Ona diyor obidalari 9- qism

BAHOUDDIN NAQSHBANDIY MAQBARASI

Ona diyor obidalari   9- qism

BAHOUDDIN NAQSHBANDIY MAQBARASI

Shayx Bahouddin Naqshband mozori yonidagi hazira — ansambl (Buxoro viloyati, 16-a.). Mozor Abdulazizxon buyrugʻi bilan tartibga solinib, hazira barpo etilgan va 1544 -1945 yillarda majmuaning eng katta binosi — xonaqoh qurilgan.

Bahouddin Naqshbandiy majmuasi - daxmalar (Daxmai shohon va Baho-uddin daxmasi), maqbara, 2 masjid, saqoxona, hovuz, quduq, minora, Madrasa va Abdulazizxon xonaqohidan iborat. Majmua kichik gumbazli chortoq darvozaxonadan boshlanadi. Darvozadan oʻtgach, oʻngda kichkina masjid, chap to-monda ziyoratchilar uchun turli binolar boʻlganligi maʼlum. Yoʻl davomida chapda xonlar mozori — Daxmai shohon joylashgan. Daxmai shohon toʻgʻri toʻrtburchak tarhli, balandligi 2.5 m, usti kulrang marmar bilan qoplangan. Unda marmar oʻymakorligi, xattotlik sana`tining ajoyib namunalari mavjud. Marmarlarga tokchalar, ustunchalar, sharafalar, sarv surati va boshqa bezaklar oʻyilgan; naqshlar baʼzida yozuvlar bilan aralash uchraydi. 

Daxmai shohondan oʻtgan yoʻlak nafis bezatilgan peshtoqqa olib keladi (peshtoqning ikki tabaqali eshigiga "bagʻdodi" va "guli nav" usulida naqshlar oʻyilgan). Peshtoqning eshigidan oʻtilgach, oʻngda gumbazli maqbara bor (unga kim dafn qilinganligi nomaʼlum). Chapda kiraverishda 6 ustunli (soddagina), oldi ayvonli Mu-zaffarxon masjidi joylashgan. Masjid yoniga 2 ustunli Hakim qushbegi masjidi tushgan (masjid mehrobida ajoyib mujassamotli namoyon bor). Uning janubida naqshdor, shimolida naqshsiz ayvonlar bor. Bahouddin daxmasi marmar qoplangan kattagina murabba tarhli supa boʻlib, atrofi chiroyli marmar panjara bilan oʻralgan. Undan sal nari, shimolda, tomonlari 9,5 m keladigan aylana zinali marmar hovuz, uning shimoliy tomonida kichikroq, koʻrkam chortoq saqoxona bor. Bahouddin daxmasi bilan hovuz oraligʻida quduq, uning yonidagi chiroyli shiypondan qadimda ziyoratchilarga turli shaklli idishlarda "muqaddas" suv ulashilgan.

Haqim qushbegi masjidining shimolida koʻrimsizgina bir minora, undan narida hovlidagi hovuzdan 3 baravar katta boshqa hovuz bor. Hovlining tashqarisi (shimoliy-gʻarbi)da turtburchak supa ustida xonaqoh (eni 37 m, boʻyi 40 m li) qad koʻtargan. Markazida atrofi peshtoq ravokli ayvonlar bilan oʻralgan masjid, uning toʻrida chorzamin uslubida ishlangan qirma naqshli mehrob mavjud. Imoratning har ikki tomonida simmetrik qurilgan ikki qavatli katta-kichik hujralar boʻlgan. Bahouddin Naqshbandiy majmuasiga undan 0,5 km shimoliy-sharqda joylashgan "Qasri Orifon" masjidi ham kiradi; uning yonida pastakkina minora bor. Masjid 3 tarafdan ayvon bilan oʻralgan; shipi naqsh tushirilgan hovuzaklik. Bahouddin Naqshbandiy majmuasi 16-asr meʼmorligining yangicha ansambl tuzishda erishilgan yutuqlaridan namuna boʻlib, qoʻsh binoli simmetrik ansambllardan farq qiladi.

Oʻzbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti Islom Karimov tashabbusi bilan Bahouddin Naqshband tavalludining 675 yilligi oʻtkazilib 1993 yili majmua qayta taʼmirlandi, qoʻshimcha binolar bunyod etildi.



Aloqador xabarlar