Xalqaro olimpiya qo'mitasi Rossiyani 2018-Qishki Olimpiada o'yinlaridan man qildi

Xalqaro olimpiya qo'mitasi ijro komitetining yozma bayonotida, Rossiya terma jamoasi Pyongchangda o'tadigan qishki Olimpiada o'yinlaridan chetlatilgani qayd etildi.

Xalqaro olimpiya qo'mitasi Rossiyani 2018-Qishki Olimpiada o'yinlaridan man qildi

 

Xalqaro olimpiya qo'mitasi ijro komiteti Rossiyani 2018-Qishki Olimpiada o'yinlaridan man qildi.

Bundan tashqari, Rossiya olimpiya qo'mitasining tashkilotdagi a’zoligi vaqtinchalik to'xtatildi. 

Shveysariyaning Lozanna shahridagi Xalqaro olimpiya qo'mitasi ijro komitetining yozma bayonotida, Rossiya terma jamoasi Pyongchangda o'tadigan qishki Olimpiada o'yinlaridan chetlatilgani qayd etildi.

Doping tekshiruvidan o’tkazilgan rus sportchilarning qishki Olimpiada o'yinlarida faqatgina mustaqil ravishda qatnashishiga ruxsat berildi.

Endi, rossiyalik sportchilar o'z mamlakati bayrog'i ostida Janubiy Koreyadagi musobaqalarda ishtirok etolmaydi.

Ular shaxsiy va jamoaviy musobaqalarda “Olympic Athlete from Russia” (Rossiyadan qatnashgan olimpik atlet) nomi va Olimpiya o'yinlari bayrog'i ostida qatnashadi.

Ularni taqdirlash marosimida esa, Olimpiya o'yinlari madhiyasi yangraydi.

Rossiyadagi tegishli vakillar bunga e’tiroz bildirdi.

Rossiya futbol federatsiyasi boshqaruv kengashi a’zosi va Duma deputati Igor Lebedev Xalqaro olimpiya qo'mitasi ijro komiteti tomonidan berilgan qaror Rossiya uchun haqorat ekanini ilgari surdi.

U bu jarayonda zudlik bilan qishki Olimpiada o'yinlarini boykot qilish tarafdori.

“Bu jarayonda beriladigan eng to’g’ri javob qishki Olimpiada o'yinlarini boykot qilishdir. Bu shaklda Rossiyaning kuchini ko’rsatishimiz mumkin. Olimpiadalarga qatnashishimiz ojizlik ifodasi bo’ladi”,-dedi Igor Lebedev.

Rossiya olimpiada komiteti direktori Aleksandr Jukovning aytishicha, rossiyalik sportchilar ikki yildan beri Xalqaro olimpiya qo'mitasi tomonidan doping tekshiruvidan o’tkazilib kelinmoqda.

“Bu tekshiruvlar natijasida rus atletlarning doping iste’mol qilmagani aniqlandi va rus atletlarning bu davr mobaynida qo’lga kiritgan yutuqlari o’z mehnatining samarasidir”,-dedi Aleksandr Jukov.

Rossiya davlat televideniye va radio korporatsiyasi ma’lum qilishicha, 2018-Qishki Olimpiada o'yinlarida Rossiya terma jamoasi ishtirok etmagan taqdirda, Rossiyada olimpiadalarga doir hech qanday dastur efirga uzatilmaydi.

Eslatma: Xalqaro olimpiya qo'mitasi Rossiya sportchilarini Sochi-2014 Olimpiadasida dopingdan ommaviy tarzda foydalanganlikda aybdor deb topgan va 11 ta medaldan mahrum qilgan edi.



Aloqador xabarlar