O'zbekistondan xabarlar 10-qism

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 10 may kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari bo`yicha Oliy komissari Zayd Raad al-Husaynni qabul qildi.

O'zbekistondan xabarlar 10-qism

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 10 may kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari bo`yicha Oliy komissari Zayd Raad al-Husaynni qabul qildi.

Davlat rahbari mehmonni qutlar ekan, O`zbekiston va Birlashgan Millatlar Tashkiloti, ushbu nufuzli universal xalqaro tashkilot institutlari, shu jumladan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari bo`yicha Oliy komissari boshqarmasi o`rtasida amaliy va ochiq muloqotni yanada rivojlantirish va mustahkamlash muhimligini alohida ta`kidladi.

Uchrashuvda, inson huquqlarini har tomonlama himoya qilish mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko`lamli tarkibiy islohotlarning ustuvor yo`nalishi ekani qayd etildi.

Uchrashuvda o`zaro hamkorlikning istiqbolli yo`nalishlari bo`yicha fikr almashildi.

Zayd Raad al-Husayn Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevga samimiy qabul, O`zbekistonda inson huquqlarini himoya qilish masalalariga yuksak e`tibor qaratilayotgani va bu borada amaliy choralar ko`rilayotgani uchun minnatdorlik bildirdi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari bo`yicha Oliy komissari boshqarmasi O`zbekiston bilan uzoq muddatli va tizimli hamkorlikni rivojlantirishga tayyor ekanini ta`kidladi.

BMT Inson huquqlari bo`yicha oliy komissari Zayd Raad al-Husayn O`zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov bilan uchrashdi.

Suhbat chog`ida O`zbekiston bilan BMT va uning institutlari, jumladan BMT Inson huquqlari bo`yicha oliy komissari boshqarmasi o`rtasidagi munosabatlarning hozirgi holati va istiqbollari muhokama qilindi. Turli shakllardagi hamkorlikni yanada rivojlantirish borasida tomonlarda o`zaro qiziqish mavjudligi qayd etildi.

Malumki, O`zbekistonda inson huquqlarini ta`minlash bo`yicha samarali qonunchilik tizimi yaratilgan bo'lib, O`zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi bilan bir qatorda 16 kodeks va 400 dan ortiq qonunchilik hujjati qabul qilingan, shuningdek O'zbekiston inson huquqlari bo`yicha 70 dan ziyod xalqaro hujjatga, jumladan, Birlashgan Millatlar Tashkilotining o`nta shartnomasiga qo`shilgan.

O'tgan xaftada Ashxobod shahrida "Markaziy Osiyo + Yaponiya" Muloqoti ishtirokchi davlatlari Tashqi ishlar vazirlarining oltinchi kengashi yig'ilishi bo'lib o'tdi.

Kengash yakunlariga ko`ra Qo`shma bayonot hamda transport va logistika sohalarida hamkorlik qilish to`g`risidagi "Yo`l xaritasi" qabul qilindi.

O`zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov boshchiligidagi delegatsiya Ashxobod shahrida "Markaziy Osiyo + Yaponiya" Muloqoti ishtirokchi davlatlari Tashqi ishlar vazirlarining oltinchi kengashi ishida ishtirok etdi.

Bu xaqda O`zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

Forumda O'zbekiston, Qirg`iziston, Qozog`iston, Tojikiston, Turkmaniston va Yaponiya tashqi siyosat idoralari rahbarlari ishtirok etdi.

Yig'ilishda, savdo va investitsiya sohalarida, jumladan qishloq xo`jaligi, transport infratuzilmasi va logistika tarmoqlarida qo`shma loyihalarni amalga oshirishdagi mintaqaviy hamkorlikni jadallashtirish istiqbollari muhokama qilindi. Shuningdek, barqaror rivojlanish, iqlim o`zgarishi, atrof-muhitni muhofaza qilish va madaniy-gumanitar hamkorlikka oid masalalar ham ko`rib chiqildi.

"Markaziy Osiyo + Yaponiya" Muloqoti ishtirokchi davlatlari Tashqi ishlar vazirlari mintaqaviy xavfsizlikni ta`minlash va xalqaro maydonda hamkorlik qilish masalalari yuzasidan ham fikr almashdi. Kengash yakunlariga ko`ra Qo`shma bayonot hamda transport va logistika sohalarida hamkorlik qilish to'g'risidagi "Yo'l xaritasi" qabul qilindi.

Boks bo`yicha Osiyo chempionatida O`zbekistonlik bokschilar mutlaq g`alaba qozonishdi.

O`zbekiston boks terma jamoasi 10 ta oltin medal imkoniyatidan 9 tasini qo`lga kiritib, Osiyoda yangi rekord qayd etdi.

30 aprel - 7 may kunlari Toshkentdagi "O`zbekiston" sport majmuasida boks bo`yicha Osiyo chempionati bo`lib o`tdi.

O`zbekistonlik bokschilarning to`la ustunligida bo'lib o'tgan Osiyo chempionatida O`zbekiston terma jamoasi 10 ta oltin medal imkoniyatidan 9 tasini qo`lga kiritdi.

