Ona diyor obidalari 17- qism

Oʻrta Osiyodagi yirik va noyob meʼmoriy yodgorlik. Xivaning ichki qalʼa (Shahriston) qismi.

796060
Ona diyor obidalari 17- qism

Ichan qalʼa 

Oʻrta Osiyodagi yirik va noyob meʼmoriy yodgorlik. Xivaning ichki qalʼa (Shahriston) qismi. Ichan qala shaharning Dishan qalʼa (tashqi qalʼa) qismidan kungurador devor bilan ajratilgan. U Xiva raboti (Dishan qalʼa)dan baland qoʻrgʻontepaga oʻxshab koʻrinadi. Ichan qalaga 4 darvoza (Bogʻcha darvoza, Polvon darvoza, Tosh darvoza, Ota darvoza)dan kirilgan.

                     Assalomu alaykum, Ona diyor O`zbekistonning tarixiy obidalar   

        shahriga sayoxat etamiz.

Ichan qalʼa  - Xorazm xalq meʼmorligining ajoyib obidalari: madrasa, masjid, saroy va minoralar, asosan, Ichan qalada. Undagi meʼmoriy yodgorliklarning yaratilish tarixi, asosan, 4 davrga taalluqli: birinchisi Xorazmning qadimiy davridan to moʻgʻullar istilosi davriga qadar, bu davrdan Koʻhna arkning gʻarbiy devori, qalʼa devorining shimoliy sharqiy burchagidagi qadim davrga mansub burj va qalʼa devori qoldiqlari saqlanib qolgan. Ikkinchisi Xorazmning 1220 yildagi moʻgʻullar istilosidan keyin tiklanish davri. Bu davrda Sayid Alovuddin maqbarasi va boshqa mahobatli binolar qurilgan. Uchinchi davri 16—17-asrlarga toʻgʻri keladi. Shu paytda (Abulgʻozixon va Asfandiyorxon hukmronlik davri) Ichan qalada Anushaxon hammomi (1657), peshayvonli Oq masjid (1675), Xoʻjamberdibek madrasasi (1688) kabilar bunyod etildi, Koʻhna ark istehkomlari mustaqkamlandi, koʻrinishxona (xonning qabulxonasi) qurildi (1686—1688). Buxoro bilan Eron oʻrtasida Xiva xonligi uchun boshlangan urush natijasida (18-asrning 1-yarmi) Ichan qala va, umuman, Xiva shahri qattiq shikastlandi (Xiva bir qancha vaqt Eronga tobe viloyat boʻlib turdi).

Toʻrtinchi davri 18—20-asrlarni oʻz ichiga oladi. Bu davrda Oʻrta Osiyo mahalliy meʼmorligi anʼanalari asosida masjid, Madrasa, tim va toqilar qurildi. Ota darvozadan Polvon darvozagacha katta yoʻl oʻtkazildi. 18-asr oxirida Juma masjid qayta qurildi va uning yonida baland minora qad koʻtardi. Ichan qalaning haroba devorlari tiklandi, bir qancha imoratlar taʼmir qilindi. 1840 yildan boshlab ikki qavatli Kutlugʻ Murod Inoq madrasasiga qaratib tim va toqilar qurildi. Muhammad Rahimxon (1806—1925), Olloqulixon (1825—1942), Muhammad Aminxon (1845—1955) hukmronligi davrida Ichan qalada qurilish avj oldi. Muhtasham saroy, Madrasa, maqbaralar barpo etildi: Koʻhna arksat saroy qurilishi tugallandi. Yangi va katta Tosh hovli saroyi qurildi. Polvon darvozaga yaqin qoʻrgʻon devorining bir qismi buzilib, oʻrniga Olloqulixon karvon saroyi, madrasasi va timi qurildi, xalq ijodining ajoyib namunasi Pahlavon Mahmud maqbarasi qad koʻtardi. Arab Muhammadxon va Musa Tura madrasalari ham shu davrda yaratildi. Muhammad Aminxon Ichan qalaning gʻarbiy qismiga — Koʻhna ark yoniga Kalpsh minor nomi bilan mashhur boʻlgan minora qurdirdi. Bu minora garchi bitkazilmay qolgan boʻlsada, Ichan qala mujassamotida katta oʻrin tutadi.

Ichan qala qurilishida Xiva meʼmorlari Oʻrta Osiyoda qadimdan qoʻllanib kelgan uslub — inshootlarni roʻparama - roʻpara qurish uslubi (“qoʻsh”)dan foydalanishgan. Mac, Olloqulixon madrasasi bilan Qutlugʻ Murod Inoq madrasasi, Shergʻozixon madrasasi bilan Pahlavon Mahmud maqbarasi shu uslubda qurilgan. Ichan qala meʼmorligining yana bir oʻziga xos xususiyati binolarning alohida ansambl holida qurilganligi. Mas, Juma masjid yonidagi ikkita kichik Madrasa, Muhammad Amin Inoq va Matpanoboy madrasasi hamda Matniyoz devonbegi madrasasi ancha yirik ansambldir. Polvon darvoza oldidagi bir necha masjid va madrasalar, hammom, toqi, karvonsaroy va xon saroyi oʻziga xos ansamblni tashkil etadi. Qutlugʻ Murod Inoq bilan Olloqulixon madrasasi, Tosh hovli bilan Oq masjid oʻrtasidagi maydoncha shu ansamblning mujassamot markazidir.

Ichan qala meʼmoriy yodgorliklari yogʻoch oʻymakorligi, sangtaroshlik, ganchkorlik, sirkor sopol va boshqa rang-barang naqqoshlik bezaklari bilan bezatilgan. Ichan qala ansambli meʼmoriy yodgorlik sifatida muhofazaga olinib, muzeyga aylantirilgan (1961). 1990 yildan Ichan qala Butun jahon yodgorliklari roʻyxatiga kiritilgan.

1997 yilda Xiva shahrining 2500 yilligi munosabati bilan asosiy yoʻnalishlarda joylashgan yodgorliklarni muntazam ravishda taʼmirlash tiklash ishlari olib borildi.

 


Tanlangan kalimalar: #(Shahriston , #Dishan qalʼa , #O'zbeksiton

Aloqador xabarlar