O'zbekistondan xabarlar 6-qism

Evropa Tiklanish va Taraqqiyot Banki delegatsiyasi uch kunlik tashrif bilan O'zbekistonga keldi.

693622
O'zbekistondan xabarlar 6-qism

Evropa Tiklanish va Taraqqiyot Banki delegatsiyasi uch kunlik tashrif bilan O'zbekistonga keldi.

Evropa Tiklanish va Taraqqiyot Banki prezidenti Suma Chakraborti rahbarligidagi delegatsiya 17 martga qadar O'zbekistonda bo'ladi. Bu haqida bankning matbuot xizmati xabar berdi.

Evropa Tiklanish va Taraqqiyot Banki delegatsiyasi O'zbekistonga tashrifi davomida mamlakat rahbariyati bilan muzokaralar o'tkazadi, shuningdek tomonlar o'rtasidagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qiladi.

Xususan, tomonlar O'zbekiston iqtisodiyotining ishbilarmonlik va raqobatbardoshlikni rivojlantirish sohasidagi hamkorlik, shuningdek sarmoya va texnologiyalarni jalb qilishga doir masalalarini muhokama qilishadi.

"O'zbekiston Markaziy Osiyoning mintaqaviy hamkorlik va iqtisodiy taraqqiyot muvaffaqiyati uchun muhim mamlakat hisoblanadi", - dedi Evropa Tiklanish va Taraqqiyot Banki prezidenti Suma Chakraborti. Chakraborti, O'zbekiston rahbariyati bilan mamlakatda Evropa tiklanish va taraqqiyot banki faoliyatini kengaytirishga doir muzokaralarni sabrsizlik bilan kutayotganini ta'kidladi.

Uning so'zlariga ko'ra, Evropa Tiklanish va Taraqqiyot Banki O'zbekiston bilan mintaqaviy hamkorlik va integratsiya, konsultatsion xizmatlar va kichik hamda o'rta biznes, shuningdek yashil energiya va energosamaradorlikni oshirishga doir loyihalarni moliyalashtirish kabi yo'nalishlar bo'yicha hamkorlikdan manfaatdor.

Malumki, Evropa Tiklanish va Taraqqiyot Banki O'zbekistonda 1993 yildan buyon faoliyat yuritadi. Bank, xozirgi kunga qadar mamlakatga umumiy hisobda 894 million evro sarmoya kiritdi.

           

O'zbekiston va Eron munosabatlarini yanada rivojlantiradi.

13 mart kuni O'zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida Eron Islom Respublikasi Tashqi ishlar vaziri o'rinbosari Ibrohim Rahimpur boshchiligidagi delegatsiya ishtirokida O'zbekiston-Eron vazirliklararo siyosiy maslahatlashuvlarining beshinchi raundi bo'lib o'tdi.

Bu xaqda O'zbekiston Tashqi İshlar Vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

O'zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabariga ko'ra, uchrashuv davomida turli shakllardagi ikki tomonlama hamkorlikning hozirgi holati va istiqboli muhokama qilindi hamda ayrim xalqaro va mintaqaviy masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Uchrashuvda, shuningdek ikki  mamlakat munosabatlarini rivojlantirishda, shuningdek, BMT, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti doirasidagi aloqalarda kuzatilayotgan ijobiy jarayonlarga e'tibor qaratildi.

Uchrashuvda, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsion aloqalarni chuqurlashtirishdan ikki tomon ham manfaatdor ekanligi qayd etildi. Shu nuqtai nazardan O'zbekiston–Turkmaniston–Eron–Ummon mintaqalararo transport koridorini ishga tushirish alohida ahamiyat kasb etishi ta'kidlandi.

Muzokaralar chog'ida vazirliklararo siyosiy maslahatlashuvlarni doimiy asosda o'tkazish ikki tomonlama munosabatlar kun tartibidagi dolzarb masalalarni tizimli ko'rib chiqish, hamkorlikning O'zbekiston va Eron manfaatlariga mos keluvchi yo'nalishlarini birgalikda ishlab chiqish imkonini berishi e'tirof etildi.

Maslahatlashuvlarda Eronning Toshkentdagi elchisi Bahman Og'oroziy Do'rmoniy ham ishtirok etdi.

           

O'zbekiston va Qirg'iziston chegaradosh hududlar o'rtasidagi hamkorlikni yanada chuqurlashtiradi.

O'zbekiston-Qirg'iziston vazirliklararo siyosiy maslahatlashuvlarining navbatdagi raundida o'zaro manfaatli bo'lgan barcha sohalarda aloqalarni rivojlantirish, jumladan ikki davlatning chegaradosh hududlari o'rtasidagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirish va kengaytirishdan tomonlar manfaatdor ekanligi takidlandi.

Shu yilning 13-14-mart kunlari Toshkent shahrida O'zbekiston-Qirg'iziston vazirliklararo siyosiy maslahatlashuvlarining navbatdagi raundi bo'lib o'tdi.

Bu xaqda O'zbekiston Tashqi İshlar Vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Vazirlik matbuot xizmati xabariga ko'ra, Qirg'iziston Respublikasi delegatsiyasiga Tashqi ishlar vaziri birinchi o'rinbosari Dinara Kamolova boshchilik qildi.

Uchrashuvda ikki tomon kun tartibining siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsion, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi dolzarb masalalari hamda xalqaro va mintaqaviy muammolar yuzasidan fikr almashdi.

