Turk olamidan xabarlar 44-qism

Turkmaniston 27 oktyabr kuni mustaqilligining 26 yilligini keng nishonladi.

Turk olamidan xabarlar 44-qism

         

     

Birinchi xabarimiz Turkmanistondan olingan.

Turkmaniston 27 oktyabr kuni mustaqilligining 26 yilligini keng nishonladi. 1991 yilning 27 oktyabr kuni mustaqillikka erishgan Turkmaniston o’tgan 26 yillik vaqt mobaynida katta rivojlanishni qo’lga kiritdi.

1995 yilning 12 dekabrida Turkmanistonning doimiy betaraflik maqomi tan olingani to'g'risida BMT Bosh Assambleyasining rezolyutsiyasi qabul qilindi.

BMT bilan hamkorlikda olib borilayotgan faoliyatlarda asosan qo’shni davlat Afg’oniston bilan bog’liq loyihalar diqqatga sazovordir. Turkmanistonning Afg’onistonga gumanitar yordamlardan tashqari, tabiiy gaz, elektr energiyasi kabi kundalik hayotda zarur bo’lgan ehtiyojlarni ta’minlash xususida ham yordamlari beqiyosdir. Qolaversa, afg’onistonlik turkmanlarning ta’lim olishi uchun ularni zarur o’quv qurollari, darsliklar, daftar, kitob, qalam kabi o’quv qurollari bilan ta’minlab keladi. Ulardan yordamini ayamaydi.

Turkmaniston doimiy ijobiy betaraflik maqomiga ega davlat sifatida mintaqaviy tinchlikni ta’minlash, iqtisodiy farovonlik darajasini oshirish va energiya xavfsizligi kabi masalalarda faol ro’l o’ynamoqda. Qo’shni davlatlar bilan yaxshi niyat asosida chuqur hamkorlikka tayangan aloqalarni yo’lga qo’ygan Turkmaniston avvalo, BMT va boshqa ko’plab xalqaro tashkilotlar bilan ham yaqindan hamkorlik qilmoqda.

Biz ham qardosh Turkmaniston mustaqilligining 26 yilligi bilan chin yurakdan tabriklaymiz.

 

Navbatdagi xabarimiz O’zbekistondan olingan.

O’zbekiston tashqi siyosati qo‘shni mamlakatlar bilan munosabati do‘stona, yaqin qo‘shnichilik, o‘zaro manfaatlarni tan olish hamda har qanday masalani hal qilish uchun muloqotga tayyorlik prinsipiga asoslanadi.

27 yillik Islom Karimov davridan keyin prezident etib saylangan Shavkat Mirziyoyev yaxshi qo’shnichilik aloqalarini yo’lga qo’yishi va faol tashqi siyosat olib borishi bilan diqqat jalb etadi.

O’zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev lavozimga tayinlangan kundan beri amalga oshirayotgan islohotlar, diplomatiyadagi ochiqlik siyosati, do’stona qo’shnichilik aloqalarini yo’lga qo’yish tashabbuslari bilan mamlakat tashqi siyosatida yangi davrning boshlanishiga zamin yaratdi.

O’zbekistonni 27 yil boshqargan marhum Islom Karimovdan so’ng, prezident etib saylangan Shavkat Mirziyoyev 2017-2021-yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasini ishlab chiqdi.

Har qanday holatda ham qo‘shni davlatlar bilan til topishish, ular bilan do‘stona munosabatni yo‘lga qo‘yish juda muhim va zarurdir. Bunday ezgu maqsad 2017 — 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida o‘z ifodasini topgan. Ushbu dasturulamal hujjatda xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash, chuqur o‘ylangan, o‘zaro manfaatli va amaliy ruhdagi tashqi siyosat yuritish ustuvor yo‘nalish sifatida belgilangan. Unda davlat mustaqilligi va suverenitetini mustahkamlash, O‘zbekistonning yon-atrofida xavfsizlik, barqarorlik va ahil qo‘shnichilik muhitini, ya’ni “farovonlik kamari”ni shakllantirish, mamlakatning xalqaro nufuzini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilgan.

