Toshkent haftanomasi 64-qism

Toshkent haftanomasi 64-qism

279794
Toshkent haftanomasi 64-qism

Alisher Navoiy nomidagi O`zbekiston Milliy bog`ida Navro`z bayramiga bag`ishlangan tantanalar bo`lib o`tdi.
21 mart kuni bayramona bezatilgan Alisher Navoiy nomidagi O`zbekiston Milliy bog`ida bo'lib o'tgan tadbirga senatorlar va deputatlar, hukumat a`zolari, fan, madaniyat va san`at namoyandalari, ishlab chiqarish ilg`orlari, tadbirkorlar, tabarruk keksalar, O`zbekistonda faoliyat ko`rsatayotgan xorijiy davlatlar elchixonalari va xalqaro tashkilotlar vakolatxonalarining vakillari qatnashdi.
Bayram tantanalarida O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov qatnashdi.
Tadbirda so'zga chiqqan Prezident Islom Karimov O`zbekiston xalqini Navro`z bayrami bilan tabrikladi.
Prezident Karimov, Navro`zi olamning yana bir betakror xislati borki, u har qaysi uy, har qaysi yurtda, butun er yuzida tinchlik va osoyishtalik bo`lishiga da`vat etadi.
Bu ayyomda turli gina va arazlar unutiladi, urush va janjallar to`xtaydi, murosai madora, ahillik, odamiylik qaror topadi.
Shular haqida gapirganda, Navro`zning bunday o`lmas g`oyalari, ruhi va falsafasi hozirgi kunda tobora kuchayib borayotgan qarama-qarshiliklarni, turli mojaro va urushlarni faqatgina siyosiy va tinchlik yo`li bilan echish kerakligiga da`vat etishini, uni aynan bugungi hayotimizning eng o`tkir, eng dolzarb muammolari bilan uzviy bog`langanini yana bir bor tasdiqlab beradi” deya takidladi.
Navro`z tantanalarida, O`zbekiston xalqining boy madaniyati, turmush tarzi va qadriyatlarini aks ettirgan folklor-etnografik ansambllarning chiqishlari, xalq o`yinlari, raqs va kuy-qo`shiqlar ijro etildi.

O'tgan xaftada Toshkentda O`zbekiston va Belarus respublikalari o`rtasida ikki tomonlama hamkorlik bo`yicha hukumatlararo komissiyaning 4-yig`ilishi bo`lib o`tdi.
Toshkentga tashrif buyurgan Belarus delegatsiyasiga bosh vazir o`rinbosari Mixail Rusiy, O`zbekiston delegatsiyasiga esa tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vaziri Elyor G`aniev boshchilik qildi.
Yig'ilishda tomonlar O`zbekiston va Belarus o`rtasidagi hamkorlikning qishloq xo`jaligi, sanoat, ta`lim, sog`liqni saqlash, fan va texnologiyalar sohasilaridagi taraqqiyoti va istiqbollarini muhokama qildi.
Uchrashuvda shuningdek, bir qator loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish bo`yicha kelishuvga erishildi.
Tashrif doirasida shuningdek, Belarus vazirliklari va firma raxbarlari vakillarining o`zbekistonlik hamkasblari bilan uchrashuvlari bo'lib o'tdi.

O`zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida Evropa tashqi faoliyat xizmatining ma`muriy va moliyaviy masalalar bo`yicha boshqaruvchi direktori bilan uchrashuv o`tkazildi.
Bu xaqida Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Shu yilning 18 mart kuni O`zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida, Toshkentda bo`lib turgan Evropa tashqi faoliyat xizmati ma`muriy va moliyaviy masalalar bo`yicha ijrochi direktori Patrik Entoni Chayld bilan uchrashuv bo`lib o`tdi.
Bo`lib o`tgan suhbat davomida O`zbekiston va Evropa Ittifoqi o`rtasidagi hamkorlik munosabatlarini rivojlantirish istiqbollari muhokama etildi.
Uchrashuvda asosiy e`tibor ikki tomonlama aloqalarni institutlashtirishga qartilgan bo`lib, bundan tashqari kelgusida turli darajada bo`lib o`tadigan uchrashuvlar jadvali ham ko`rib chiqildi.
Uchrashuvda Evropa Ittifoqi Delegatsiyasi rahbari, Elchi Yuriy Shterk ishtirok etdi.

Angren−Pop elektrlashtirilgan temir yo`l liniyasining 40 kilometrida elektrlashtirish ishlari tugatildi.
Bu haqda «O`zbekiston temir yo`llari» Davlat Aktsiyadorlik Tijorat Kompaniyasi matbuot xizmati xabar berdi.
Xabarda ma`lum qilinishicha, 2014 yil dekabr oyining so`nggi kunlarida mazkur qurilishning Angren tomonida qariyib 40 kilometr masofada burg`ulash, portlatish, tuproq ishlari to`liq bajarilib, tunnelning g`arbiy portaligacha po`lat izlar yotqizilgan edi. Navro`z bayrami arafasida esa, umumiy uzunligi 40 kilometrni tashkil etuvchi Angrendan tunnelning g`arbiy portaligacha bo`lgan masofada elektrlashtirish ishlari yakunlangan.
Angrendan tunnelning g`arbiy portaligacha bo`lgan hududda 1174 ta temir hamda temir beton ustunlari, 1058 ta konsol o`rnatildi va 71 ta temir panjarali ko`ndalang to`sinlar montaj qilindi.
Malumki, Angren-Pop temiryo`li qurilishi haqida ilk bor 2013 yilning 26 aprel kuni O`zbekiston Prezidenti İslom Karimov tomonidan Andijon viloyati xalq deputatlari Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida ma`lum qilgandi.
Ushbu loyiha qiymati salkam 2 milliard dollarni tashkil etadi. Mazkur loyixa uchun fevral oyida jahon banki tomonidan loyiha uchun 195 million dollar mablag` ajratilgani ma`lum qilingan edi.
Bu loyiha uchun sarflanadigan mablag`larning asosiy qismi, 1 milliard dollardan ko'prog'i “O`zbekiston temir yo`llari” DATK va O`zbekiston rivojlanish jamg`armasi tomonidan ajratildi. Shuningdek, bu loyiha uchun Xitoyning “Eksimbank” nomli banki 350 million dollar sarmoya kiritdi.
Ma`lumki, ushbu yo`lning loyihaviy uzunligi 125 kilometrga teng bo`lib, qurilish ishlari 2015 yil oxirigacha olib boriladi, 2016 yilda esa unga bog`liq barcha infratuzilmalarning qurilishi yakunlanadi.

