Turkiya nazaridan Yaqin Sharq 6-qism

Suriyadagi ichki urushni to’xtatish maqsadida bir tomondan Turk Qurolli kuchlari tomonidan Suriyaning Halab viloyatining Afrin tumanida “Zaytun novdasi” amaliyoti olib borilar ekan ikkinchi tomondan Rossiyaning Sochi shahrida katta yig’ilish bo’lib o’tdi.

Turkiya nazaridan Yaqin Sharq 6-qism

Suriyadagi ichki urushni to’xtatish maqsadida bir tomondan Turk Qurolli kuchlari tomonidan Suriyaning Halab viloyatining Afrin tumanida “Zaytun novdasi” amaliyoti olib borilar ekan ikkinchi tomondan Rossiyaning Sochi shahrida katta yig’ilish bo’lib o’tdi. Dasturimizning o’tkan sonida Afrindagi amaliyot haqida qisqacha ma’lumot bergan edik. Shunday ekan keling dasturimizning bugungi sonida Sochi sammiti haqida so’z qilaylik.

Aziz dasturimiz muxlislari, joriy yilning 29-30-yanvari kunlari 1393 delegatsiya va 30 nazoratchi ishtirokida Rossiyaning Sochi shahrida o’tkazilgan Suriya Milliy muloqat kongressidan maqsad Suriyada siyosiy tinchlik jarayonini boshlatish edi. Kongressning boshida ba’zi muammolarning yuz berganligini aytib o’tishimiz darkor. Shu doirada Sochiga Turkiya orqali borgan idliblik ba’zi muxoliflar Sochi kongressining tinchlik qushi, zaytun novdasi va Bashar al-Asad rejimi bayrog’ini o’z ichiga olgan rasmiy gerbida Asadning bayrog’ining o’rin olishiga e’tiroz bildirib, Sochi aeroportida norozichilik bildirdi. Bayroq muammosi ular xohlagandek hal qilinmagach muxoliflar kongressda ishtirok etishdan bosh tortib Anqaraga qaytar ekan ular nomidan turkiyalik delegatsiyaning ishtirok etganligi ma’lum qilindi. Bu hay’at shu bilan birga Suriyaning sobiq vaqtinchalik hukumat raisi Ahmet Tomaning, Rossiyaning Suriyadagi bombardimonlarini to’xtatishi va bergan va’dalarini bajarmaganligi tufayli kongressda ishtirok etishdan voz kechishi bilan ham kun tartibida o’rin oldi. Ba’zi muxoliflarning kongress zaliga Suriyaning inqilob bayrog’i bilan kirishga harakat qilishiga ham ruslar tomonidan monelik qilindi. Hattoki kongressning ochilish marosimidagi Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning nutqi, “Uchoqlaringiz bizni bombalamoqda” degan ovozlar bilan bo’linib turdi. Asad rejimini qo’llab-quvvatlaganlar esa, “U uchoqlar terroristlarni bombalamoqda. Rus uchoqlari Suriya armiyasini qo’llab-quvvatlaydi” degan so’zlar bilan javob berdi. Bundan tashqari Inqilobiy xalq ozodligi fronti partiyasi lideri va 2013-yili Turkiyaning Hatay viloyatining Reyhanli tumanida roppa-rosa 52 kishining umriga zomin bo’lgan terror hujumi ayblanuvchisi terrorist Mihrach Uralning, Sochi kongressida qalbaki nom bilan ishtirok etishga tasahbbus qilishi muammo tug’dirdi. Buning ortidan Turkiya hay’atining Mihrach Uralning terroristlar va qidirilayotgan terroristlar ro’yhatida o’rin olishini ma’lum qilishi bilan kongress kechikibroq boshladi desak mubolag’a bo’lmaydi. Eng quvonarlisi shundaki bu muammolar kongressning o’z maqsadiga erishishiga boshlang’ich tashkil etishga monelik qilolmadi.