Prezident etib saylangach, 10 oy ichida jami 13 ta davlatga rasmiy ziyorat amalga oshirgan Mirziyoyev ziyoratlarining aksariyatida tashqi siyosatining asosini tashkil qilganidek, yaxshi aloqalarni yo’lga qo’yish va uni davom ettirishni maqsad qilgan.

Turkmaniston, Qozog’iston, Rossiya, Xitoy, Qirg’iziston kabi qo’shni davlatlar bilan do’stona qo’shnichilik aloqalarini faollashtirgan Mirziyoyev islom davlatlari sammitiga qatnashish uchun Saudiya Arabistoni va BMT bosh assambleyasining sessiyasiga qatnashish uchun AQShga safar qildi.

Mirziyoyev ushbu vaqt mobaynida Qozog’istonga 4 marta, Turkmanistonga 3 marta, Rossiyaga esa 2 marta ziyorat amalga oshirdi.

Tojikistondan tashqari, barcha Markaziy Osiyo mamlakatlariga safar qilgan Mirziyoyev bu davlatlar bilan aloqalarni rivojlantirish maqsadida juda ko’plab o’zaro shartnoma va bitimlar imzoladilar.

Mana o’tgan hafta davlat tashrifi bilan Turkiyada bo’lgan Mirziyoyev 22 dan ortiq muhim shartnoma va bitimlarga imzo qo’ydi. O’zbekiston prezidentining Turkiyaga tashrifi taxminan 20 yil tanaffuzdan so’ng amalga oshirilgan dastlabki ziyorat bo’lishi bilan ham katta ahamiyat kasb etadi.

Turkiya prezidenti Rajap Tayyip Erdog’an ham bundan oldin Xitoy va Qozog’istonda o’tkazilgan nufuzli xalqaro yig’ilishlar doirasida O’zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan bir necha bor uchrashgan edi.

 

Dasturimizni Ozarbayjondan olingan xabar bilan yakunlamoqchimiz.

O’tgan hafta Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev Turkiya prezidenti Rajap Tayyip Erdo’g’anning taklifiga binoan Istanbulga tashrif buyurdi.

Ilhom Aliyev Istanbulda Turkiya rasmiylari bilan uchrashdi, qolaversa dunyoning rivojlanayotgan 8 davlati ishtirokida bo’lib o’tgan sammitda sharafli mehmon sifatida ishtirok etdi.

Aliyev sammitda so’zlagan nutqida Ozarbayjon islom davlatlar o’rtasidagi o’zaro hamjihatlikka alohida ahamiyat berganini aytib o’tdi.

Ma’lumki, 2017 yili Ozarbayjonda “Islom hamjihatlik yili” deb e’lon qilindi. Ayni paytda joriy yilda Ozarbayjonda 54 ta islom davlatidan kelgan 3 mingga yaqin sportchi ishtirokida 4-Islom hamjihatlik o’yinlari amalga oshirildi. Bugungi kunda dunyoda eng katta tahlikalardan birini tashkil qilgan Islomofobiyaga qarshi kurash olib borayotganini ilova qildi.

Eslatib o’tish joizki, dunyoning rivojlanayotgan 8 davlati ya’ni, D-8 guruhiga Turkiya, Eron, Pokiston, Bangladesh, Malayziya, Indoneziya, Misr va Nigeriya davlatlari kiradi.

Guruhda Turkiya va Indoneziya katta yigirmalik ya’ni G-20 guruhiga a’zo bo’lib hisoblanadi. D-8 guruhining maqsadi a’zo davlatlar o’rtasida hamkorlikni rivojlantirish va iqtisodiy-ijtimoiy sohalarda hamkorlikni mustahkamlashtirishdan iborat.



Aloqador xabarlar