O'zbekistondan xabarlar 16-qism

O`zbekiston delegatsiyasi Islom Hamkorlik Tashkiloti Ijroiya qo`mitasining tashqi ishlar vazirlari yig`ilishida ishtirok etdi.

O'zbekistondan xabarlar 16-qism

O`zbekiston delegatsiyasi Islom Hamkorlik Tashkiloti Ijroiya qo`mitasining tashqi ishlar vazirlari yig`ilishida ishtirok etdi.

Yig`ilishda Quddusdagi Al-Aqso masjidi atrofidagi vaziyat muhokama qilindi.

1 avgust kuni O`zbekiston Respublikasi delegatsiyasi Turkiyaning İstanbul shahrida bo`lib o`tgan İslom Hamkorlik Tashkiloti Ijroiya qo`mitasining tashqi ishlar vazirlari darajasidagi ochiq favqulodda yig`ilishi ishida ishtirok etdi.

Bu haqda O`zbekiston Tashqi İshlar Vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Xabarda aytilishicha, yig`ilishda Quddusdagi Al - Aqso masjidi atrofidagi vaziyat muhokama qilindi.

Malumki, 14 iyul kuni terrorchilar tomonidan qilingan hujum oqibatida ikki politsiya xodimi o`ldirishiga javoban Isroil hukumati Ibodat tepaligida nazoratni kuchaytirgandi. Metall aniqlagichlar va videokuzatuv tizimining o`rnatilishi musulmon aholi orasida ko`plab noroziliklarga sabab bo`lgandi.

 

O`zbekiston va Rossiya o`rtasida "soddalashtirilgan bojxona yo`lagi" ochildi.

Rossiya va O`zbekiston bojxona xizmatlari ikki davlat o`rtasida o`zaro mahsulot va transport vositalari olib o`tilishi bo`yicha axborot almashinuv borasidagi sinov ishlarini muvaffaqiyatli yakunladi hamda axborot hamkorligini yo`lga qo`ydi.

Bu haqda Rossiya federal bojxona xizmati xabar qildi.

Mazkur hamkorlikdan maqsad "soddalashtirilgan bojxona yo`lagi" loyihasini amalga oshirishdir.

Rossiya va O`zbekiston bojxona xizmatlarining axborot - texnik bo`linmalari qisqa muddatlarda kerakli dasturiy vositalarni ishlab chiqish va sozlash ishlarini amalga oshirdi hamda doimiy asosdagi mustahkam axborot hamkorligini yo`lga qo`ydi.

Loyiha unda ishtirok etuvchilarga ikki mamlakat o`rtasida olib o`tiladigan alohida toifadagi mahsulotlar uchun bojxona operatsiyalarini amalga oshirishda ma`lum bir shartlarga rioya qilgan holda engilliklar beradi.

Ayni vaqtda loyiha qishloq xo`jalik mahsulotlariga nisbatan tatbiq qilingan bo`lib, uning natijalariga qarab mahsulotlar ro`yxati kengayishi mumkin.

Soddalashtirilgan bojxona yo`lagi har ikki davlat bojxona qonunchiligini buzmaydigan tashqi iqtisodiy faoliyat bilan shug`ullanuvchi hamda loyihada ishtirok etish istagida bo`lgan shaxslarga mo`ljallangan.

Rossiya va O`zbekiston bojxona xizmatlari loyihada ishtirok etuvchilar soni va mahsulotlar ro`yxatini kengaytirish orqali uni yanada takomillashtirishni mo`ljallamoqda.

 

Bishkekda O`zbekiston - Qirg`iziston davlat chegarasini delimitatsiya qilish bo`yicha muzokaralar o`tkazildi.

29 iyul kuni Bishkek shahrida O`zbekiston va Qirg`iziston delegatsiyalarining davlat chegarasini delimitatsiya qilish masalalari bo`yicha to`qqiz kun davom etgan navbatdagi muzokaralari yakuniga etdi.

Bu haqda O'zbekiston Tashqi İshlar Vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Muzokaralar chog`ida O`zbekiston - Qirg'iziston chegara chizig`ining pozitsiyalar mos kelgan alohida uchastkalarini bayon qilish borasidagi birgalikdagi ishlar davom ettirildi.

Muzokaralar yakunlariga ko`ra bayonot imzolandi. Uchrashuvlar an`anaviy do`stlik va hamjihatlik ruhida o`tdi.

Qirg`iziston bosh vaziri Sooronbay Jeenbekov O`zbekiston va Qirg`iziston chegara masalalari bo`yicha delegatsiyalari rahbarlari Ilhom Ne`matov va Qurbonboy Iskandarovning davlatlararo chegarani delimitatsiya qilish bo`yicha muzokaralarning borishi to`g`risidagi axborotini tingladi.

O`zbekiston delegatsiyasi rahbari Ilhom Ne`matov Bishkek shahrida mazkur masala yuzasidan Qirg`iziston bosh vaziri o`rinbosari Jenish Razaqov bilan ham uchrashdi.

 

O`zbekiston, Qirg`izistonning O`sh shahrida umumta`lim maktabini quradi.

Shu yilning 28 iyul kuni Bishkek shahrida O`zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Qirg`iziston Respublikasi Hukumati o`rtasida Qirg`iziston Respublikasining O`sh shahrida umumta`lim maktabini qurish to`g`risida Bitim imzolandi.

Bu xaqida, O`zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabar qildi.

Mazkur hujjat O`zbekistonning Bishkekdagi Elchisi va Qirg`iziston Respublikasi Ta`lim va fan vaziri darajasida imzolandi.

Bitimning maqsadi O`zbekiston tomoni mablag`i hisobidan 630 o`rinli umumta`lim maktabini qurish va uni Qirg`iziston tomoniga mulk sifatida beg`araz topshirishdan iborat.

Matbuot xizmati xabarida, mazkur loyihaning amalga oshirilishi tarixan shakllanib kelgan o`zbek va qirg`iz birodar xalqlari o`rtasidagi do`stlik va yaxshi qo`shnichilik munosabatlarini mustahkamlashga hamda ikki davlat o`rtasidagi madaniy - gumanitar sohadagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qilishi takidlandi.

 

O`zbekistonga 6 oy ichida 1 million 125 mingdan ziyod sayyoh keldi.

2017 yilning yanvar - iyun oylarida O`zbekistonga 1 million 125 mingdan ortiq sayyoh tashrif buyurdi.

Bu haqda Davlat turizm qo`mitasi Davlat statistika qo`mitasi ma`lumotlariga asosan xabar berdi.

Davlat statistika qo`mitasi ma`lumotlariga ko`ra, Butunjahon turistik tashkiloti hisob - kitoblari metodologiyasiga ko`ra, O`zbekistonga joriy yilning 6 oyi davomida 1 million 125 ming sayyoh tashrif buyurgan.

Bu raqam, 2016 yilning birinchi yarim yilligidagi ko`rsatkichdan 18 foizga ko`proqni tashkil qiladi.

Xabarda shuningdek, 2017 yilning birinchi yarmida mamlakatdagi turistik xizmatlar eksporti 694 million dollarni tashkil qilganligi takidlandi.

     

 


Tanlangan kalimalar: Yangiliklar , O'zbekiston , Turkiya

Aloqador xabarlar