Qozog'istonda lotin alifbosiga o'tish jarayoni qizg'in ketmoqda

Qozog'iston prezidenti Nursulton Nazarboyev kirildan lotin alifbosiga o'tish loyihasini amalga oshirish bo'yicha ishchi guruh a’zolari bilan uchrashuv o'tkazdi.

Qozog'istonda lotin alifbosiga o'tish jarayoni qizg'in ketmoqda

Qozog'iston prezidenti Nursulton Nazarboyev kirildan lotin alifbosiga o'tish loyihasini amalga oshirish bo'yicha ishchi guruh a’zolari bilan uchrashuv o'tkazdi.  

Yig'ilishda Nazarboyevga lotin grafikasiga asoslangan qozoq alifbosining yagona standarti loyihasi taqdim etildi.

Bu loyiha jamoatchilik bilan muhokamalar davomida kiritilgan barcha takliflar hisobga olingan holda tayyorlandi.

Yig’ilishda so’zga chiqqan Nazarboyev davlat tili islohoti jamiyat ongini modernizatsiya qilish dasturining muhim masalalaridan biri ekanligini va lotin alifbosiga o’tish tarixiy ahamiyat kasb etganini ta’kidlab o'tdi.

"Dunyoda biror davlat o'zining yangi alifbosini butun xalqi bilan biz kabi muhokama qilmagan. Har bir kishining fikrini bilish biz uchun muhimdir. Prezidentlikka lotin alifbosiga o'tish bilan bog'liq 300 dan ko'proq murojaat kelib tushdi. Quvonarlisi shuki, yoshlar ham bu jarayonni qo'llab-quvvatladi. Ularning qo’llab quvvatlovi bizga jasorat beradi",- deydi Nazarboyev.  

Qozog'iston prezidenti ushbu islohot boshqa tillar rivojiga ziyon yetkazmasligi va fuqarolar huquqlarini buzmasligi lozimligini ta’kidlab o'tdi.

Prezidentning aytishicha, kiril alifbosidan lotin alifbosiga o’tish jarayoni rusiyzabon fuqarolarga, rus tili va boshqa tillarda gapirgan fuqarolarga ta’sir ko’rsatmaydi.

Nazarboyev qozoq alifbosiga o’tish jarayonidagi islohotlar boshqa tillarning rivojlanishiga halaqit bermasligini va inson huquqlarini poymol qilmasligi kerakligini ta’kidlab shunday dedi:

"Qozoq tilining lotinchaga o'tishi rusiyzabon fuqarolar, rus tili va boshqa tillar huquqlariga ta’sir qilmasligi kerak. Ayni paytda, rus tilidan ham foydalanish davom etaveradi. Yangi alifboga o'tish qozoq tilini o'rganishni yengillashtiradi", -dedi.

Lotin yozuviga asoslangan yangi qozoq alifbosi islohotlarini tayyorlash jarayoniga ta’lim muassasalari, olimlar va tilshunoslar faol ishtirok etganini tilga olgan Nazarboyev, ushbu islohotni amalga oshirishda jahon tajribasi e’tiborga olinganini ta’kidladi.

Kirildan lotin alifbosiga o’tishga tayyorlangan Qozog’iston 2018 yildan e’tiboran maktablarda darslik kitoblarini lotin alifbosida bosishni maqsad qilmoqda.

Eslatma: Qozog’iston prezidenti Nursulton Nazarboyev 2025 yilga qadar barcha kitoblarni, nashriyot va rasmiy hujjatlarni lotin alifbosida chop etishni rejalashtirganini ma’lum qilgandi.

 

 



Aloqador xabarlar