O`zbekiston va Turkmaniston prezidentlari ikki davlat hamkorligining istiqbollarini muhokama qilishdi
O`zbekiston Prezidenti Islom Karimov va Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuxamedov o`rtasida telefon orqali so`zlashuv bo`lib o`tdi.
Telefon muloqatida ikki rahbarlari o`zbek va turkman xaqlarini bog`lab turuvchi azaliy do`stlik va qo`shnichilik rishtalariga tayandigan ikki davlat o`rtasidagi munosabatlarning yuqori darajasi va konstruktiv xarakterda ekanligini hamda yildan-yilga yangi mazmun bilan boyib borayotganini ta`kidlab o`tdi.
Suhbat chog`ida prezidentlar O`zbekiston-Turkmaniston hamkorligining asosiy yo`nalishlarining holati va istiqbollarini erishilgan ikki tomonlama kelishuvlar, ikkala davlatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining ustuvor jihatlari va kelajakka rejalar nuqtai nazaridan muhokama qilishdi.
Telefon muloqatida, savdo-iqtisodiy sohada mavjud ulkan salohiyatni hisobga olgan holda kelgusida o`zaro manfaatdor sheriklik uchun qulay imkoniyatlarning mavjudligi ta`kidlab o`tildi.
O`zbekiston va Turkmaniston rahbarlari davlatlararo munosabatlarning gumanitar jixatini ta`kidlab, bu sohada serunum aloqalarning mustahkamlanishi lozimligini aytib o`tildi.
Suhbat davomida o`zaro manfaatlarga ta`sir etuvchi mintaqaviy va xalqaro muammolarning dolzarb masalalari bo`yicha fikr almashildi.
Turkmaniston prezidenti O`zbekiston prezidentiga mart oyi oxirida bo`lib o`tadigan prezidentlik saylovlarini muvaffaqiyatli o`tkazib olishni tiladi.

O`zbekistonda 2015 yilda 57,3 milliard kilovat-soat elektr energiya ishlab chiqarish rejalashtirilmoqda.
Ushbu yilda respublika miqyosida 57,3 milliard kilovat-soat elektr energiya ishlab chiqarilishi rejalashtirilayotgan bo'lsa, ishlab chiqarilgan elektrning 55,8 milliard kilovat-soatini mamlakat ichida iste`mol qilinishi kutilmoqda.
Bunda, iqtisodiyot sohalari ehtiyojlariga qariyb 10,5 milliard kilovat-soat, qolgan iste`molchilar va aholi hisobiga 45,2 milliard kilovat-soat elektr energiya yo`naltiriladi.
O`zbekiston 2015 yilda shuningdek qo'shni Afg`onistonga 1,5 milliard kilovat-soat elektroenergiya eskport qilishni rejalashtirmoqda.
Ushbu prognoz ko`rsatkichlari hukumat Qarori bilan tasdiqlangan.
Malumki, o`tgan yili O`zbekistonda 55 milliard kilovat-soat miqdorida elektr energiyasi ishlab chiqarilgan edi.

O`zbekiston janubiy Koreya banki va EDCF fondi bilan 2 milliard dollarlik loyihalarni amalga oshiradi.
O'tgan xaftada O'zbekiston Tashqi iqtisodiy aloqalar investitsiya va savdo vazirligida Koreya Moliya va strategiya vazirligi xalqaro iqtisodiy masalalar Bosh direktori o`rinbosari jing Syong Xo bilan uchrashuv bo'lib o'tdi.
Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuv chog'ida, tomonlar ikki taraflama savdo-iqtisodiy, moliyaviy, sarmoyaviy va texnik hamkorlik masalalarini muhokama qilishdi.
Bundan tashqari Koreyaning eksport import banki va «EDCF» fondi bilan O`zbekiston Respublikasi vazirliklari va idoralarining o`zaro hamkorligi, shu jumladan iqtisodiyotning turli sohalaridagi ustuvor yo`nalishlarni rivojlantirish, sohalarga zamonaviy texnologiyalarni olib kirishning istiqboldagi rejalari bo`yicha muzokaralar olib borildi.
Ma`lum qilinishicha, bu muzokaralar natijasida 2 milliard dollarlik loyihalarni amalga oshirishga kelishib olindi.
Mazkur mablag`ning 500 million dollarlik qismi «EDCF» fondi tomonidan ajratiladi.


Tanlangan kalimalar:

Aloqador xabarlar