O’zbekistondan Xabarlar 23-qism

O'zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev Tojikiston, Qozog`iston, Belarus va Turkmaniston hukumatlari rahbarlarini qabul qildi.

O’zbekistondan Xabarlar 23-qism

 

Toshkentdagi "O`zbekiston" xalqaro anjumanlar saroyida 3 noyabr kuni Mustaqil Davlatlar Hamdo`stligi Hukumat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisi bo`lib o`tdi.

Majlis hukumatlar rahbarlarining tor doiradagi uchrashuvi bilan boshlandi. Unda Armaniston Bosh vaziri Karen Karapetyan, Belarus Bosh vaziri Andrey Kobyakov, Qozog`iston Bosh vaziri Bakitjan Sagintaev, Qirg`iziston Bosh vaziri Sapar Isoqov, Rossiya Hukumati raisi Dmitriy Medvedev, Tojikiston Bosh vaziri Qohir Rasulzoda, O`zbekiston Bosh vaziri Abdulla Oripov, Ozarbayjon Bosh vazirining birinchi o`rinbosari Yoqub Eyubov, Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisi o`rinbosari Esenmurat Orazgeldiev, Moldovaning tashkilotdagi muxtor vakili Viktor Sorogan ishtirok etdi.

Majlisda Mustaqil Davlatlar Hamdo`stligi Ijroiya qo`mitasi raisi Sergey Lebedev ham qatnashdi. Hukumat rahbarlari Hamdo`stlik mamlakatlari o`rtasidagi o`zaro aloqalarning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashdi.

Toshkentda birinchi marta o`tkazilgan Mustaqil Davlatlar Hamdo`stligi Hukumat rahbarlari kengashining majlisida a`zo davlatlar o`rtasida savdo-iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirishga doir 20 ga yaqin masala ko`rib chiqildi.

Majlisda Mustaqil Davlatlar Hamdo`stligi doirasida terrorizm, ekstremizm, shuningdek, ularni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo`yicha a`zo davlatlar o`rtasida ma`lumot almashinuvini yo`lga qo`yish masalalari muhokama etildi.

O`zaro ishonch va ishchanlik ruhida o`tgan muzokaralar so`nggida 2020 yilda Mustaqil Davlatlar Hamdo`stligiga a`zo davlatlarda aholini ro`yxatga olishga tayyorgarlik ko`rish, Mustaqil Davlatlar Hamdo`stligiga a`zo davlatlarda tibbiy-ijtimoiy yordamni yanada rivojlantirish, urush faxriylari va ularning oila a`zolari turmush darajasini yuksaltirish hamda boshqa qator masalalar bo`yicha qarorlar qabul qilindi.

Ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda majlis samarali bo`lgani, imzolangan hujjatlar Mustaqil Davlatlar Hamdo`stligi mamlakatlari o`rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qilishi ta`kidlandi.

Hukumat rahbarlari Mustaqil Davlatlar Hamdo`stligi Ҳukumat rahbarlari kengashining majlisi yuksak saviyada tashkil qilinganini yakdil e`tirof etib, samimiy mehmondo`stlik uchun O`zbekiston Respublikasiga minnatdorlik bildirdi.

Hukumat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisini 2018 yil iyun oyida Tojikiston Respublikasida o`tkazishga kelishib olindi.

 

Shavkat Mirziyoev Tojikiston, Qozog`iston, Belarus va Turkmaniston hukumatlari rahbarlarini qabul qildi.

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 2 noyabr kuni Mustaqil Davlatlar Hamdo`stligi hukumat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisida ishtirok etish uchun mamlakatga kelgan Tojikiston Respublikasi Bosh vaziri Qohir Rasulzoda, Qozog`iston Respublikasi Bosh vaziri Bakitjan Sagintaev, Belarus Respublikasi Bosh vaziri Andrey Kobyakov va Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisi o`rinbosari Esenmurat Orazgeldiev bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o`tkazdi.

Tojikiston Respublikasi Bosh vaziri Qohir Rasulzoda bilan uchrashuvda konstruktiv va samarali hamkorlikni rivojlantirishdan ikki tomon ham manfaatdor ekani haqida so`z yuritildi.

Mirziyoev, O`zbekiston bilan Tojikiston o`rtasidagi an`anaviy yaqin do`stlik munosabatlarini mustahkamlashga qaratilgan aniq loyiha va dasturlarni amalga oshirish uchun hukumatlararo komissiya salohiyatidan samarali foydalanish muhimligini alohida ta`kidladi.

Qozog`iston Bosh vaziri Bakitjan Sagintaev bilan uchrashuvda oliy darajadagi o`zaro tashriflar chog`ida erishilgan kelishuvlar va imzolangan hujjatlarni izchil amalga oshirish masalalari ko`rib chiqildi.