Osiyo chempionatida 9 ta oltin medal bilan O`zbekiston birinchi, 1 ta oltin, 3 ta kumush va 4 ta bronza bilan Qozog`iston ikkinchi, 2 tadan kumush va bronza medallar bilan Hindiston va  Mo`g`uliston terma jamoalari esa uchinchi o`rinni egallashdi.

Qayd etish lozim, Osiyo chempionatida shu vaqtgacha hech qaysi terma jamoa 9 ta oltin medallarini qo`lga kiritmagan edi. Shu kungacha Osiyo chempionatlarida ikki marta Janubiy Koreya terma jamoasi 8 ta oltin medalga ega bo`lgan edi.

O`zbekiston Osiyo rekordini o`rnatgan holda Germaniyadagi jahon chempionatiga 10 nafar boskchisi bilan boradigan bo`ldi.

Malumki, Jahon chempionati joriy yilning 23 avgust - 4 sentyabr kunlari Germaniyaning Gamburg shahrida bo`lib o`tadi va unda O`zbekiston sharafini 10 nafar bokschi himoya qiladi.     

O`zbekiston va Turkmaniston o`z chegaralarini hamkorlikda rasmiylashtirishga kelishib oldi.

O`zbekiston - Turkmaniston hukumatlararo komissiyasi ishchi guruhi 2017 yil uchun dala tekshiruvlarini o'tkazish bo'yicha ish rejasi borasida kelishib oldi.

O`zbekiston va Turkmaniston hukumatlararo komissiyasining chegaralarni belgilash va rasmiylashtirish bo`yicha muzokaralari bo'lib o'tdi.

Shu yilning 1-5 may kunlari Toshkentda O`zbekiston - Turkmaniston davlat cheralarini delimitizatsiya va demarkatsiya qilish bo`yicha O`zbekiston Respublikasi va Turkmaniston Respublikasi Hukumatlaro komissiyasi qo`shma ishchi guruhlarining navbatdagi yig`ilishi o`tkazildi.

Bu xaqda O'zbekiston Tashqi İshlar Vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Matbuot xizmati xabariga ko`ra, muzokalar yakuni bo`yicha uchrashuv bayonoti imzolandi va 2017 yil dala ishlari rejasi kelishib olindi. Jig`ilishi a`nanaviy do`stona va o`zaro tushunish muhitida bo`lib o`tdi.

"Joriy yil 6-7 mart kunlari Shavkat Mirziyovning Turumanistonga davlat tashrifi chog`ida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida, O`zbekiston-Turkmaniston davlat chegaralarini qonuniy rasmiylashtirish bo`yicha muzokaralar jadal ravishda amalga oshirilmoqda", deyilgan O`zbekiston Tashqi İshlar Vazirligi xabarida.

Malumki, mart oyi oxirida O`zbekiston Turkmaniston hukumatlararo komissiyasi davlat chegaralarini delimitatsiya va demarkatsiya qilish bo`yicha muzokaralarnin qayta boshlagan edi.     

O`zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev o'tgan xaftada mamlakatda ish boshlagan to`qqiz nafar xorij elchilaridan ishonch yorliqlarini qabul qilib oldi.

Xususan, davlat rahbari Mirziyoyev 2-may kuni Evropa Ittifoqining O`zbekistondagi delegatsiyasi rahbari etib tayinlangan Edaurd Stiprays, Qirg`iziston elchisi Doniyor Sidiqov, Frantsiya elchisi Violen de Vilmor, Italiya elchisi  Andrea Bertotstsi, Chexiya elchisi Yaroslava Siro, Yaponiya elchisi Nobuaki Ito, Misr elchisi Amani al-Itr, Turkiya elchisi Axmet Bashar Shen va Saudiya Arabistoni podshohligi elchisi Xisham bin Mishal al-Suveylimdan ishonch yorliqlarini qabul qildi.

Mirziyoyev diplomatik missiyalar rahbarlarini samimiy qutlar ekan, O`zbekiston ushbu davlatlar bilan hamkorlikni izchil rivojlantirishga alohida ahamiyat qaratishini ta`kidladi.

Mirziyoyev Turkiya elchisi Axmet Bashar Shenni O`zbekistonda ish boshlayotgani bilan samimiy tabriklar ekan, Turkiyaning O`zbekiston mustaqilligini birinchilardan bo`lib tan olgan davlat ekanligini, ikki davlat raxbarlarining Samarqandda o`tgan muzokaralari davlatlar o`rtasidagi munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqish jarayonini boshlab berganligini takidladi.

Mirziyoyev, o'zaro savdo hajmini ko`paytirish va istiqbolli investitsiya loyihalarni amalga oshirishda Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo`yicha hukumatlararo komissiya faoliyatiga alohida e`tibor qaratilayotganligini aytar ekan, yaqinda O`zbekiston hukumat delegatsiyasining Turkiyaga tashrifi chog`ida savdo va sarmoyaviy, turizm, transport kommunikatsiyalari, logistika va boshqa sohalarda erishilgan kelishuvlarning o`zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun mustahkam asos bo`lib xizmat qilishiga urg'u berdi. Shavkat Mirziyoyev elchilarni O`zbekistonda ish boshlayotgani bilan samimiy tabriklab, ularning mas`uliyatli faoliyatiga muvaffaqiyat tiladi.

        

 


Tanlangan kalimalar: Turkiya , Aloqalar , Siyosiy , O'zbekiston

Aloqador xabarlar