Suriya Milliy Muloqat kongressi ortidan chop etilgan deklaratsiya orqali katta qiziqish bilan kutilgan yo’l xaritasi ham belgilab olindi. Deklaratsiyaning eng muhim natijasi Suriyaning mustaqilligi va hududiy yaxlitligining ta’kidlanishi edi. Bundan tashqari qisqacha qilib aytganda Konstitusiya qo’mitasi va Suriya armiyasining tashkil etilishi, Suriya chegaralarining himoya qilinishi, chet ellik kuchlar va terrorizmga qarshi kurash olib borish, diniy yoki etnik tuzilishi nima bo’lishidan qat’iy nazar butun suriyaliklarning teng huquqliligi, sekulyarizm va Suriya xalqining o’z kelajagini saylov orqali qaror berish masalasi o’rin oldi. Bular orasida eng muhimi konstitutsiya qo’mitasining tashkil etilishi edi. Chunki deklaratsiyada o’rin olgan har bir modda konstitutsiya qo’mitasi tomonidan olib boriladigan faoliyatlar orqali kafolat ostiga olinadi. Konstitutsiya qo’mitasida keng ma’noda muxolifat delegatsiyasi ham o’rin olar ekan qo’mitaning konstitutsiyaviy islohot loyihasi tayyorlashi uchun Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik kengashining 2254 sonli qaroriga muvofiq faoliyat olib borishi haqida kelishib olindi. Eng muhimi yakuniy kelishuv BMT nazorati ostidagi Jeneva jarayonida amalga oshiriladi. Bu yol orqali 3 ta kafil mamlakat BMTning Jenevadagi jarayoni bilan birgalikda faoliyat olib borish istagini ma’lum qilgan bo’ldi. Rossiya Davlat rahbari Vladimir Putinning Suriya masalalari bo’yicha maxsus vakili Aleksandir Lavrentyev ham belgilab o’tkanidek Sochidan olingan natija, BMT nazorati ostidagi Jeneva jarayonini faollashtirish maqsadida foydalanilmoqchi. Uchta kafil mamlakat 150 kishidan tashkil topgan nomzod ro’yhatini Birlashgan Millatlar Tashkilotining Suriya bo’yicha maxsus vakili Staffan de Misturaga taqdim etadi. De Mistura esa o’zi tanlaydigan hay’at ham qo’shilib jami 45-50 kishilik bir guruh tashkil etadi. Bu guruhda Rossiya-Turkiya va Eron nomidan teng sonda a’zo o’rin oladi. Jeneva jarayoni bugungacha hech qanday muvaffaqiyatga erisholmadi. Shunday ekan Sochi kongressi Jeneva jarayoniga bir imkon berdi desak mubolag’a bo’lmaydi. Faqat AQSh, Saudiya Arabistoni tomonidan qo’llab-quvvatlangan Suriya muzokara hay’atining bu kongressda ishtirok etmaganligini hisobga olsak unda ular Jenevaga doxil bo’lganida, konstitutsiya tayyorlanar chog’ida, muammoning Bashar al-Asad bilan yoki Bashar al-Asadsiz hal qilinishi masalasida muammo tug’ilishi mumkin. Agar muammo tug’ilgudek bo’lsa unda Turkiya, Rossiya va Eron, ustimizdagi oyning oxirida Sochining ikkinchi kongressini o’tkazmoqchi ekanliklarini qayd etgan edilar.

Kongressda Turkiya nomidan Tashqi ishlar vaziri maslahatchisi o’rinbosari elchi Sedat O’nal rahbarligidagi delegatsiya ishtirok etdi. Turkiya delegatsiyasi Sochi kongressida tug’ilgan muammolarni hal qilishda muvaffaqiyatli edilar. Turkiya, Suriyada siyosiy jarayonni boshlatish uchun olib boriladigan barcha faoliyatlarning BMT nazorati ostida, rasmiy ravishda yuritilishi kerakligini va saylovlarga tayyorlanishini kerakligini alohida ta’kidladi.

AQShning Jeneva jarayonini qo’llab-quvvatlaganligini va Sochida muxolifat guruhning ishtirok etmaganligidan xursand bo’lganligini aytishimiz mumkin. Chunki hali kongress boshlamay turib AQSh, Saudiya Arabistoni, Misr va Iordaniyaning muammoni alternatif yo’llardan hal qilishga harakat qilganliklari haqida ma’lumot tarqadi. Bunga ko’ra AQSh, Suriyadagi muammoning qisqa vaqt ichida hal qilinishini xohlamayotgandek. Chunki Suriyadagi muammoning siyosiy yo’llardan hal qilinishi degani, AQShning Syuriyadagi o’rnini ham muzokaraga ochadi degan ma’noni anglatadi. AQShning Suriyadagi o’z o’rnini rasmiylashtirish uchun PYD terror tashkiloti bilan hamkorlik qilganligi qayd etilmoqda. AQSh balkim, Suriyadagi Isroil xavfsizligi kafolatga olinmaguncha u yerdan chiqish niyati yo’qdir.  

Bu kongressning eng ahamiyatli tomoni shundaki muammoni Bashar al-Asad bilan yoki Bashar al-Asadsiz hal qilish masalasi oldida, “Suriyaning kelajagiga Suriya xalqi qaror beradi” degan javobdir.

Turkiya va Rossiyaning hamkorligi ikkala mamlakatning ham mintaqadagi kuchiga-kuch qo’shmoqda. Ikkala mamlakat har mavzuda til topisholmasa ham bir-biri manfaatlariga alohida e’tibor bergan holda siyosat olib borishlari AQSh oldida katta yutuqni qo’lga kiritishlariga yo’l ochmoqdadir. AQSh bu bilan Rossiyani jazolantirish maqsadida aqlli sanktsiyalarning darajasini ham orttirmoqda. Kelajakda Afrin amaliyoti ortidan yangi strategiya va hamkorliklarga ham imkon berish ehtimoli bor.  

Aziz dasturimiz muxlislari, Rossiya tadqiqotlari instituti yetakchisi, poytaxt Anqarada joylashgan Yildirim Beyazit nomidagi universitet o’qituvchisi, professor doktor Salih Yilmazning mavzu haqidagi mulohazasini e’tiboringizga havola qildik.

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 



Aloqador xabarlar