Savdo, investitsiya, energetika, transport va boshqa ustuvor yo`nalishlardagi hamkorlikni rivojlantirish muhimligi ta`kidlandi. Ikki davlat hududlari o`rtasidagi va ishbilarmon doiralari darajasidagi faol aloqalarni davom ettirishga alohida e`tibor qaratildi.

Belarus Bosh vaziri Andrey Kobyakov bilan uchrashuvda O`zbekiston – Belarus munosabatlari rivojidagi ijobiy sur`at mamnuniyat bilan qayd etildi.

Qisqa vaqt mobaynida mashinasozlik sohasi, agrosanoat majmuasi, oziq-ovqat, farmatsevtika va boshqa tarmoqlarda qo`shma loyihalar amalga oshirildi.

Tomonlar hamkorlikning mavjud salmoqli salohiyatini, avvalambor, iqtisodiyotning real sektoridagi kooperatsiya imkoniyatlarini to`la ishga solishdan manfaatdor ekani qayd etildi.

Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi Raisi o`rinbosari Esenmurat Orazgeldiev bilan uchrashuv chog`ida Turkmanistonga oliy darajadagi tashriflar va davlat rahbarlarining muntazam muloqotlari O`zbekiston – Turkmaniston munosabatlarini strategik sheriklik bosqichiga ko`targani ta`kidlandi.

O`zbekiston bilan Turkmaniston o`rtasidagi savdo-iqtisodiy va transport-kommunikatsiya sohalaridagi hamkorlik, sanoat va qishloq xo`jaligidagi kooperatsiyani rivojlantirish istiqbollari ko`rib chiqildi.

Tojikiston, Qozog`iston, Belarus va Turkmaniston hukumatlari rahbarlari O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoevga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirdi va o`z davlatlari rahbarlarining ezgu tilaklarini etkazdi.

      

Turk Xavo Yo'llarining sobiq vitse-prezidenti O'zbekiston havo yo`llarida ish boshladi.

Turkiyalik mutaxassis O'rxan Sivrikaya "O'zbekiston Xavo Yo'llari" Milliy aviakompaniyasining strategik rivojlanish bo`yicha maslahatchisi lavozimini egalladi.

Bu haqda O`zbekiston Xavo Yo'llari axborot xizmati xabar berdi.

Xabarda aytilishicha, fuqaro aviatsiyasi bo`yicha turkiyalik maslahatchini jalb qilish masalasi oktyabr oyida O`zbekiston prezidenti boshchiligidagi delegatsiyaning Turkiyaga tashrifi chog`ida ko`rib chiqilgan edi.

Xabarda aytilishicha, O'rxan Sivrikaya 6 noyabrdan "O`zbekiston Xavo yo`llari"da ish faoliyatini boshladi.

Turkiyalik mutaxassis, aviakompaniya rivojlanish strategiyasini ishlab chiqish, reyslar jadvalini muvofiqlashtirish va samolyotlar parkini rejalashtirish, marketing va savdo, axborot texnologiyalarini joriy etish masalalari bilan shug`ullanadi.

      

Toshkentda Yevropa Tiklanish va Taraqqiyot banki vakolatxonasi ochildi.

8 noyabr kuni Yevropa Tiklanish va Taraqqiyot bankining O`zbekistondagi vakolatxonasi o`z ish faoliyatini boshladi.

Toshkent shahrida joylashgan O`zbekiston banklar assotsiatsiyasi binosida bo'lib o'tgan tadbirda, O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati raisi birinchisi o`rinbosari Sodiq Safoev hamda Yevropa Tiklanish va Taraqqiyot Bank vitse-prezidenti Filipp Bennet ishtirok etdi.

Yig'ilishda so'z olgan Sodiq Safoev, vakolatxonaning ochilishini tarixiy voqea ekanligini takidlar ekan, tomonlar o'rtasidagi muzokaralar natijasida yarim yil ichida vakolatxona ochilganligini va O'zbekistonga bir necha yuz million dollarlik kredit yo`laklari ochilganligini aytdi.

Bank vitse-prezidenti Filipp Bennet, o'z o'rnida O`zbekiston hukumatiga o'z minnatdorchiligini bildirib, muassasa faoliyati moliyaviy ko`mak berish bilan cheklanib qolmasligini aytib o`tdi.

Bennet, O`zbekistonda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish bo`yicha strategik loyihalarni qo`llab-quvvatlashga tayyor ekanini ta`kidladi.

Bennett shuningdek, kelgusi yil mart oyida bank Direktorlar ijroiya kengashi a`zolarining Toshkentga tashrif buyurishi rejalashtirilganini ma'lum qildi.

Tadbir doirasida, Yevropa Tiklanish va Taraqqiyot bankining O'zbekistonga umumiy qiymati 120 million dollarga teng kredit ajratishi bilan bog'liq shartnomalar imzolandi.

        

 


Tanlangan kalimalar: Shavkat Mirziyoyev , Tojikiston , O'zbekiston

Aloqador xabarlar