining 26 yilligi bilan tabrikladi.

Uchrashuvda Karabuk universiteti rektori o’rinbosari prof.Dr Ali Gunesh ham ishtirok etdi.

U suhbat chog’ida Karabuk universitetida jami 358 nafar turkman talaba tahsil olayotganini ma’lum qildi.

“Turkmanistonlik yoshlarning bu yerga kelib tahsil olganidan juda hursandman. Do’stlik va qardoshligimiz nafaqat ta’lim sohasida, balki ulkan hamkorliklarga ham yelkan ochadi degan umiddaman”,-deydi Karabuk universiteti rektori o’rinbosari prof.Dr Ali Gunesh.

 

Dasturimizni O’zbekistondan olingan xabar bilan yakunlamoqchimiz.

O’zbekistondagi yirik masjidlarda azon ovoz kuchaytirgichlar orqali aytila boshladi.

Toshkentdan olingan xabarlarga ko‘ra, hozircha azon ovozi masjiddan 300-500 metr nariga eshitilmoqda, ammo namozxonlar tez orada ovozni baralla ko‘tarishga ruxsat berilishi kutilayotganini aytmoqda.

Ovoz kuchaytirgichlardan foydalanish noyabr oyining boshlarida boshlangan.

26 oktyabr kuni O’zbekistondagi din ulamolari ishtirokida poytaxt Toshkentda bo’lib o’tgan majlisda azonning ovoz kuchaytirgichlar orqali aytilishi to’g’risida taklif kiritilgandi. Bu taklif bir ovozdan qabul qilindi va O‘zbekistonning turli viloyatlarida, jumladan, Andijon, Farg‘ona va Toshkent shahrida joylashgan ba’zi masjidlarda azon ovoz kuchaytirgichlar orqali chaqirila boshladi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi ushbu mavzu haqida ma’lumot bermadi, lekin mahalliy matbuotda yoritilgan xabarlarda “Toshkentdagi  “Minor” masjidida xufton namozi uchun ovoz kuchaytirgichlar orqali azon aytilgan. “Odamlar azon tovushini uzoqdan turib ham eshitgan. Bu kabi xabarlar Toshkentning Chilonzor, Sergeli tumanlaridan ham kelmoqda”,-degan ma’lumotlar o’rin olmoqda.

Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, hozir O‘zbekistonda 2 ming 37 ta masjid bor. Ularda jami 5 mingdan ortiq imom va imom noiblari ishlamoqda.

Aslida, shu yilning Ramazon oyida Toshkentdagi qator markaziy masjidlarida azon chaqirilganda, Taroveh namozlari o‘qilganda va "Qur’on" tilovat qilinganda ovoz kuchaytirgichlardan foydalanilgani kuzatilgan edi.​

O‘zbekistonda so‘nggi 10 yilga yaqin muddat davomida azonni ovoz kuchaytirgichlar orqali aytish ta’qiqlangan va bunga boshqa din vakillarining e’tirozi sabab bo‘lgani aytib kelingan.

Shu kunga qadar bu masjidlarda azon faqat ichkarida, namozga kelgan qavmga eshitilar darajada aytib kelingan edi.

                    

 



Aloqador xabarlar