Uchrashuvda, 2016-yilning 24-dekabr kuni Samarqand shahrida bo'lib o'tgan oliy darajadagi uchrashuv, so'ngra O'zbekiston va Qirg'izistonning chegaradosh viloyatlari rahbarlari, jamoatchilik vakillari ishtirokidagi ikki tomon hukumat delegatsiyalarining o'zaro tashriflari, manfaatdor biznes doiralar o'rtasidagi aloqalar, davlatlararo chegaralarni huquqiy rasmiylashtirish borasida davom etayotgan muzokaralar serqirra O'zbekiston-Qirg'iziston munosabatlarining yangi dinamikasini namoyon etishi qayd etildi.

O'zaro manfaatli bo'lgan barcha sohalarda aloqalarni rivojlantirish, jumladan O'zbekiston va Qirg'izistonning chegaradosh hududlari o'rtasidagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirish va kengaytirishdan tomonlar manfaatdor ekanligi takidlandi.

Maslahatlashuvlar doirasida konsullik masalalari va axborot sohasida hamkorlik qilish bo'yicha guruhlarning uchrashuvlari ham o'tkazildi.

           

O'zbekiston va Qozog'iston zamonaviy tahdidlarga qarshi birgalikda kurashishga kelishib oldi.

10-mart kuni Qozog'iston Respublikasi Prezidentining yordamchisi - Xavfsizlik kengashi kotibi Vladimir Jumakanov boshchiligidagi delegatsiya Toshkentda bo'ldi.

Bu xaqda, O'zbekiston Tashqi İshlar Vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

Tashrif doirasida, ikki davlat huquqni muhofaza qilish idoralari va davlat muassasalari rahbarlari ishtirokida o'tgan muzokaralarda chog'ida barqarorlik va xavfsizlikka raxna soladigan zamonaviy tahdid va xatarlarga, diniy ekstremizm, terrorizm, noqonuniy migratsiya va boshqa xavflarga qarshi kurashish sohasida o'zaro hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama etildi.

Tomonlar o'rtasidagi muzokaralar xalqaro va mintaqaviy xavfsizlikning ko'plab masalalari bo'yicha ikki mamlakat pozitsiyasi bir-biriga mos va o'xshash ekanini tasdiqladi.

Xabar qilinishicha, yuzaga keladigan zamonaviy tahdid va xavflarga birgalikda qarshi turish uchun o'zaro aloqalarni yanada rivojlantirishga doir aniq takliflar ishlab chiqildi.

Muzokaralarda, ikki davlat o'rtasidagi ko'p qirrali munosabatlarni 2013-yilda imzolangan O'zbekiston Respublikasi va Qozog'iston Respublikasi o'rtasida Strategik sheriklik to'g'risidagi shartnoma ruhida yanada rivojlantirishdan manfaatdor ekani ta'kidlandi.

Ikki mamlakatning xavfsizlik sohasidagi o'zaro hamkorligi butun Markaziy Osiyo mintaqasida barqarorlikni mustahkamlash va mintaqaning izchil rivojlanishida muhim ahamiyatga ega ekani qayd etildi.

Jumakanov tadbirni yuksak saviyada tashkil etgani va har ikki tomon uchun dolzarb masalalarni atroflicha muhokama qilish imkoniyati yaratilgani uchun O'zbekiston tomoniga minnatdorlik bildirdi.

           

O'zbekiston Tojikistonga 60 tonna insonparvarlik yordami jo'natdi.

O'zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoev topshirig'iga muvofiq, O'zbekiston hukumati Tojikistonning tog'li hududlarida ro'y bergan katta tog' ko'chkilari oqibatida mamlakat iqtisodiga katta zarar etkazgan, ko'plab insonlarning halok bo'lishiga olib kelgan tabiiy ofatlardan jabrlanganlarga insonparvarlik yordami ko'rsatish haqida qaror qildi.

Bu qarordan kelib chiqib, O'zbekiston hukumati Tojikistonning tog'li hududlarida ro'y bergan katta tog' ko'chkilari oqibatida jabrlanganlarga insonparvarlik yordami yubordi.

Bu xaqda O'zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Vazirlik xabariga ko'ra, qo'shni mamlakat xalqiga yuborilayotgan insonparvarlik yordamining umumiy hajmi qariyb 60 tonnani tashkil etadi.

İnsonparvarlik yordami oziq-ovqat mahsulotlari, dori-darmon va tibbiyot buyumlari, qurilish materiallari, ko'mir, issiq kiyim va birinchi ehtiyoj uchun zarur boshqa tovarlardan iborat.

Insonparvarlik yordamini shakllantirish, uni Tojikistonga etkazish va topshirish ishlarini muvofiqlashtirish vazifasi O'zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligiga yuklatildi.

Vazirlik xabarida, O'zbekistonning Tojikistonga insonparvarlik yordami ko'rsatish to'g'risidagi qarori ikki davlat va xalqlar o'rtasidagi do'stlik va o'zaro qo'llab-quvvatlash an'analarining yana bir amaliy ifodasi ekanligi qayd etildi.

Insonparvarlik yordami ortilgan yuk mashinalari O'zbekiston favqulodda vaziyatlar vazirining birinchi o'rinbosari Komil Oripov boshchiligidagi respublika delegatsiyasi kuzatuvi ostida Tojikistonga yetkazildi.

İnsonparvarlik yordamini Tojikiston favqulodda vaziyatlar qo'mitasi raisi Rustam Nazarzoda boshchiligidagi vazirlik va idoralar vakillari kutib oldi.

           

 


Tanlangan kalimalar: #O'zbekiston , #Yangiliklar , #Turkiya

Aloqador xabarlar